«Patetik » sonata. Sakkizinchi raqam ostida keladigan sonatani kompozitor 1798 yilda yozgan va «Katta patetik » sonata deb atagan. «Patetika» so’zi grekcha «pafos» so’zidan kelib chiqqan va «ko’tarinki kayfiyatdagi asar» degan manoni beradi. Mana shu «Ko’tarinki ruh» sonataning har uch qismi musiqasiga xos, lekin «ko’tarinkilik» har bir qismda turli tarzda ifodalangan. Sonata do minor tonalligida yozilgan.
Birinchi qism musiqasi sonata allegrosi shaklida yozilgan. Lekin musiqaning rivojlanishi Gaydn va Motsart sonatalaridagi rivojlanishdan o’ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Sonata sekin sur’atdagi kirish mavzusi bilan boshlanadi. Fojiali va shu bilan birga tantanali savol tarzida akkordlar yangraydi. G’amgin, lirik kayfiyatdagi kuy javob sifatida berilgan. Kirish bo’limidan keyin juda tez sur’atda ijro etiladigan bosh mavzu shiddat bilan ko’tarilayotgan va pasayayotgan to’lqinlarni eslatadi. Yordamchi mavzu juda chiroyli, kuychan xarakterda. Mordent bezaklari kuyga alohida go’zallik beradi yakuniy mazu odatdagidek yakunlovchi xarakterda. Rivojlov bo’limida bosh mavzu va kirish mavzusining lirik xarakterdagi bo’lagi qayta ishlangan. Repriza bo’limida ekspoziciya bir oz o’zgartirilib takrorlangan. Birinchi qism yakunlanishi oldidan bosh mavzu katta kuch bilan juda tez sur’atda takrorlanadi va bu narsa ko’tarinki kayfiyatni ifodalaydi va intilish, qat’iyat ustun ekanligini ko’rsatadi.
Sonataning ikkinchi qismi juda sekin va kuychan tarzda ijro etiladi. Musiqa juda muhim va jiddiy masalalar ustida chuqur o’yga tolgan insonning ruhiy holatini tasvirlaydi. Birinchi qismda ko’tarinki kayfiyat yorqin musiqa orqali ifodlangan bo’lsa, bu qismda inson aqli va zakovatini tasvirlashda o’z aksini topgan.
Sonataning uchinchi qismi rondo shaklida yozilgan. Musiqa hayajonli xarakterda bo’lib tez sur’atda chalinadi. Ammo bu musiqada birinchi qism musiqasiga xos bo’lgan shiddat yo’q. Kuylar o’rtasidagi farq ham unchalik katta emas. Uchinchi qism rondo shaklida yozilgan. Asosiy mavzu to’rt marta takrorlanadi. Bu hayajonli lirik xarakterdagi musiqiy mavzu butun qism musiqasi xarakterini belgilaydi. Betxovenning «Patetik sonatasi» nihoyatda mashhur asar bo’lib kompozitorlar Gaydn va Motsart yaratgan sonatalardan keskin farq qiladi. Betxoven bu asari bilan sonata janrining bundan keyingi rivojlanishiga katta yo’l ochib berdi.