Tarbiya maqsadining aniqligi. O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-siyosiy mustaqilligining dastlabki yillaridayoq respublikada, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan tarbiya maqsadi aniq belgilab olindi. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘qrisida»gi Qonuni hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» g‘oyalariga ko‘ra ijtimoiy tarbiyaning asosiy maqsadi – erkin, ijodkor, mustaqil fikr egasi bo‘lgan komil inson va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish yo‘lidagi asosiy vazifa - bu shaxsda umumiy madaniyat unsurlari, ya’ni, shaxsning aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, iqtisodiy, ekologik, huquqiy, siyosiy hamda mehnat madaniyatini tarbiyalashdan iborat.
O‘quvchilar va kattalarning birgalikdagi faoliyati. O‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan ma’naviy madaniyatini shakllantirishning eng yaxshi namunasini izlash, shu asosida tarbiyachi ishining hayotiy me’yor va qadriyatlarini aniqlash o‘quvchining tarbiya jarayonidagi faolligini ta’minlashga olib keladi. Dunyoqarashi hali to‘la-to‘kis shakllanmagan o‘quvchilar uchun kattalarning hayotiy tajribalari, ularning shaxsiy namunalari tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega.
O‘zini-o‘zi anglash. Tarbiya insonda e’tiqod, demokratik qarashlar va hayotiy pozitsiyaning shakllanishiga olib keladi. Tarbiya mazmunining eng muhim unsurlaridan biri – bu insonning hayotiy o‘zini-o‘zi anglashi, uning o‘z shaxsiy hayoti va faoliyatining sub’ekti sifatida e’tirof etilishi bilan tavsiflanadi. Inson kamolotida fuqarolik, kasbiy va axloqiy o‘zini-o‘zi anglash jihatlari muhim ahamiyatga egadir.
Tarbiyaning shaxsga yo‘naltirilganligi. Mazkur g‘oya ta’lim muassasasi amaliyotining markaziy nuqtasida tarbiyaviy ishlar dasturi, tadbirlar, ularning shakl, metod va vositalari emas. Balki, o‘quvchi turganligini anglatishga xizmat qiladi. Tarbiya jarayonida uning shaxsiy xususiyatlari, qiziqishlari, o‘ziga xos xarakteri, o‘z qadr-qimmatini anglash tuyg‘ulari rivojlantirilib borilishi zarur.
Ixtiyoriylik. Tarbiyalanuvchilarning iroda erkinligisiz tarbiya g‘oyalari mohiyatini qaror toptirish mumkin emas. Tarbiya jarayoni, agar u oqilona tashkil etilsa, bir vaqtning o‘zida ham o‘quvchi, ham o‘qituvchi ma’naviyatining boyitilishiga xizmat qiladi. Agar tarbiyachi o‘quvchining qiziqishi, faoliyati, o‘rtoqlik va fuqarolik burchini anglash, mustaqillikka intilish tuyg‘ularini ko‘ra va anglay olsagina uning irodali ekanligi ayon bo‘ladi. Tarbiyalanuvchining irodali bo‘lishi ta’minlangan sharoitda uning shaxsiga ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilgan faoliyat jarayonida samaraga erishiladi.