Mavzu: Qadimgi olimpiya o‘yinlari. Reja



Yüklə 153,72 Kb.
səhifə1/6
tarix24.12.2023
ölçüsü153,72 Kb.
#193553
  1   2   3   4   5   6
7 Qadimgi olimpiya o‘yinlari.


Mavzu: Qadimgi olimpiya o‘yinlari.
Reja:
1.Qadimgi Gretsiyada Olimpiyao'yinlari vujudga kelishining asosiy sabablari.
2.Qadimgi olimpiya o'yinlarining dasturi va ularning Xususiyatlari.
3.Qadimgi Olimpiya o'yinlarining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy ahamiyati. Qadimgi yunon olimpiya o'yinlarining ta'qiqlanish sabablari.

Mavzuni o‘rganishdan asosiy maqsad – Qadimgi Olimpiya o‘yinlari tarixini chuqur va atroflicha o‘rganish orqali qadimgi Olimpiya o‘yinlari ahamiyatini tushunish.


Nazariy mashg‘ulotlar mazmunida asosiy vazifalar –

  • Qadimgi Olimpiya o‘yinlari xususiyatlarini tahlil qilish;

  • olimpiya sporti tarixi, jahon xalqlarining sport sohasidagi yutuqlari bilan tanishtirish;

  • olimpizmning insonparvarlik qadriyatlari ahamiyatini ifodalash kabi masalalardan iborat.

Mashg‘ulotlarda talabalar va mutaxassislardan - olimpizm tushunchalari va ularning mohiyatini bilish; olimpiya bilimlarini targ‘ibot qilish vositalaridan foydalanish shakllarini o‘rganish; mustaqil fikr yuritish, bilimlarga ijodiy yondoshish talab etiladi.
Olimpiya o‘yinlari tarixini o‘rganish manbalariga:

  • qadimgi Olimpiya o‘yinlariga oid ash’yoviy yodgorliklar va arxeologik topilmalar;

  • olimpiya sportiga doir arxiv materiallari, ilmiy kitoblar va boshqa yozma manbalar;

  • olimpiya sportiga oid tasviriy san’at asarlari, badiiy kitoblar, xalq rivoyatlari va afsonalari, kino, foto, fonomateriallar;

  • turli mamlakatlarda sportning rivojlanishi to‘g‘risidagi amaliy ma’lumotlar, yani sport yutuqlari va sport rekordlari, kiradi.

Yozma manbalarga ko‘ra. qadimgi Olimpiya o‘yinlarining boshlanishi ikki Qadimgi Gretsiya davlatlari – Elida va Sparta o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Qadimgi Olimpiya o‘yinlari. Qadimgi Gretsiyaning Olimpiya shahri Olimpiada o‘yinlarining vatani hisoblanadi. Olimpiya shahri Peloponnes yarim orolining g‘arbiy qismida joylashgan. Qadimgi yunonlar Olimpiya o‘yinlarini buyuk xudolari - qudratli va dono Zevsga bag‘ishlaganlar. Yunonlar oliy iloh Zevsni “yashin chaqnatuvchi”, “bulutlarni haydovchi”, beqiyos qudrat timsoli, “hayot baxsh etuvchi”, “xaloskor” ma’budi sifatida e’zozlaganlar.
Miloddan avvalgi V asrda yunon me’mori Libon loyihasi asosida Olimpiya shahrida Zevs maqbarasi qurilgan. Bu yerda o‘rnatilgan Zevsning juda katta, oltin va fil suyagidan yasalgan haykali dunyodagi yetti mo‘jizaning biri deb tan olingan.
Qadimgi olimpiya o‘yinlarining tarixi to‘rt davrdan iborat bo‘lib, ular Qadimgi Gretsiyaning afsonaviy badiiy merosiga asoslanadi.
Qadimgi olimpiya o‘yinlarining birinchi davri – qahramonlik davri hisoblanib, rivoyatlarga ko‘ra bu musobaqalarda ma’budlar, shohlar, afsonaviy qahramonlar o‘zaro kuch sinashganlar. Gomerning mashhur “Illiada” dostonida Qadimgi Gretsiyada Troya urushining buyuk qahramoni Axilles tashkil etgan o‘yinlarda ot aravalardagi poygalarda Frakiya shohi Diomed, Miken shohi Menelay, Pilos shohi Nestor marraga birinchi bo‘lib yetib kelganlar. Gomer ularni musht jangida teng keladiganlar topilmagan Evrial, kurashda barcha raqiblarining kuragini yerga tekkizgan shoh Ayaks Telamanid, yugurishda Odissey, nayza uloqtirishda yunon qo‘shinlari lashkarboshisi Agamemnon, kamon otishda Odisseyning eng sodiq xizmatkori Evmey va boshqa afsonaviy qahramonlarning fazilatlarini madh etgan.
Qadimgi olimpiya o‘yinlarining ikkinchi – afsonaviy davri Geraklga bag‘ishlab tashkil etilgan umumellin musobaqalari to‘g‘risidagi rivoyatlarga asoslangan.
Qadimgi olimpiya o‘yinlarining uchinchi – yarim afsonaviy davr miloddan avvalgi IX asrga to‘g‘ri kelib, bunda olimpiya o‘yinlari Likurg va Ifit tomonidan tashkil etilganligi to‘g‘risidagi haqiqiy voqealar rivoyatlarda saqlanib kelgan. 1
Qadimgi olimpiya o‘yinlarining to‘rtinchi – qadimgi olimpia o‘yinlarining tarixiy davri. Miloddan avvalgi 776 yilda birinchi qadimgi olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tgan va olimpiya o‘yinlari tog‘risida yozma manbalar topilgan. Bu aniq ma’lumotlarga asoslangan sana Olimpiya o‘yinlari vujudga kelgan yili, deb qabul qilingan.
Qadimgi olimpiya o‘yinlari haqida juda ko‘p afsonalar va rivoyatlar mavjud. Birinchi afsonada xudo Kronos o‘g‘illaridan birining qo‘lidan halok bo‘lishini bashorat qiluvchi tushga ishonib, yangi tug‘ilgan farzandlarini yutib yuborishni boshlagan. Uning rafiqasi Reya navbatdagi yangi tug‘ilgan farzand o‘rniga yo‘rgakka tosh o‘rab, uni berahm otaga beradi. O‘g‘lini esa cho‘ponga berib yuboradi, bola o‘sib-ulg‘ayadi, chaqmoq va momaqaldiroq xudosi qudratli Zevsga aylanadi. Zevs shavqatsiz otasini jangga chaqiradi va g‘alaba qozonadi, shu orqali aka-singillarini qutqaradi, ular keyinchalik xudolarga aylanishadi. Zevs g‘alaba sharafiga musobaqalar o‘tkazishni buyurgan. Bu o‘yinlar o‘tkazilgan joy nomi bilan Olimpiya o‘yinlari deb atalgan.
Yana boshqa afsonaga ko‘ra o‘yinlarni Zevsning o‘g‘li Gerakl tashkil qilgan. Olimpiya o‘yinlari Geraklning eng shavkatli g‘alabalaridan biriga bag‘ishlangan. Gerakl yugurish masofasini belgilab bergan va u 600 ta oyoq qadamiga (192m 27sm) to‘g‘ri kelgan.
Qadimgi Gretsiyada bu o‘lchov «stadiy» deb yuritilgan, shundan «stadion» so‘zi kelib chiqqan. Ko‘p yillar davomida yugurish bo‘yicha g‘olib aynan shu masofada aniqlangan.
Olimpiya o‘yinlari Zevsning nevarasi Pelops tomonidan tashkil qilingan degan afsona ham bor. Podshoh Enomayning juda go‘zal qizi bo‘lgan. Enomay o‘z kuyovining qo‘lidan halok bo‘lishini tushida ko‘rgan va bunga ishonib, qizini qo‘lini so‘rab kelgan yigitlarga shart qo‘yib, ular bilan ot aravada poyga o‘ynagan. Poygada mag‘lub bo‘lgan yigitlarni o‘limga hukm qilgan.
Pelops Enomayning qiziga o‘n to‘rtinchi kuyov edi. Oldingi o‘n uchta kuyov ot aravada poyga o‘ynashda Enomay qo‘lidan halok bo‘lgan edi. Enomayning qizi Gippodamiya Pelops bilan birga Enomay ot aravasining boshqaruvchisi Mirtilosni g‘ildiraklarni ushlab turuvchi bronzali ushlagichni mumlisiga almashtirib qo‘yishga ko‘ndirishadi.
Poyga paytida g‘ildiraklar chiqib ketadi va Enomay halok bo‘ladi. Xudolarga minnatdorchilik bildirib, Pelops Olimpiya o‘yinlarini ta’sis etadi va ot aravada poyga asosiy musobaqalardan biriga aylangan.
Qadimgi Olimpiya o‘yinlari doimiy ravishda har 4 yilda bir marta kabisa yilida o‘tkazilgan. Yunon rivoyatlari va ko‘plab afsonalarida kabisa yili ofat keltiruvchi yil, deb ifodalangan. Shuning uchun qadimgi davrda yunonlar kabisa yilida xudolardan rahm-shavqat so‘rab, ular sharafiga bayramlar uyushtirganlar va qurbonliklar qilganlar.
Olimpiya shahrida maxsus hay’at har to‘rt yilda bir marta olimpiya o‘yinlari tantanali ochiladigan sanani belgilab bergan. An’anaga binoan, bu sana yozda quyosh eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilib, osmonda to‘lin oy paydo bo‘ladigan birinchi kun bo‘lgan.
Olimpiada” atamasi ikki olimpiya o‘yinlari oralig‘idagi to‘rt yil – 1447 kunni bildirgan. Yunonlar uchun bu taqvim sitsiliyalik tarixchi Timey tomonidan miloddan avvalgi 264 yilda kiritilgan.
O‘yinlar o‘tkaziladigan vaqtda Qadimgi Gretsiyada muqaddas tinchlik “ekexeyriya” e’lon qilingan va 3 oy davom etgan. Maxsus jarchilar muqaddas tinchlik kuchga kirganini hammaga ma’lum qilib chiqqanlar. Muqaddas tinchlik davrida, ya’ni ellinlar taqvimi bo‘yicha ikki apolloniy va perfiniy oylarida har qanday jangovar harakatlar to‘xtatilgan. Bu qat’iy qonunni buzganlarga ma’budlar tomonidan kulfat yog‘dirilishi haqidagi har bir yunonga ma’lum bo‘lgan aqida dahshati eng urishqoq elatlarni ham to‘xtatgan.
Bu davrda Olimpiya shahriga qurol-yarog‘ bilan kirish ta’qiqlangan. Polis hukmronlari olimpiya o‘yinlari paytida musobaqa ishtirokchilari, murabbiylar va barcha tomoshabinlarning xavfsizligini kafolatlagan.
Sulx shu qadar muqaddas hisoblanganki, olimpiya o‘yinlari o‘tkazilgan bir necha yuzlab yillar davomida unga atigi ikki marotaba rioya etilmagan hol bo‘lgan. Birinchisi, Filipp Makedonskiy lashkari askarlari olimpiya o‘yinlariga ketayotganlarni yo‘lda tunaganlar. Bosqinchilar nafaqat ularning pul va mollarini qaytarib berishga majbur qilinganlar, balki musobaqa tashkilotchilariga juda katta miqdorda jarima ham to‘laganlar. Makedonskiy o‘zining lashkarlari sulxni buzganliklari uchun olimpiya o‘yinlari tashkilotchilaridan rasmiy kechirim ham so‘rashga majbur bo‘lgan. Ikkinchisi, miloddan avvalgi 420-yilda spartaliklar muqaddas sulx amal qilib turgan vaqtda Lepreya shahrini qamal qilganliklari uchun olimpiya kengashi tomonidan O‘yinlar ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqarilgan.
Olimpiya o‘yinlari dastlab bir kun bo‘lgan va bayram o‘tkazilgan kunlar “iyeromeniya” – “muqadas oy”, deb nomlangan. Bu bayram vujudga kelgan paytida diniy xarakterga ega bo‘lgan, lekin uning asosiy mazmunini atletika musobaqalari tashkil etgan. Miloddan avvalgi V asrga kelib, qadimgi Olimpiya o‘yinlari 5 kun davom etgan.

Yüklə 153,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin