Inson kundalik hayotida turli xil narsalarni iste’mol qilishi mumkin. Uning tarkibida esa turli xil moddalar va vitaminlar mavjud. Inson organizmi uchun A, B, B1, B2, B6, B12, C, D, PP, K vitaminlari nihoyatda zarurdir. Ularning ta’siri inson organizmi faoliyatida juda muhim rol o‘ynaydi. Agar mazkur vitaminlardan birortasi yetishmasa, inson organizmida turli xastaliklarning kelib chiqishiga sharoit tug‘iladi.
Vitamin B1 vazifasi
Vitamin B1 (tiamin) organizmning oqsil va uglevodorod almashinuvini muvozanatga keltiradi. Bu vitamin uglevodlar almashinuvini mo‘tadillashtiradi, asab tizimi, hujayralar va oshqozon-ichak trakti faoliyati uchun zarur.
Bu suvda eruvchi vitamin hisoblanib, shu sababli bunday mahsulotlar qaynatib pishirilganda uning suvi ham ana shu vitaminga boy bo‘ladi. Ushbu vitamin soda ta’siri ostida nobud bo‘ladi. Ushbu vitamindagi bir sutkalik talab 1-2 mg.ni tashkil etadi.
Vitamin B2 vazifasi
Vitamin B2 (riboflavin) — hujayralar almashinuvi jarayonini va terining yuza qatlamidagi jarayonda muvozanatga keltiruvchi vazifani bajaradi, undan tashqari nafas olish jarayonida ham ishtirok etadi. Riboflavin— o‘sish jarayonida qatnashadi va o‘stiruvchi omillarga kiradi. Oqsil, yog‘ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi.
B2 vitamini yetishmasa
Bu vitamin yetishmasa, yuzingizda husnbuzar paydo bo‘ladi. Riboflavin organizmga oziq-ovqat bilan kiradi, ovqatda riboflavin yetishmasa og‘iz burchagi, lab yoriladi, soch to‘kiladi, kon’yunktivit va blefarit kuzatiladi, shilliq qatlamlarning yallig‘lanishiga, sochlarning to‘kilishiga, bosh aylanishiga olib kelishi mumkin.
Vitamin B6 yoki piridoksin
Vitamin B6 (piridoksin) organizmda muhim vazifalarni bajaradi. Asab tizimi va oqsillar almashinuvi uchun zarur. U oqsil va yog‘ning normal hazm bo‘lishini ta’minlab, azot almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu vitamin soch to‘kilganda, terining yallig‘lanishida qabul qilinadi.
B6 vitamini yetishmasa
Organizmda piridoksin yetishmasa bolalar o‘smay qoladi, me’da-ichak ishi buziladi, kamqonlik ro‘y beradi. Homiladorlarda stomatit, terining yallig‘lanishi, qo‘zg‘aluvchanlik, uyqusizlik kuzatiladi. Kishi organizmi uchun zarur miqdordagi piridoksin ichak bakteriyalari ta’sirida hosil bo‘ladi.