Mahalliy qiyoslash “Qiyoslashga tayyorgarlik” bosqichida qiyoslovchi tayyorgarlik ishlari ro’yxati va ularni bajarish usullari bilan tanishadi. Bunday ishlar jumlasiga qiyoslanadigan o’lchash vositalarini o’rnatish va tayyorlash; qiyoslanayotgan o’lchash vositalarini ta’sir etuvchi kattaliklar ta’siri ostida ochiq ushlab turish, o’lchovlarni yuvish; moylash qobig’ini tozalash; asboblarni tok ostida qizdirish; ekranlash, germetiklikni, ulanish kontaktlarini, yoritilganlikni tekshirish; tutashtirib ulash qurilmalarini ulash; yerga ulash; xavfsizlik texnikasi bo’yicha tadbirlar o’tkazish va boshqalar kiradi. Tashqi ko’rikdan o’tkazishda o’lchash vositalarining butligi, sanoq qurilmalari bo’limlarining qiymati tekshirilib, o’lchash vositalarining qoplamalari va elementlaridagi nuqsonlar aniqlanadi, ular mavjud bo’lgan taqdirda bu vositalarni qo’llashga ruxsat etish mumkin emas. Qiyoslovchi har bir operasiya uchun metrologik ko’rsatkichlarga oid standartlarda belgilangan ruxsat etiladigan og’ishlar chegaralarini bilishi zarur. Ishlatilganidan keyin qiyoslashga keladigan o’lchash vositalari uchun nazorat idoralari ruxsati bilan metrologik ko’rsatkichlarning ishlab chiqarishdan kelgan o’lchash vositalariga oid ITHda ko’zda tutilganidan farqli og’ish me’yorlari belgilashga ruxsat etiladi.
Qiyoslash o’tkazish chog’ida qiyoslovchi bu xususiyatga, chunonchi o’lchash vositasi qiyoslashga ishlatishdan yoki ishlab chiqarishdan kelgan yoki kelmaganligiga va tegishli ITHga biror-bir o’zgartirish kiritilgan yoki kiritilmaganligiga alohida e’tibor berishi kerak. “O’lchash natijalarini ishlab chiqish” bosqichi, odatda, qiyinchilik tug’dirmaydi, chunki butun operasiya mos ITH bilan qat’iy reglamentlangan. “Qiyoslash natijalarini rasmiylashtirish” bosqichida qiyoslovchi o’lchash vositalarini ishchi yoki namuna vositalar sifatida qo’llanilishini hisobga olib, belgilangan talablarni yaxshi bilishi kerak. Ijobiy qiyoslash natijalarini qiyoslovchi quyidagi yo’l bilan ta’minlaydi:
o’lchash vositalarini ularning konstruktiv xususiyatlari, tamg’a qo’yish usullari va joyiga bog’liq ravishda tamg’alash;
“O’zstandart” agentligi belgilangan shaklda davlat qiyoslashi haqida guvohnoma berishi;
idoraviy qiyoslash haqida guvohnoma berish;
asbobsozlik yoki asbob ta’mirlash korxonasining attestat\pasportida davlat qiyoslash natijalarini yozish va qiyoslash tamg’asini bosish bilan tasdiqlash;
davlat qiyoslash natijalarini ishlatish pasportida\uning o’rnini bosadigan hujjatda yozish va qiyoslash tamg’asi bilan tasdiqlash;
namuna o’lchash vositasini qiyoslash haqida guvohnomaning old tomonida yoki ishlab chiqarish attestatida “namunaviy” muhrini yoki yozuvini qo’yish.
Qiyoslash jarayonida, odatda, dalolatnoma yuritiladi va unda quyidagilar aks ettiriladi:
qiyoslanayotgan o’lchash vositasining nominal tavsiflari va ko’rsatkichlari hamda formal belgilari, jumladan o’lchash vositasining nomi, ishlab chiqargan zavod, zavod belgisi, tartib raqami, o’lchash diapazonlari va h.;
qiyoslash sharoitlari, shu jumladan, bino va muhit harorati (zarur hollarda havo bosimi va uning nisbiy namligi), shuningdek, boshqa o’ziga xos sharoitlar;
qiyoslashda qo’llanilayotgan namuna o’lchovlar va asboblar (ularning tartib raqamlari ko’rsatiladi), shuningdek, qurilmalar va yordamchi apparatura nomlari;
o’lchash jarayonida amalga oshirilgan har bir operasiyaning natijalari.
Keyin bu natijalar tahlil qilinadi va matematik ishlov beriladi, masalan xatoliklar, ko’rsatishlar variasiyasi, o’rtacha qiymatlar, tuzatmalar, tuzatish ko’paytmalari hisoblanadi va h.
Qiyoslash natijalari salbiy bo’lganida va zarur bo’lganda tahlil qilishdan so’ng qiyoslovchi o’lchash vositasining yaroqli yoki yaroqsizligi haqida xulosa chiqaradi; tamg’alarni o’chirish bo’yicha operasiyalarni bajaradi; hujjatlarda qiyoslangan o’lchash vositalarining yaroqsizligi haqida qiyoslash natijalarini va ularni ishlab chiqarish, qo’llashni taqiqlash haqidagi natijalarni rasmiylashtirish bo’yicha tegishli yozuvlarni kiritadi. Qiyoslash dalolatnomasi yuridik ahamiyatga ega hujjat, shu sababli uni yuritishga tegishli e’tibor qaratilishi zarur. Masalan, ularni ayrim qog’oz varaqlariga yozib, keyin ko’chirib yozish yoki shubhali tuyuladigan natijalarni tashlab yuborish mumkin emas. Bunda dalolatnoma birlamchi hujjat sifatidagi ahamiyatini yo’qotadi (ko’chirib yozishda xatoliklar yuzaga kelishi mumkin).
Qiyoslash tugatilganidan so’ng uning natijalari o’lchash vositalarining pasportlariga, attestatlariga, guvohnomalariga va boshqa hujjatlarga kiritiladi (dalolatnomalarga, kuzatish natijalariga ishlov berish bo’yicha hisob-kitoblarga kiritiladi, ularga jadvallar, grafiklar va boshqa hisoblash ma’lumotlari ilova qilinishi mumkin). Qiyoslash sxemalari. O’lchash vositalarini qiyoslashni amalga oshirish uchun fizik kattalik birligi o’lchamini davlat etalonidan, dastlabki namunaviy o’lchash vositasidan ishchi o’lchash vositalariga uzatish tartibini yoki tizimini o’rnatish zarur. Bunday tizimni birlik o’lchovini etalondan yoki dastlabki o’lchash vositasidan ishchi o’lchash vositasiga uzatish vositalari, usullari va aniqligini reglamentlovchi, o’rnatilgan tartibda tasdiqlangan hujjatni ifoda etadigan qiyoslash sxemalari belgilaydi. Mustaqil davlatlar hamdo’stligida davlatlararo qiyoslash sxemalari (sobiq umumittifoq) va mahalliy (Davlat metrologik xizmati yoki Mahalliy metrologik xizmatining alohida idoralari) qiyoslash sxemalari farqlanadi. Birinchi mahalliy qiyoslash sxemalarini tuzish namunaviy va ishchi o’lchash vositalarini qiyoslash usullari va vositalariga standartlar va usullarni ishlab chiqishga asos bo’lib xizmat qiladi. Davlatlararo qiyoslash sxemalari davlat standartlari sifatida tasdiqlanadi. Davlatlararo qiyoslash sxemasi elementlari bo’lib barcha etalonlar,
Namunaviy o’lchash vositalari, ishchi o’lchash vositalari va, shuningdek, birlik o’lchamini uzatish usullari hisoblanadi. Mahalliy qiyoslash sxemalari fizik kattaliklar birligi o’lchamini uzatishning ikkidan ortiq bosqichi bo’lganda tuziladi va davlatlararo qiyoslash sxemalariga zid kelmasligi lozim. Mahalliy qiyoslash sxemalariga fizik kattalikning foydalanishda bo’lgan yoki muomalaga chiqarilayotgan barcha ishchi o’lchash vositalari kiritiladi. Mahalliy qiyoslash sxemasi elementlari bo’lib namunaviy o’lchash vositalari, ishchi o’lchash vositalari, shuningdek, qiyoslash usullari nomlari hisoblanadi; qiyoslash sxemasiga nusxa –etalonlar va ishchi etalonlar nomlarini kiritishga yo’l qo’yiladi. Qiyoslash sxemasida, odatda, faqat bitta fizik kattalik birligi o’lchamini uzatish ko’rsatilishi lozim.