G’alla bitlari (shiralar) – G’alla ekinlariga asosan oddiy g’alla biti, katta g’alla biti va arpa biti ko’p zarar etkazadi. Shira 1,8-3 millimetr kattalikdagi hashorat bo’lib, og’zi sanchib-so’ruvchi shaklda. Erta bahorda kunlar isishi bilan bitlar paydo bo’la boshlaydi. Shirada zararlangan o’simlik deformasiyaga uchrab, ba’zan sarhayib qurib qoladi. Qattiq zararlangan o’simlik boshoq hosil qilmaydi.
Kurash choralari. Tabiatda xonqizi qo’ng’izi, oltinko’z va sirfid pashshasi lichinkalari uning miqdorini kamaytirib turadi. Bitta boshoqda 5-10 tagacha shira kuzatilsa yoki 50 foiz boshoq zararlangan bo’lsa, darhol kimyoviy preparatlarning biror xili bilan ishlov beriladi.
Begona o’tlar. Boshoqli don ekinlaridan sifatli mo’l hosil etishtirishning muhim shartlaridan biri ularni begona o’t ta’siridan himoyalashdir. Chunki, begona o’t boshoqli don bilan birga o’sib, tuproqdagi ozuqa moddalarini va namlikni o’zlashtirib, g’allaning etarli oziqlanishiga imkon bermaydi, natijada hosildorlik sezilarli pasayadi, don ifloslanadi, hattoki ayrim maydonlarning o’rilmay qolishiga ham sabab bo’ladi. Masalan, Arnasoy, Zomin, Zarbdor va boshqa tumanlarda g’alla fiziologik pishgandan so’ng qorasho’raning ta’sirida ba’zi ekin maydonlari o’rilmay qolgan hollar ko’p uchraydi.
Sug’oriladigan maydonlarda begona o’tlar bug’doy o’tlar bug’doyga nisbatan 400-600 marta ko’proq suvni shimib oladi, sababi ulardan suvni o’zlashtirish va quruq modda hosil qilish jarayon juda faol. Natijada namlik kamayib, tuproq qurib qoladi.
Keyinchalik begona o’t g’allaga nisbatan tez rivojlanib, ozuqa moddalarini ko’p o’zlashtiradi va tuproqda azotning kamayishiga sabab bo’ladi. Natijada g’alla o’ziga kerakli bo’lgan miqdorda azotni o’zlashtira olmay qoladi.
Begona o’tlarning yana bir zararli jihati shuki, boshoqli don kasalliklari ichida u oraliq “xo’jayin” hisoblanadi. Ya’ni kasallik sporalari va zamburug’lar begona o’t tanasida rivojlanib, keyin g’alla o’simligiga o’tadi.
Begona o’t urug’lari aralashgan bug’doyning xarid narxi va sifati pasayadi. Aksariyat bunday hollar inson salomatligiga va barcha jonivorlarga ham zarar etkazishi mumkin.
Lalmi maydonlarda o’sadigan kampirchopon inson salomatligiga o’ta xavfli zaharli begona o’t sanaladi. Shuning uchun ham u karantin nazoratidagi o’simlikdir.
Sug’oriladigan erlarda (ba’zan lalmikorlikda) kakra, tuyaqorin urug’laridan ham turli yuqumli kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Bir yillik begona o’tlar turkumiga yaltirbosh, qoramiq, jag’-jag’, sho’ra turlari, qizg’aldoq, semizo’t, qo’y tikan, oq chatir, ismaloq kabilar kiradi.
Ko’p yillik begona o’tlar turkumiga g’umay, qamish, otquloq, ajriqlar kiradi.
Lalmi maydonlarda 120 turdan ortiq bir va ko’p yillik keng bargli begona o’tlar o’sadi. Ismaloq, oq chatir, chakamik, obosh, Afrika va Turkiston malkolmiyasi, sovun-o’t, qushqo’nmas, qarg’antirnoq singari bir yillik, yantoq, kampirchopon, beklar o’ti, oqquray, kakra kabi ko’p yillik o’tlar shular jumlasidandir.
Kurash choralari. 1. Qisqa rotasiyali bo’lsa-da almashlab ekish tizimini qo’llash. 2. Lalmida bahorda barcha begona o’tlar ko’kkarib gullash paytida kechiktirmasdan qora shudgor (par) qilish. 3. Lalmikorlikda kuzda ekilgan g’allazorlarni shu kecha-kunduzda ko’ndalangiga boronalash ham yaxshi samara beradi. 4. Nisbatan begona o’tlar kam chiqqan maydonlarda qo’l bilan o’toq qilish. 5. Begona o’tlar 3-4 quloq bo’lganda kimyoviy gerbesidlardan keng foydalanish zarur. Ayniqsa “Granstar”, “Biostar”, “Starane” gerbisidlarini begona o’t bilan zararlanish hamda begona o’tning rivojlanish darajasiga qarab miqdorini belgilangan holda OVX-28 purkagichlari, qo’l apparatlari bilan kechiktirmay sepishni tashkil qilmoq lozim.
Ayniqsa keyingi paytlarda sotuvga chiqarilgan “Granstar plyus” gerbisidi bir vaqtning o’zida boshqa begona o’tlar qatorida pechakka ham ta’sir qilishi bilan ahamiyatlidir. Chunki bungacha begona o’tlarga “Granstar” yoki “Biostar” gerbisidlari ishlatilsa, pechak uchun faqat “Starane” gerbisidi qo’llanilib kelinar edi. Bu hamma vaqt ham topiladigan gerbisid emas.
Yuqorida qayd etilgan boshoqli don kasalliklari, zararkunandalari hamda begona o’tlarga qarshi kurashi yo’lga qo’yaolgan dehqon barakali xirmon yaratib, g’alladan mo’l hosil olishi, shubhasiz.