VII. Qishloq xo‘jaligida ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish. Ilmiy-tadqiqot, ta’lim va axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni o‘zaro bog‘laydigan qishloq xo‘jaligiga oid bilim va axborotlarni tarqatish bo‘yicha samarali tizimning yo‘qligi sohani ilmiy asosda rivojlantirishdagi eng jiddiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda ilmiy-tadqiqotlar uchun davlat investitsiyalari darajasi qishloq xo‘jaligi umumiy budjetining 0,2 foizini tashkil etadi.
Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning samarali mexanizmlari mavjud emasligi davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy qilishni sezilarli darajada cheklamoqda.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari mahalliy navlarining hosildorligi past va tashqi bozor talablariga javob bermaydi. Import qilinadigan qimmat va mahalliy sharoitlarga moslashtirilmagan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlariga qaramlik yanada ortib bormoqda.
VIII. Qishloq hududlarini rivojlantirish Mamlakat aholisining qariyb 16,4 millioni (jami aholining 49,4 foizi) qishloq hududlarida istiqomat qiladi (2018-y.). Mamlakatda tug‘ilish darajasi yuqori (23,3 promille) va shunga mos ravishda qishloq joylarida ortiqcha ishchi kuchi mavjud. 25 yoshgacha bo‘lgan odamlar aholining 45,5 foizini, 30 yoshgacha bo‘lganlar esa 55 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Qishloq hududlarida davlat xizmatlari, shuningdek transport va axborot-kommunikatsiya aloqalari darajasi pastligicha qolmoqda. Hududiy ehtiyojlarni batafsil baholashga asoslangan va raqobat afzalliklarini hisobga olgan holda kompleks strategiya va dasturlarni ishlab chiqish talab etiladi. Agrar sektorda amalga oshirilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari aksariyat hollarda to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga yo‘naltirilgan.
IX. Tarmoq statistikasining shaffof tizimini ishlab chiqish. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ida ma’lumot va axborot yig‘ish tizimi markazlashtirilgan rejali iqtisodiyot tamoyillari asosida ishlab chiqilgan eskirgan mexanizm va amaliyotga asoslangan. Ishlab chiqarish hajmi va mehnat unumdorligini baholash natijalari joylardagi haqiqiy holatga mos kelmaydi. Aniq va ishonchli ma’lumotlarning yetishmasligi yangi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning sohaga ta’sirini obyektiv baholash imkonini bermaydi. Ishonchli marketing ma’lumotlarining yetishmasligi fermerlar va boshqa agrobiznes subyektlari tomonidan biznes rejalarni ishlab chiqishda yoki faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishda mavjud va o‘zgaruvchan bozor imkoniyatlaridan foydalanishni sezilarli darajada cheklamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019-yil 23-oktabrdagi PF-5853-son farmoni.