Tana haroratini qanday tushirish mumkin? Tana haroratining oshishi insonga diskomfort tug‘diradi, ba’zi hollarda og‘ir ko‘rinishlarga kelib o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin. Shuning uchun har qanday inoson tana harorati ko‘tarilganda tushirish usullarini bilib olishi kerak.
Tana haroratini qachon tushirish kerak? Tana harorati ko‘tarilganda har doim ham uni normal holatga qaytarish talab etilmaydi.
Infeksion kasalliklarda organizm immun tizimi pirogen moddalarni ishlab chiqarib, tana haroratining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi va bu holat mikroorganizmlarga qarshi kurashishga yordam beradi.
Masalan, interferon oqsilini sintezlanishini oshiradi, antitelolar ishlab chiqarilishini kuchaytiradi, fagositoz jarayonini rag‘batlantiradi, ishtahani pasaytiradi va umumiy harakatni kamaytiradi, demak organizm infeksiya bilan kurashish uchun ko‘proq energiyaga ega bo‘ladi.
Ko‘pchilik bakteriya va viruslar normal haroratda faol hayot kechiradi, tana harorati ko‘tarilganda esa, ularning ba’zilari o‘ladi. Shuning uchun tana harorati oshgan vaqtda, uni tushirish uchun shoshilmaslik kerak.
Ammo, ayrim holatlarda tana haroratini tushirish talab etiladi. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:
39 °C dan yuqori tana harorati;
Tana harorati oshishi bilan birga – ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh aylanishi va boshqa holatlar birga kelishi;
Qon-tomir tizimi tomonidan kasalliklar mavjud bo‘lsa;
Qandli diabet bo‘lsa.
Isitma tushirish usullari Isitma chiqqanda uni tushirishning ko‘p usullari bor. Avvalo, bemor joylashgan xonaning haroratini normallashtirish kerak, ayniqsa 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bu juda muhim.
Gap shundaki, bolalarda ter ajratish funksiyasi yaxshi shakllanmagan bo‘ladi, ular haroratni asosan nafas chiqarish orqali tarqatadi.
Bolakay salqin havo bilan nafas oladi, o‘pka va qonni sovitadi, issiq haroratni chiqarib yuboradi. Agar xona harorati juda issiq bo‘lsa, bu jarayon buziladi.
Bundan tashqari, havoning namligi ham muhim, juda quruq havo ham nafas yo‘llari orqali issiq kirishiga sabab bo‘ladi. Shuni inobatga olib tana harorati yuqori bo‘lgan bemor uchun xonaning optimal harorati va namligi 19-22 °C, namlik esa 40-60 % bo‘lishi kerak.