2.Tarbiya jarayoni mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari. Tarbiya jarayoni o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Uning muhim xususiyati aniq maqsadga yo‘naltirilganligidir.Zamonaviy talqinda tarbiya jarayoni o‘qituvchi va o‘quvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan samarali hamkorlik jarayoni demakdir. Zero, tarbiya jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning faoliyalari tashkil etiladi, boshqariladi va nazorat qilinadi.
Tarbiya jarayoni ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, ular tarbiya mohiyatini yoritishga xizmat qiluvchi ichki va tashqi (subyektiv va obyektiv) omillar asosida tashkil etiladi. Subyektiv omillar shaxsning ichki ehtiyojlari, qiziqishlari, hayotiy munosabatlarini anglatish, obyektiv omillar esa shaxsning hayot kechirishi, shakllanishi, hayotiy muammolarini ijobiy hal etishi uchun sharoit yaratadi. Tarbiya maqsadi pedagogik faoliyat mazmuni, yo‘nalishi, shakli hamda obyektiv sharoitlar bilan qanchalik mutanosib kelsa, shaxsni shakllantirish borasida shunchalik muvaffaqiyatga erishiladi. Tarbiya jarayonining tashkil etilishi va boshqarilishida nafaqat o‘qituvchi faoliyati, balki o‘quvchining yosh va psixologik xususiyatlari, o‘y-fikrlari, hayotiy qarashlari ham muhim o‘rin tutadi.
Tarbiya jarayonining yana bir xususiyati uning uzoq muddat davom etishidir. Tarbiya natijalari tez sur’atda yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. O‘zida insoniyat sifatlarini namoyon eta olgan shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishda uzoq muddatli davr talab etiladi. Maktab tarbiyasi shaxs ongi, dunyoqarashini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Chunki yoshlik yillarida insonda odob tizimi yuqori darajada ta’sirchan hamda beqaror bo‘ladi. Shu bois tarbiya muvaffaqiyati ayni o‘quvchilik yillarida shaxsga to‘g‘ri tarbiya berish lozimligini taqozo etadi. Tarbiya jarayonining yana bir muhim xususiyati uning uzluksizligi sanaladi. Tarbiya jarayoni o‘quvchilar va o‘qituvchining birgalikdagi uzluksiz, tizimli harakatlari jarayonidir. O‘quvchilarda ijobiy sifatlarni qaror toptirishda yagona maqsad sari yo‘naltirilgan, bir-birini to‘ldiruvchi, boyitib boruvchi, takomillashtiruvchi tarbiyani tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, oila, ta’lim muassasalari va jamoatchilik hamkorligida tashkil etilayotgan tarbiyaviy tadbirlarni uzluksiz o‘tkazilishiga erishish maqsadga muvofiqdir.
Maktab yoshidagi bolani tarbiyalashda maktab yetakchi o‘rin egallasa ham, bolalarga uzluksiz ta’sir o‘tkaza olmaydi. Chunki bolalar ma’lum muddatgina maktab, o‘qituvchining tarbiyaviy ta’siri ostida bo‘lib, qolgan vaqtning asosiy hismini oilada, ko‘chada, jamoat orasida o‘tkazadilar. Kuzgi, qishki, bahorgi va ayniqsa, yozgi ta’til davrlarida o‘quvchilar maktab, o‘qituvchi ta’siridan chetda qoladilar. Demak, maktabda bolalarni tarbiyalash vaqt jihatidan chegaralangan bo‘lib, sinfdan va maktabdan tashqari amalga oshiriladigan tarbiyaviy ishlardan holi vaqtda ular o‘qituvchi yoki tarbiyachining tarbiyaviy ta’siri va nazoratidan uzoqlashadilar.
O‘quvchilarga nisbatan maktab (ta’lim muassasasi)ning ta’sirini susaytirmaslik maqsadida, sinfdan va maktabdan tashqari hamda ta’til davrlarida tarbiyaviy ishlarga alohida e’tibor beriladi.
Ayni vaqtda, respublikada o‘quvchilarning ta’lim-tarbiya muassasalaridan uzoqlashtirmaslik maqsadida qo‘shimcha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. qo‘shimcha ta’lim muassasalarida o‘quvchilar xususiy fanlar va xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari, texnika va badiiy yo‘nalishlar bo‘yicha bilim olishlari, amaliy faoliyat ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari mumkin. qo‘shimcha ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan turli yo‘nalish va mavzulardagi uchrashuv, ko‘rgazma, ko‘rik va suhbatlar o‘quvchilarning tafakkur dunyosini boyitishda, ularda mustahkam xarakter va irodani tarkib toptirishda muhim o‘rin tutadi.
Tarbiya jarayonining yana bir xususiyati uning yaxlit tarzda tizimli tashkil etilishidir. Yaxlitlik shundan iboratki, tarbiya jarayonining maqsadi, mazmuni, vazifalari va metodlarining birligi shaxsni shakllantirish g‘oyasi amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Bizga ma’lumki, shaxs sifatlari navbatma-navbat emas, balki yaxlit tarzda o‘zlashtiriladi. Shu bois pedagogik ta’sir ham yaxlitdir, tizimlilik xarakteriga ega bo‘lishi mumkin.Tarbiya jarayonining yaxlitlik, tizimlilik xususiyati bir qator muhim pedagogik talablarga amal qilishi o‘qituvchi bilan o‘quvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni ehtiyotkorlik bilan qaror toptirishi talab qiladi.Ikki tomonlama aloqa ikki yo‘nalishda, ya’ni, o‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan ko‘rsatadigan ta’siri (to‘g‘ri aloqa) hamda o‘quvchining o‘qituvchiga nisbatan munosabati (teskari aloqa) tarzda tishkil etiladi.
Tarbiyaning pedagogik texnologiyasi nazariyasi g‘oyasiga muvofiq endilikda o‘quvchi tarbiya jarayonining obyektigina bo‘lib qolmasdan, subyektiv sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘qituvchi o‘quvchining ichki imkoniyatlari, unga nisbatan bo‘layotgan tashqi ta’sirlar, axborot manbalarini inobatga olishi zarur. Agarda, mazkur talab unutilsa, shaxsni tarbiyalash qiyinlashadi yoki barcha urinishlar samarasiz yakunlanadi.Mana shundan tarbiya jarayonining yana bir muhim xususiyati – tarbiyada qarama-qarshiliklarning mavjudligi kelib chiqadi. Ushbu qarama-qarshiliklar o‘quvchilarda o‘z tushunchalariga muvofiq paydo bo‘lgan dastlabki sifatlar o‘rtasida yoki o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan ularni bajarish imkoniyatlari o‘rtasida ziddiyatlarning kelib chiqishi uchun zamin yaratadi.
Bundan tashqari, bu qarama-qarshiliklar ko‘pincha bolaning ongi bilan xulqi bir-biriga muvofiq bo‘lmasligidan, o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘quvchilar yosh va shaxsiy psixologik xususiyatlari (fe’l-atvori, xarakteri, qiziqishlari, jismoniy, ruhiy va fiziologik sog‘lomligi)ni yaxshi bilmasligi oqibatida kelib chiqadi.
Demak, tarbiya jarayoni o‘zida quyidagi xususiyatlarni namoyon etidi:
- aniq maqsadga yo‘naltirilgan jarayon;
- ko‘p qirrali jarayon;
- uzoq muddatli jarayon;
- yaxlit tizimlilik jarayon;
- ikki tomonlama aloqa jarayoni;
- qarama-qarshiliklardan iborat jarayon.
Tarbiya mazmunida oldinga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga muvofiq o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar, shaxs xulq-atvori hamda sifatlarining mohiyatini aks ettiradi. Tarbiya mazmuni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, kishilik munosabatlari mohiyati va darajasi shuningdek, jamiyat mafkurasi g‘oyalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Zamonaviy tarbiya mazmunida quyidagi g‘oyalar yotadi:
1.Tarbiya maqsadining aniqligi, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy - siyosiy mustaqilligining dastlabki yillaridayoq respublikada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, tarbiya maqsadi aniq belgilab olingan edi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” gi qonuni g‘oyalariga ko‘ra ijtimoiy tarbiyaning asosiy maqsadi erkin, ijodkor, mustaqil fikr egasi bo‘lgan komil insonni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish yo‘lidagi asosiy vosita bu, shaxsda umumiy madaniyatni tarkib toptirishdir, ya’ni, shaxsning aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, iqtisodiy, ekologik, Huquqiy, mafkuraviy hamda mehnat madaniyatini tarbiyalash kabi tarbiyaning bosh maqsadini amalga oshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutiladi.
2. Bolalar va kattalarning birgalikdagi faoliyati. O‘qituvchining bolalar bilan ma’naviy ma’daniyati eng yaxshi namunasini izlashi, shu asosda tarbiyachi insonning hayotiy meyor va qadriyatlarini ishlab chiqishi o‘quvchini tarbiya jarayonida faolligini ta’minlashga olib keladi. Dunyoqarashi hali to‘la – to‘kis shakllanmagan bolalar uchun kattalarning hayotiy tajribalari hamda ularning shaxsiy namunalari katta tarbiyaviy ta’sirga ega.
3. O‘z-o‘zini anglash. Tarbiya insonda e’tiqod, demokratik qarashlar va hayotiy pozitsiyaning shakllanishiga olib keladi. Tarbiya mazmunining eng muhim jihatlaridan biri – bu insonning hayotida o‘z-o‘zini anglashi inson o‘z shaxsiy hayoti va baxtining subyekti sifatida e’tirof etilishi bilan tavsiflanadi. Inson kamolotida fuqarolik, kasbiy va axloqiy o‘z-o‘zini anglash g‘oyalarga tayanib tarbiyalash muhim ahamiyatga egadir.
4. Tarbiyaning yo‘naltiruvchanligi. Mazkur g‘oya maktab (ta’lim muassasalari) amaliyotining markaziy nuqtasida tarbiyaviy ishlar dasturi, tadbirlari, shakl, metod va vositalari emas, balki o‘quvchi turganligini anglatishga xizmat qiladi. Tarbiya jarayonida uning shaxsiy xususiyatlari, qiziqishlari, o‘ziga xos tavsifi o‘z qadr-qimmatini anglash tuyo‘ulari rivojlantirilib borilishi zarur.
5. Ixtiyoriylik. Tarbiyalanuvchilarning iroda erkinligisiz tarbiya g‘oyalari mohiyatini qaror toptirish mumkin emas. Tarbiya jarayoni, agar u oqilona tashkil etilsa, bir vaqtning o‘zida ham o‘qituvchi va o‘quvchi ma’naviyatining boyitilishiga ham xizmat qiladi. Agar tarbiyachi (o‘qituvchi) o‘quvchining qiziqishi, faoliyati, o‘rtoqlik va fuqarolik burchini anglashi, mustaqillikka intilish tuyo‘ularini ko‘ra va anglay olsagina uning shaxsiga ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilgan faoliyatda samaraga erishadi.
6. Jamoat yo‘nalishi. Tarbiyaviy ishlar mazmunida jamoaga nisbatan ijobiy munosabatni qaror toptirish yotadi. Jamoa yordamida shaxsning har tomonlama taraqqiyoti unda dunyoni anglash va uni to‘laqonli talqin etish, insonparvarlik va hamkorlik tuyo‘ularining yuzaga kelishi va rivojlanib borishi amalga oshiriladi.