Avestoda ijtimoiylashuv jarayoning dastlabki kurinishlari. “Avesto” eng qadimgi yozma ma`rifiy yodgorlik sifatida. Eramizdan avvalgi minginchi yillarning o`rtalarida eng qadimgi ajdodlarimiz tomonidan qahramonlik mavzusida juda ko`plab afsona va rivoyatlar yaratilgan bo`lib, ular avloddan avlodga og`zaki va yozma ravishda o`tib borgan. Agar ushbu afsonalar zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” asari mundarijasidan o`rin olmaganda edi, biz ular haqida hech qanday ma`lumotga ega bo`lolmagan bo`lardik.
“Avesto” asari kim tomonidan yaratilgani borasida turli qarashlar mavjud bo`lib, mashhur sharqshunos olim E.E. Bertel’sning fikriga ko`ra, ushbu asar 1278 yilda Rayd Zardusht ibn Bahrom ibn Pajdu degan kishi tomonidan yozilgan. Mazkur fikr “Zardushtnoma” dostonida bayon etilgan ayrim fikrlar asosida yuzaga kelgan. Xususan, dostonda Avesto va Zendni Zardusht dunyoga keltirgani, uning tug`ilishi va keyingi hayoti xususidagi ma`lumotlar keltiriladi. Mazkur doston 1760 yil mashhur fransuz olimi Anketil’ Dyu Perron tomonidan avval lotin tili, keyin esa fransuz tiliga tarjima qilingan. Asarni ingliz tiliga Istvix tarjima qilgan. Keyinchalik asarning F.A.Rozenberg tomonidan qilingan fransuzcha tarjimasi ham e`lon qilingandir. Zardusht ibn Bahrom ibn Pajdu dostonda keltirilgan ma`lumotlarni qanday manbalarga asoslanib bayon etganligi haqida ma`lumot yo`q edi. Lekin tadqiqotchilar dostonni yozishda muallifning ikki muhim manba- “Avesto”ning yo`qolib ketgan Chitradat (o`n ikkinchi) va Spent (o`n uchinchi) nusxalaridan foydalanganligini e`tirof etadilar. Lekin “Avesto” tarjimoni Dj. Darmsteter Zardusht birinchi inson Gayomard haqidagi afsonaviy rivoyatning afsonaviy qahramoni bo`lib, xalq fantaziyasining “mevasi”dir, deydi. Afsonada hikoya qilinishicha, u jaholat ramzi sanalgan “ilon” bilan kurashib halok bo`ladi. Undan uch o`g`il qolib, ular uch tabaqa – kohinlar, harbiylar hamda dehqonlar avlodiga asos solganlar. Mavjud manbalar, shuningdek, so`nggi yillarda e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra zardushtiylik Sharq xalqlari sig`ingan qadimgi dinlardan biri sanaladi. Mazkur dinning asoschisi Zardusht (Sariq to`n egasi degan ma`noni anglatadi) bo`lib, din ham uning nomi bilan atalgan. Zardusht taxminan miloddan avvalgi 570 yilda tug`ilgan bo`lib, 77 yoshida, ibodat qilayotgan paytida dushman qohinlaridan biri tomonidan o`ldirilgan. Zardusht o`z davrida ikki xudolik g`oyasini ko`tarib chiqadi. Asta-sekin u payg`ambar darajasiga ko`tariladi va o`zini Axura-Mazda, ya`ni, Oliy Tangri elchisi deya e`lon qiladi. Zardusht dunyoni yaxshilik va yomonlik dunyosi tarzida ikiga bo`ladi. Bu ikki dunyo o`rtasida bir-biriga qarama-qarshi g`oyalar ustuvor bo`lib, ular o`rtasida doimo kurash ketadi. Zardusht tomonidan asoslangan din uning hayotligidayoq ko`plab o`lkalarga yoyiladi. Biroq Zardusht vafot etganidan so`ng zardushtiylik dinining g`oyalari yanada keng yoyila boshlaydi. “Avesto” asari eramizdan avvalgi VI asrning oxiri va IV asrning boshlarida yaratilgan bo`lib, u uzoq davrlar mahsuli sanaladi, davrlar o`tishi bilan qayta-qayta ishlanadi. Asarning to`liq kitob holida shakllanishi eramizdan avvalgi birinchi asrga to`g`ri kelishi barcha manbalarda alohida qayd etiladi. G`arb, rus va o`zbek olimlari mazkur asar mazmunini har tomonlama tahlil etishga harakat qilishgan. Zero, “Avesto” asarida inson shaxsining kamolotga erishishiga oid ma`rifiy fikrlar ma`lum bir tizimda ifoda etilgandir. Mazkur asar g`oyalari orqali qadimgi davrlarda mamlakatimiz hududida yashagan xalqlarning tabiiy, ilmiy, ma`rifiy hamda ijtimoiy qarashlari borasida muhim ma`lumotlarga ega bo`lamiz. «Avesto» diniy xarakterga ega bo`lish bilan birga o`zida falsafiy, siyosiy, filologik, ta`limiy va tarbiyaviy masalalarni ham qamrab olgan asardir. Zardushtning mazkur kitobi bizga qadar ikki nusxada etib kelgan. Mazkur nusxalarning birinchisi - duolar to`plamidan iborat bo`lib, “Vendidat-sede”, ya`ni, “Pok Vendidat” deb ataladi. Ushbu kitobga “Yasna” va “Vispered”lar kiritilgan. Ikkinchi kitobda ham birinchisi kitobdagi kabi “Vendidat”, “Yasna” va “Vispered”lar o`rin olib, unda sharhlar ham beriladi. Izohli tarjima “Zand” (sharh ma`nosida) deb ataladi. Shuning uchun ham asarning sharhli nusxasi “Avesto va Zand” yoki “Zand Avesto” deb nomlangan. Ikkinchi variantiga binoan “Avesto” asari quyidagi qismlardan tashkil topgan: 1. “Vendidat”. Mazkur qism 22 bobdan iborat bo`lib, asosan, Axura Mazda bilan Zardushtning o`rtasida kechgan savol-javobi shaklida yozilgan. U yomon ruhlarni, devlarni engish voqealari, gunohlardan pok bo`lish qoidalari hamda mifologik unsurlarni o`z ichiga oladi. xarakterli jiqati so`z yuritilayotgan qismda devlarga qarshi yaratilgan qonun matni, ya`ni, qonunnoma mazmuni yoritilgan. qonunnomada aytilishicha, yomonlik timsoli bo`lgan devlarga nisbatan nafrat bilan qarash darkor. Axura Mazda yurtda yaxshilik, xayrli ishlarni yuzaga keltirsa, Anhra Manu (Axriman) o`z yurtida yomonlikni qaror toptiradi. 2. “Vispered”. U 24 bobdan iborat bo`lib, ibodat qo`shiqlarini o`z ichiga oladi. 3. “Yasna”. Yasnalar 72 bobdan iborat. Diniy ibodatlarni o`tkazish chog`ida, shuningdek, qurbonlik chiqarish marosimida aytiladigan qo`shiqlar, xudolarga bag`ishlangan madhiyalar va boshqalar yasnalarni tashkil etgan. Ushbu qismning 17 bobi Gotlar deb yuritiladi. Gotlar “Avesto”ning eng qadimgi qismlari sanaladi. 4. Yashtlar. Yashtlar zardushtiylik dinining xudolari va ma`budalari sharafiga aytilgan 22 qo`shiq (gimn)larni o`z ichiga oladi. 5. Kichik Avesto (Xurda Avesto, Xvartak-apastak). quyosh, Oy, Ardvisura, Mitra, olov va boshqa xudo hamda ma`budalar sharafiga bag`ishlangan kichik ibodat (gimn) matnlaridan iborat. Zardushtiylik dinining g`oyalari xususida so`z borganda, ularning to`g`rilik bilan yashash va axloqiy unsurlarga asoslanganligini alohida ta`kidlab o`tish lozim. Inson va uning jamiyatda tutgan o`rniga nisbatan munosabat masalasi “got”lar mazmunida o`z ifodasini topgan. “Avesto” tarbiyaviy manba sifatida katta ahamiyatga ega. Zardusht qadimgi qabilalar a`zolarining diniy e`tiqodlariga aylangan qarashlar mazmunini isloh qilgan. Zardusht ta`limotining ilg`or g`oyalari shundan iboratki, Axura Mazda (qodir iloh) dunyoda mavjud bo`lgan adolat va yaxshilikning ijodkori sanaladi. Anxra Mani (yovuz ruh) barcha yomonliklarni yuzaga keltiradi. “Avesto”ning mazmuni borasida uning bizgacha etib kelgan parchalarda ilgari surilgan qarashlar mohiyatiga asoslanib quyidagi xulosaga kelish mumkin: “Vendidat”ning dastlabki uch bobida xalq hayotida yerning qay darajada ahamiyatga ega ekanligi kuylanadi. Chunonchi, birinchi bobda yovuzlik va adovat hukmron bo`lgan o`lkalar tasniflanar ekan, Axura Mazda Tinchlik va Adolat o`lkasining asoschisi, Anhra Man’yu esa jaholat urug`ini sochuvchi sifatida talqin etiladi. Asarda ana shunday o`lkalardan 16 tasi qayd etib o`tiladi. Xulosa qilib aytganda, “Avesto” asarida insonning barkamol bo`lib etishishida uning so`zi, fikri hamda ishi ezgu bo`lishi va ezgulikning tantanasi uchun xizmat qilishiga katta e`tibor beriladi. Ushbu axloqiy uchlik g`oyasi eng qadimgi davrlardan boshlab kishilik jamiyati taraqqiyotining keyingi bosqichlarida yaratilgan barcha ma`rifiy asarlar mazmunining shakllanishiga asos bo`lgan. Zero, unda insonning inson sifatida ma`naviy va moddiy jihatdan kamol topishi uchun zarur bo`lgan muayyan talablar o`z ifodasini topib, hayot kodeksi sifatida nafaqat Sharq balki G`arb xalqlarining ham muhim ma`naviy merosi bo`lib qoldi. Asarda ifoda etilayotgan masalalarning ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olganligi Zardusht g`oyalarining nazariy va amaliy ahamiyatini oshirib, uning qimmati bugungi kunda ham yuqori bo`lishiga olib kelgan.