O‘zbekistonda bolalar sportining huquqiy me’yoriy asoslari O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin barcha sohalarda keng islohotlarni amalga oshirib, jismoniy tarbiya masalalari va qadriyatlarni tiklashga hamda uni rivojlantirishga katta e’tibor berildi. Prezidentimiz I.A.Karimov farmoni bilan respublika aholisini sog‘lomlashtirish, xalq sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun
jismoniy tarbiyaga va sportga katta e’tibor berilmoqda.
1992-yilning 4-yanvarida "Jismoniy tarbiya va sport haqida” Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga keyinchalik 2003-yilda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, tez orada respublika sport federatsiyalari Osiyo va jahon federatsiyalari tarkibiga a’zo bo‘ldilar. Endi O‘zbekiston sportchilari jahon miqyosida bo‘layotgan musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida qatnashmoqdalar. Respublikamizda yoshlar o‘rtasida uzluksiz ravishda "Umid nihollari", "Barkamol avlod", "Universiada" kabi sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda xalq ta’limi tizimi faoliyatini me’yorlashtiruvchi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida “Maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida Nizom” kabi muhim davlat hujjatlari qabul qilindi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasi orqali farzandlar tarbiyasi va ta’lim olishlari, ularning qonuniy huquqlari va manfaatlari himoyasi borasida ota-onalarning o‘rni va javobgarligi oshirildi.
Bugungi maktab bolasidan aniq bilimlargina emas, fikrlash ko‘nikmasi, kattalar va tengdosh o‘rtoqlarini tushunish, ular bilan hamkorlik qilish ham talab etiladi. Shuning uchun bola maktabga qadam qo‘yayotganida qanchalik bilimga ega ekanligi emas, balki uning yangi bilimlarni egallashga tayyorligi, atrof-olamga moslashishi ko‘nikmasi, voqea-hodisani mustaqil ravishda tahlil etishi va mustaqil harakat qilishi muhim hisoblanadi. Bolani biror narsaga o‘rgatishgina emas, unda o‘z kuchiga ishonchni orttirish, o‘z g‘oyasini himoya qilish, mustaqil ravishda bir
qarorga kelish hamda unda “Men” konsepsiyasini shakllantirish ham muhimdir. O‘zbekiston Respublikasida “Maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq bola maktabgacha ta’limni uyda, ota-onalarning mustaqil ravishda ta’lim va tarbiya berishi orqali yoki doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha ta’lim muassasalarida, shuningdek, muassasaga jalb qilinmagan bolalar uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida,maktablarda, mahallalarda tashkil etilgan maxsus guruhlar yoki markazlarda oladi. Maktabgacha yoshdagi bolaning maktab ta’limiga o‘tishi hamisha uning hayoti, axloqi, qiziqish va munosabatlarida jiddiy o‘zgarishlarni yuzaga chiqaradi. Shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolani maktabgacha ta’lim muassasasida yoki uydayoq maktab ta’limiga tayyorlash, bolaning yosh xususiyatiga doir bilim, ko‘nikma va malakalar bilan tanishtirish kerak bo‘ladi. Bunday tanishtiruv moslashuv davrining jiddiy qiyinchiliklaridan xalos bo‘lishga yordam beradi. Bolaning maktabga tayyorgarligi undagi idrok, kuzatish, xotira, tafakkurning rivojlanishi, vaqt va fazoviy tushunchalar olami, ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlarning shakllanishi bilan belgilanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishdagi me’yoriy hujjat hisoblanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari (keyingi o‘rinlarda “Davlat talablari”) O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Respublikada idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar maktabgacha
ta’lim tizimi hamda oilalarda bolani to‘laqonli tarbiyalash, ta’lim berish va rivojlantirish, uni maktabga samarali tayyorlashda qo‘llanishi majburiy bo‘lgan davlat hujjatidir. Davlat talablari 0-7 yoshli bolalarning qay darajada rivojlanganligi va egallagan yutuqlarini baholab boruvchi talablar bo‘lib, ular bilim, malaka va ko‘nikmalar rivojlanishining ko‘rsatkichlarini belgilaydi:
Jismoniy rivojlanish, o‘z-o‘ziga xizmat va gigiena.
Ijtimoiy-hissiy rivojlanish.
Nutq, o‘qish va savodga tayyorgarlik.
Bilish jarayoni, atrof olam to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lish.
Mazkur 4 ta yo‘nalish tug‘ilganidan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘nikmalarining shakllanishi, nutq, o‘qish va savodga tayyorlash darajasini, atrof-olam haqidagi tushunchalarni va qo‘yilgan talablarni egallashi uchun asosiy omil hisoblanadi.
U maktabgacha ta’lim tizimining mohiyatini belgilaydi va maktabgacha ta’lim muassasalarini mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha bolalarning tengligi va bolalik qadriyatini saqlagan holda har bir bolaning individual (alohida) rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltiradi.
Davlatimizdagi ta’lim tizimining poydevorini maktabgacha ta’lim tashkil yetadi va bu haqda “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 11—moddasida aytib o‘tilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berishning asosiy maqsadi - yosh avlodni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, ma’naviy boy, har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida tarbiyalash va maktab ta’limiga tayyorlashdan iboratdir.
"Sog‘lom avlod " deganda - eng avvalo, sog‘lom naslni, jismonan baquvvat shu bilan birga ruhi, fikri sog‘lom, iymon- e’tiqodi butun, bilimli, ma’naviyati yuksak, mard va jasur, vatanparvar avlod tushuniladi. Maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasining vazifalari jismoniy, aqliy, axloqiy, estetik, mehnat tarbiyasini berish va ularning tug‘ma layoqati, qiziqishi, ehtiyoji va imkoniyatlarini hisobga olgan holda, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida muntazam maktab ta’limiga tayyorlashdan iborat. Bolalarni maktabga tayyorlashni belgilovchi muhim ko‘rsatkichlardan biri ularning jismoniy jihatdan rivojlanganlik darajasidir. Bu me’yoriy ko‘rsatkichlar "Bolajon" tayanch dasturi va "Davlat talablari" asosida belgilanadi. Dasturga asosan bolalar yoshlari doirasida asosiy harakatlarni: yurish, yugurish, sakrash, irg‘itish- emaklash, to‘siqlardan oshib o‘tish, milliy va harakatli hamda tinch o‘yinlarni nomini bilishi va o‘ynashi zarur bo‘ladi. Bu esa bolalarni jismonan barkamol bo‘lib etishishlarini ta’minlaydi. MTMda jismoniy tarbiya tizimini kun tartibi, mujassam mashg‘ulotlar, ovqatlanish, chiniqtirish (tabiiy va sun’iy), jismoniy mashqlar, madaniy-gigiyenik ko‘nikmalar, ertalabki va kechki soatlar, quvnoq daqiqalar, davolovchi-uqalash, gimnastika, ritmika, sport o‘yinlari tashkil yetadi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni jismoniy jihatdan tarbiyalashda ularni yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda mashg‘ulotlar mazmuni o‘yin shaklida yoritilib, bolalarni qiziqtiradigan harakat jarayonlaridan tashkil topmog‘i lozim. Ma’lumki, ilk yoshdagi bolalar atrofdagi barcha jarayonlarni kuzatib, taqlid qiladilar, bolalar uchun murakkab bo‘lmagan harakatlarni ular o‘z
xohishlari bilan bajaradilar va tez o‘rganadilar. O‘yin mazmunidagi mashg‘ulotlar orqali bolalarning xotirasi rivojlanib, jamoaga uyushish fazilatlari shakllanib boradi. Jismoniy mashqlar orqali esa ularning faolligi oshib, hayotiy zarur bo‘lgan ko‘nikma malakalarni va jismoniy sifatlar (kuchlilik, chaqqonlik, egiluvchanlik, uddaburonlik)ni egallaydilar va jismoniy rivojlanishi taraqqiy etib boradi.