Pedagogik ta’sir ko‘rsatish metodikasi bolalarning ijtimoiy-foydali faoliyatini pedagogik jihatdan maqsadga muvofiq tarzda tashkil etish uchun foydalaniladigan vositalar sistemasidan iboratdir. Bu vositalar tarbiyalanuvchi shaxsiga qaratilgan bo‘lib, bolalarning hulq-atvorini rag‘batlantiradi, ularning qiyin va murakkab vazifalarini quvonch ijodiy shavq-zavq manbaiga, har bir tarbiyalanuvchi O‘quvchining shaxsiy muddaolariga aylantiradi.
Pedagogik ta’sir ko‘rsatishning asosiy usullari talab, istiqbol, rag‘batlantirish va jazolash, jamoatchilik fikridir.
Talab — tajribada juda keng tarqalgan usul bo‘lib, ta’lim va tarbiya jarayonida pedagogning tarbiyalanuvchiga shaxsiy munosabatining namoyon bo‘lishi yo‘li bilan u yoki bu xatti-harakatlarning rag‘batlantirilishi yoki to‘xtatilishini ta’minlaydi.
Pedagogik ta’sir ko‘rsatish usuli bo‘lgan talab bilan kollektivni tashkil etish metodi sifatidagi yagona pedagogik talablarni bir-biridan farqlash kerak. Agar yagona pedagogik talablar bolalarning ijtimoiy foydali faoliyatini rag‘batlantirish mazmunini va kollektivni jipslashtirishda pedagoglar bilan bolalarning harakatlari birligiga erishish yo‘llarini ta’minlasa, talab esa hulq-avtor va faoliyat normalarini bolalarning xatti-harakatlari hamda ishlarida amalga oshirish usullaridan iboratdir.
Istiqbol — ta’sir ko‘rsatishning juda ta’sirchan usuli bo‘lib, u bolalarning xatti-harakatlarini ular oldiga maroqli maqsadlar qo‘yish yo‘li ta’minlaydi, bu maqsadlar ularning shaxsiy intilishlari, qiziqish va muddaolariga aylanadi. Bu usul maktab o‘quvchilarida shaxsning eng muhim fazilatlaridan biri bo‘lgan maqsadga intiluvchanlikni rivojlantirishga yordam beradi.
Rag‘batlantirish va jazolash — tarbiyaning eng an’anaviy usuli bo‘lib, bolalar hulq-atvoriga to‘zatish kiritishni, ya’ni foydali xatti-harakatlarni ko‘shimcha rag‘batlantirishni va tarbiyalanuvchilarning nomaqbo‘l xatti-harakatlarini to‘xtatishni ta’minlaydi, bunda ularning huquq burchlarini kengaytirish yoki cheklash, ularga ahloqiy ta’sir ko‘rsatish yo‘lidan foydalaniladi.
Rag‘batlantirish va jazolash metodi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lganligi sababli (bu haqda quyiroqda gap boradi) uni qo‘llanish alohida ehtiyotkorlikni, pedagoglarning sezgirligi va xushmuomalaligini talab qiladi.