Asosiy qism Turizmni bu yo‘sinda tushunish uning turoperatorlik va turagentlik faoliyatidan ancha keng tushuncha ekanligidan dalolat bermoqda. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, turizm umumiy nazariyasiga berilgan bu ta’riflarda odamlarning doimiy yashash joyidagi o‘zaro munosabatlari va yashash joyidan tashqarida daromad olishi bilan bo‘lgan munosabatlari hisobga olinmaydi. Shuningdek, turistlarga turli turistik maqsadlarni ko‘zlovchi axborotni yetkazib, ularni sayohatga undaydigan xizmatchilar o‘rtasidagi munosabatlar nazardan chetda qolmoqda. Turistlarni transportda olib yurib, ularni kuzatib boradigan, ularning ovqatlanishida xizmat qilib, doimiy yashash joyidan tashqarida bo‘ladiganlarchi? Dam olish va davolanishini ta’minlaydigan, ular uchun o‘zlarining dalalarida mahsulot yetishtiradigan, yo‘llar, mehmonxona, aeroport, vokzallarni qurib ekspluatatsiya qiladigan, ularning aloqa va havfsizligini ta’minlaydigan, umuman olganda, turizm biznesi kengayib va o‘sib borayotgan bir paytda bu faoliyat uchun kadrlarni tayyorlab beradigan odamlar bilan munosabatlar-chi? Turistlardan farqli ravishda, bularning barchasi o‘zining doimiy yashash joylarida faoliyat ko‘rsatadi va daromad olishga harakat qiladilar.
Shu savollarni hisobga olgan holda, bizning fikrimizcha, turizmga berilgan ta’riflar “iste’molchi” nuqtai nazaridan to‘liq emas va ushbu hodisaning mohiyatini to‘liq aks ettirmaydi. Ta’rifni to‘ldirish uchun ushbu faoliyatning ishlab chiqarish qismini ham hisobga olish lozim: turizm tushunchasi doirasiga turistik biznes sohasida mavjud bo‘lgan xizmat va tovar ishlab chiqarishni kiritish lozim. Aynan shular jahon turistik xizmatlari bozorida yuzaga keladigan talabning ajralmas qismi bo‘lgan taklifni ta’minlab turadi. Turizm biznesining bu ikkala tomonining birligi va o‘zaro aloqasi dunyodagi o‘sib borayotgan turistlar oqimi xilma-xilligining normal faoliyati uchun zarur bo‘lgan shartdir. «Turizm» tushunchasini qamrab olgan munosabatlar nafaqat turistik oqimga kirgan turistlarning istak va talablarini, balki turistlar uchun zarur bo‘lgan xizmatlar to‘plamini ishlab chiqarishda qatnashadigan va turistlar uchun normal sharoit yaratib beradigan insonlarning ham xizmatini aks ettirishi lozimdir.
Yuqorida keltirilgan fikrlarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosaga kelishimiz mumkin, hozirgi paytda turizmga uch xildagi umumiy ta’rif berilmoqda. Birinchisi, tor ma’nodagi ta’rif bo‘lib, unga binoan bu tushuncha turistik korxonalar faoliyati bilan chegaralanadi. Ikkinchisi, bir yoqlama iste’molchiga qaratilgan bo‘lib, bu ta’rifga asosan turizm faoliyati doimiy istiqomat qilish joyidan tashqarida va ishlab chiqarish tashvishlaridan holi holatda xizmat va tovarlarni iste’mol qilish jarayoni sifatida tushuniladi. Uchinchisiga ko‘ra esa, turizm tushunchasi jamiyatda insonlarning istiqomat qilish joyidan tashqarida bo‘sh vaqtidan foydalanishi va buning uchun zarur bo‘lgan xizmat va tovarlar turlarini qayta ishlash shartlari bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar majmuasini ifodalaydi.
Bizningcha, so‘nggi ta’rif nafaqat keng va atroflicha, balki turizmning jamiyatdagi o‘rniga yangi sifat va baho beradi. Bunga, birinchi navbatda, turizm sohasiga, reklama – axborot xizmatlari, transport, qurilish, qish-loq xo‘jaligi, qayta ishlash kabi tarmoqlari bilan boshlanadigan hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat kabi tarmoqlar bilan tugaydi-gan keng miqyosdagi faoliyat ko‘rinishlari kirishi sabab bo‘ladi.
Xozirgi paytda turizm milliy iqtisodiyotning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, maqsadi insonlarning bo‘sh vaqtida dam olishi va sayohat qilishining turli xillariga hamda mavjud bo‘lgan turistik resurslardan samarali tarzda foydalanishga, tobora o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyatni ta’minlovchi korxona va tarmoqlarining majmuini ifodalovchi iqtisodiy kategoriya sifatida ko‘rilishi lozim.
Turizm xizmat bozori o‘ziga xos hodisa bo‘lib, uning ta’sir doirasi turistik mahsulotni yaratuvchi va iste’molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar bilan ifodalanadi. Har bir turistik mahsulotni yaratuvchi va iste’molchi o‘z iqtisodiy maqsadiga ega hamda bu maqsadlar har doim ham o‘zaro muvofiq kelmasligi mumkin, ammo muvofiq kelganda, turistik mahsulotning sotish jarayoni sodir bo‘ladi. Turistik mahsulotni sotish va xarid qilish harakati maqsad va foydaning mos kelishini taqozo etadi. Shu sababli bozor ishlab chiqarish va iste’molning o‘zaro munosabatini muvofiqlashtiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Turizm xizmat bozori – xo‘jalik yurituvchi sub’ekt (turoperator, turagent) yaratgan mahsulotni xarid qilish imkoniyatiga va ehtiyojiga ega bo‘lgan iste’molchilar faolligini yuzaga keltiruvchi makondir.
Turizm xizmat bozori – turizm mahsulotlarini sotuvchi va xaridorlar uchrashadigan hudud bo‘lishdan tashqari, ushbu sub’ektlar maqsadlarini muvofiqlashtiruvchi vosita, turistik mahsulot tarqalishini ta’minlovchi, ushbu mahsulotni yaratuvchi va xarid qiluvchilar iqtisodiy munosabatlari faollashadigan maydondir. Turizm xizmat bozorini keng ma’noda turistik mahsulotni (turlarni, aloxida turizm xizmatlarini yoki turistlar uchun tovarlarni) sotish va xarid qilish amallari yuzaga keladigan hudud, deb qarash mumkin. Biroq, bu amallar yagona bir hudud doirasida (masalan, biror bir mehmonxonada) bajarilishi shart emas. Turistik mahsulotni sotish uchun sotuvchi va xaridorning bevosita uchrashishi shart ham emas, bu amal axborot texnologiyalari, teleks, faks, telefon vositasi orqali bajarilishi mumkin.
Xullas, turizm xizmat bozorini turistik mahsulotni yaratuvchi va uning xaridorlari (ya’ni turist, turagent, turoperator) o‘rtasida bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlarni yuzaga keltiradigan hudud sifatida ta’riflash maqsadga muvofiqdir.
Turistik talab deganda-to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lgan aholining turmahsulotga bo‘lgan talabi tushiniladi. Turistik talab amaldagi narx-navolarda aholi tomonidan aniq bir turistik-ekskursiya xizmatlarini sotib olishi bilan belgilanadi.
Bozordagi talabga muvofiq turizmda taklif vujudga keladi, ya’ni turist uchun uning dam olishi va sayohati jarayonida lozim bo‘lgan turli xildagi xizmatlar shular jumlasiga kiradi. Taklif-bu mahsulot ishlab chiqaruvchining bozorga talab qilinadigan aniq mahsulotni yetkazib berish uchun ideal tayyorgarlik va aniq imkoniyatga ega bo‘lishi tushuniladi. Bu holatda takliflar ishlab chiqarish bilan bir xil bo‘lmagan holda undan soni jihatidan farq qiladi. Aniq bir turistik mahsulot (marshrut) ning taklif qilinadigan soni bozordagidan yuqori bo‘lishi mumkin. Turistik mahsulotga bo‘lgan taklif - ishlab chiqarilgan mahsulot soni, turistik industriyaning rivojlanish darajasiga va turistik resurslar hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Turistik mahsulotga bo‘lgan taklif quyidagi asosiy omillarga bog‘lik: turistik ta’minotchilarning soni(joylashtirish, ovqatlantirish, ko‘ngil ochar korxonalar), sotuvchi firma soni, turistik tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish samaradorligi darjasi, ilmiy-texnik taraqqiyot darajasidan, soliqqa tortish tizimidan, narx-navo va kelgusi daromadlarni va talabning istiqbolini baholash.
Talab va taklif o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘ladi: talab faqatgina taklifni yuzaga keltirmaydi, bundan tashqari taklif aniq bir tarzda talabga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan: turistik xizmatga bog‘liq bo‘lgan talab hajmi unga bo‘lgan narx ko‘tarilganda ortib boradi, narx tushsa takliflar soni ham kamayadi.
Turizm xizmat bozorida turistning xizmatga bo‘lgan talabi uchun pul vositasining almashinuvi sodir bo‘ladi. Muvofiqlashtirilgan holatdagi almashinuvda bir tomondan turistik mahsulot ikkinchi tomondan esa turistik industriyaning kirib kelishi uchun sharoit yaratiladi.
Turizm xizmat bozori o‘zining qabul qila olish chegarasi (sig‘imdorligi) bilan tavsiflanadi, ya’ni aniq bir belgilangan davrda (mavsum bir oyda) belgilangan turistik mahsulotni amaldagi narxlar va takliflarga muvofiq sota olishidir.
Bozorning sig‘imdorligi aholining talab doirasida to‘lov qobiliyatiga egaligi, narx darajasi va turistik takliflarning tavsifiga bog‘liq bo‘ladi. Turistik mahsulotga bo‘lgan talab va narx darajasiga qarab qisqarishi yoki bo‘lmasa, aksincha oshib borishi mumkin. Bozorning sig‘imi va uning o‘zgarish tendensiyasini biladigan korxona ushbu bozordan ravnaqi darajasi uchun foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Turizm xizmatlarini belgilovchi turli xil bozorlar. Turistik korxona doimiy o‘zgarib turuvchi raqobatchilik muhitida barqaror tarzda qattiq tartib vaziyatida ish olib borishi lozim. Ushbu muhit elementlari bo‘lib bir nechta bozorlar hisoblanadi. Ular turistik mahsulot konyukturasini aniqlab beruvchi va turistik korxonaning iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazuvchi hisoblanadi:
Mexnat bozori;
Moliyaviy bozor;
Investitsiyalar bozori;
Turistik mahsulotlar bozori.
Oligopolistik bozor
Mexnat bozori-ushbu bozor turistik faoliyatni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan intellekt va ishchi kuchi jalb qilinuvchi jabha hisoblanadi.
Moliyaviy bozor-ushbu bozor davlat-kredit siyosati tomonidan
boshqariluvchi bo‘lib shaxsiy jamg‘armaga ta’sir o‘tkazadi, yig‘ilgan mablag‘larni iste’mol va investitsiyaga bo‘linishini belgilaydi.
Investitsiyalar bozori-bu korxonalar tomonidan “Uzoq muddatli moddiy foyda” (asosan uy-joy qurilish) hisoblanuvchi narsalar uchun sotib olinuvchi narsadir. Investitsiyalar bozori kreditlar bo‘yicha qilinadigan talab va foiz stavkalariga bog‘liq holda rivojlanadi. Ishlab chiqarish uchun investitsiya ajratish ish bandligiga sabab bo‘lib, yangi asbob-uskunalarni ishlatish va yangi ish o‘rinlarini yaratib beradi.
Ma’lumki bozor-bu turli mexanizmlardan iborat bo‘lib, turli mahsulot turlari va xizmatlar uchun tug‘ilajak talab va takliflarni muvofiqlashtirib turadi. Unda katta hajmdagi bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan aniq bir mahsulot -ya’ni, turistik mahsulotni sotib olishga xohishi va iloji bor potensial xaridorlar harakat qilishadi.
Bu yerda tovarni sotuvchi hamda bozor harakatlanishi sharoitini o‘zgartiruvchi xaridorlar, dallollar shuningdek aniq va faol raqobatchilarni aniqlab olish mumkin.
Turizm xizmat bozorida sotish va sotib olishning asosiy manbai xizmat hisoblanadi. Xaridor va sotuvchidan tashqari turistik xizmat bozori mexanizmiga sezirarli darajada dallollik bug‘inlari ham kiradi.
Turistik xizmatga bo‘lgan talablar bir necha xil xususiyatlarga ega: moddiy imkoniyatli ishtirokchilarning turli - tuman qatnovi, yoshlari, maqsad va sabablar: egiluvchanligi, alohida harakterli va differensiyalan-ganlikning yuqori darajasi:
turistik takliflardan vaqt va masofa bo‘yicha uzoqligi.
Turizm xizmat bozorining muxim xususiyatlaridan yana biri uning komplementarligidir (jamlanmadorlik) bu xususiyat turistik mahsulot va xizmatning bir-birini to‘ldira olishidir. Bu xususiyat shunday tushiniladi, ya’ni iste’molchi tomonidan sotib olinuvchi tovar ko‘pincha butun bir boshqa tovar va xizmatlar sotib olishga olib keladi. Masalan, transport xizmati avtomatik ravishda boshqa turdagi xizmatlar (ovqatlanish, ko‘ngil ochar dasturlar) sotib olinishiga sabab bo‘ladi Bu esa o‘z navbatida turistik tovar va xizmatlarni kengaytirish uchun harajatga olib keladi, shuningdek turli holdagi turistik mahsulot ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida daromadning taqsimlanshiga olib keladi.
Oligopolistik bozor bu ozchilik qismini tashkil qiluvchi turfirmalar xukumron bo‘lgan bozor bo‘lib, bu yerda raqobat ko‘pincha sotuvchilar orasida emas balki xaridorlar o‘rtasida yuz beradi.
Turistik mahsulot iste’molchilarining tavsifiga ko‘ra uch xil turdagi turizm bozorlari ajratiladi: ommaviy, mashhur va individual.
Ommaviy turizm xizmat bozori-katta guruhlardan iborat sayohat qiluvchi asosiy turistlar massasini o‘z ichiga qamrab oladi. Bunday turlarning xaridorlari ilgari kelishilgan dasturlar, xizmat va ko‘ngil-ochar tadbirlar, hamda oldindan to‘lab qo‘yilgan xizmatlarning standart jamlanmasiga rozi bo‘lgan kishilardir.
Mashhur turizm xizmat bozori-bir muncha kamchiliklardan iborat turistlardan tashkil topgan bo‘lib, qimmatroq, inklyuziv turlar, ya’ni yuqori darajadagi servis va qimmatbaho mehmonxonalardan iborat, shuningdek sayohat davrida istaklariga qarab qo‘shimcha xizmatlar uchun haq to‘lanadi.
Individual turizm xizmat bozori-ushbu holatda turistlar yakka tartibda o‘z marshrutlarini mustaqil belgilaydilar, zaruriy hollarda transport xizmati va mehmonxonada joylashish uchun buyurtmalar beradilar. Bu turlar badavlat kishilar uchun ancha qiziqarli bo‘lib, ularni o‘ziga jalb qiladi. Bundan tashqari o‘z dam olishlarini biznes yoki boshqa bir mashg‘ulot bilan birgalikda davom ettiradilar, bu esa o‘z navbatida oldindan dam olishni tugallash yoki qaytish muddatini belgilashlari kerakligiga yo‘l qo‘ymaydilar.
Sayohatni tashkil qilishning tavsiflanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkillashtirilgan va tashkillashtirilmagan turizm xizmat bozorlariga ajratiladi.
Harakatlanish uslubiga ko‘ra: piyoda, temir yo‘l, aviatsiya, dengiz va daryo, hamda avtomobil turizm xizmat bozorlariga ajratiladi.
Har bir qayt etib o‘tilgan turistik xizmat bozorlari xilma-xil bo‘lib: ish bilan bog‘liq turizm o‘z ichiga delegatsiyalar yoki alohida shaxslarning kelishuvlarda, majlislarda, ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish maqsadini o‘z ichiga oladi. Boshqa turdagi ish bilan bog‘liq turizm maxsuslashgan guruhlar (kasb, ixtisoslik) bo‘yicha tuzilgan, ammo ularning yo‘naltirilgan maqsadli holdagi aniq bir dastur orqali sayohatlari ularni ish bilan turizmning alohida bir guruhiga ajratish lozimligini bildiradi.
Marketing faoliyatining alohida xususiyati va tarkibiga ko‘ra quyidagi bozorlar ajratiladi:
Maqsadli, bunda korxona o‘z maqsadini amalga oshiradi yoki oshirmoqchi bo‘ladi.
Asosiy, korxonaning asosiy xizmati amalga oshiriladi (sotiladi).
Qo‘shimcha, bunda bir qancha hajmga ega bo‘lgan xizmatlarning sotilishi ta’minlanadi.
O‘sib borayotgan, sotish hajmining real oshish imkoniyati.
Turizm xizmat bozori turistik xizmatlarning xaridori (talabni taqdim etuvchilar) va sotuvchilarni (mahsulot bilan ta’minlovchi) birlashtiruvchi institut sifatida qaraladi. Boshqa tovar bozorlaridan farqli o‘laroq, turistik xizmat bozorida tovarning sotuvchidan xaridorga ko‘chishi kuzatilmaydi, balki xaridorlar, ya’ni turistlar tayyorlangan xizmatlarni, turmahsulotni olish uchun belgilangan manzilga qarab harakat qilishadi.
Turistik xizmat bozorining mohiyati uning vazifalarida ifodalanadi.
Quyidagilarni turistik xizmat bozorining asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatish mumkin:
turistik mahsulotning tannarxi va iste’molchi narxlarini belgilash;
turistik mahsulotning iste’molchigacha yetib borish jarayonini tashkil etish;
mehnatga bo‘lgan moddiy manfaatlarni iqtisodiy jihatdan asoslab berish.
Turistik xizmat bozorining birinchi vazifasini bajarish jarayonida narx harakati amalga oshiriladi va bu narsa pulni turistik mahsulotga almashtirishda aks etadi. Bu almashtirishning amalga oshirilishi tovar-pul munosabatlarining tugallanishini, turistik mahsulotda mujassamlashgan narxning sotilishini va mahsulotning iste’molchi uchun belgilangan narxning jamiyat tomonidan tan olinishini ifodalaydi. Natijada, ijtimoiy qayta ishlash jarayonining bir me’yorda borishi ta’minlanadi hamda turizm industriyasi rivojlanishi uchun pul mablag‘lari paydo bo‘ladi va jamg‘ariladi.
Turizm xizmat bozorida turistik mahsulotni iste’molchiga yetkazish vazifasi uni o‘tkazish bo‘yicha turagentlar va turoperatorlar tarmog‘ini yaratish orqali amalga oshiriladi. Mehnatga bo‘lgan moddiy manfaatlarni iqtisodiy ta’minlash vazifasi turistik xizmat bozorida taqsimot «pul–turistik mahsulot» almashinuvi jarayonida zaruriy bosqich sifatida tugallangan ko‘rinishda ifodalanadi. O‘z mehnati uchun maosh oladigan turistik firma ishchilarida sifatni o‘stirish va turistik mahsulot miqdorini ko‘paytirish, uni iste’molchilar talablariga binoan ishlab chiqarish borasidagi moddiy manfaatdorlik maqsadi hosil bo‘ladi5.
Turistik xizmat bozori sub’ektlari, ya’ni turistik mahsulot ishlab chiqaradigan va iste’mol qiladigan jismoniy va yuridik shaxslarning mavjudligi bilan harakterlanadi. Turistik xizmat bozorining uchta sub’ektini ajratib ko‘rsatish mumkin: turistlarning o‘zlari (turmahsulot iste’molchilari), turoperator va turagentlar. Turistik xizmat bozorining ishlash mexanizmi deganda, turistik mahsulotga, «pul–turistik mahsulot» almashinuviga, pul va turistik mahsulot oqimlariga bo‘lgan talab va taklifning mutanosibligini ta’minlash uchun bajariladigan iqtisodiy mexanizm tizimi tushuniladi.
Bozor ko‘pgina funksiyalarni amalga oshiradi, jumladan informatsion
(ma’lumot, axborot), vositachilik tartibga soluvchi, narxni shakllantiruvchi, rag‘batlantiruvchi, yaratuvchi - vayron qiluvchi, differensiolovchi va h.k.
Turistik bozorni uch sub’ektini ajratib ko‘rsatish mumkin: jumladan turistlarning o‘zlari (turmahsulot iste’molchilari), turoperatorlar va turagentlar.
Turoperator – bu turistik marshrutlarni va turlar komplektatsiyasi (bo‘tligi)ni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi turistik tashkilotlar bo‘lib, ularni amal qilishini ta’minlaydi, reklamani tashkil etadi amaldagi me’yorlarga mosligini hisoblaydi hamda, belgilangan tartibda mazkur marshrutlar bo‘yicha narxlarni tasdiqlaydi, o‘z litsenziyalari orqali va realizatsiya qilish uchun turagentlarga turlarni sotadi.
Turagent-turoperator tomonidan ishlab chiqilgan turistik marshrutlar bo‘yicha turlarni xarid qiluvchi xo‘jalik (yurituvchi) sub’ekti yoki individual (shaxsiy) tadbirkor bo‘lib hisoblanib ular bo‘yicha putyovka (yo‘lanma)lar ishlab chiqardi va bu putyovkalarni bevosita turistlarga realizatsiya qiladi. (sotadi).
Turistik bozor xajmi – bu turistik mahsulotning u yoki bu miqdordagi
“to‘yintirish” qobiliyatdir ya’ni, amaldagi narx va takliflarda turistik – suvenir maqsadlari uchun tovarlar, turizm xizmatlari, alohida turlarni realizatsiya qilishining mumkin bo‘lgan hajmi. Uning hajmi aholi talabi to‘lov qobiliyatining hajmiga narx darajasiga va turistik taklif miqdoriga bog‘liq bo‘ladi.
Turistik xizmat bozorida turist taqdim etadigan turistik mahsulotga bo‘lgan talab bilan turistik firma taqdim etadigan taklif to‘qnashadi (uchratadi). Turistik bozorning amal qilish mexanizmi bu pul oqimlarini turistik mahsulotga, pulni turistik mahsulotga ayirboshlashda, turistik mahsulotga talab va taklifni tenglashtirish (balanslash) uchun iqtisodiy unsurlar harakat tizimidir.
Turistik xizmat bozorining amal qilishi rasmda ko‘rsatilgandek tasavvur qilish mumkin, ya’ni u turizm xizmatlarga bo‘lgan talab, turistlar ta’bi, xohish istaklari bilan asoslangan bo‘ladi. Turistik xizmat bozorida turistik aylanma harakat hosil bo‘ladi, bunda bir-biri tomon harkatlanadigan pul oqimi va turistik – mahsulotni uzluksiz (doimiy) harakati yuz beradi.
Turistik aylanma harakat bu turist bilan turistik firma o‘rtasida hosil bo‘ladigan, turistik faoliyat daromadlaridan byudjetga pul tushumlarining va turizmni rivojlantirishga investitsiyalar hamda turistik oqimlarni turistik mahsulotlarga tomon harakat yo‘nalishini ko‘rsatuvchi iqtisodiy va huquqiy munosabatlar tizimidan iborat bo‘ladi.
Turistik aylanma harakat qo‘yidagi sxema bo‘yicha amalga oshiriladi :
turist turyo‘llanma uchun turfirmaga pul to‘laydi;
turfirma turistga turyo‘llanma beradi ;
turist turyo‘llanmani turmahsulotga ya’ni turzim tamonidan ko‘rsatiladigan konkret xizmatlarga almashtiradi;
turmahsulotni realizatsiya qilishda turist ma’lum turistik tasavvur olish jarayonida u to‘lagan pulning bilvosita qaytish jarayoni yuz beradi.
turfirma turistik xizmat bozorini rivojlantirish uchun turdosh tarmoqlar bilan birgalikda turmahsulotni yaratishga investitsiyalar kiritadi.
turfirma turmahsulotning yangi turlarini olishga harakat qiladi
turfirma byudjetga turli turdagi yig‘imlarni va soliqlarni to‘laydi.
Turistik bozorni amal qilishi va u bilan bog‘liq bo‘lmagan turistik industriya korxonalari yaqqol aks ettirilgan turli omillar ta’sir qiladi. Turitsik bozorni amal qilishi mavsumiyligining birlamchi omillar (faktorlar)iga tabiiy – iqlim sharoitlari kiradi:
Ikkilamchi omillarga qo‘yidagilar kiradi:
iqtisodiy tovar va xizmatlar iste’moli tarkibi, talab to‘lov qobiliyatini taklif orqali shakllantirish;
erkin, bo‘sh (mustaqil) vaqt mavjudligi;
demografik – yoshi, jinsi va boshqa belgilari bo‘yicha differensiyalashgan talab ;
psixologik (ruhiy) – odatlar, didi (ta’lim xohish) moddasi;
texnologik – sifatli xizmatlarni kompleks taqdim etish bilan bog‘liq omillar
Yuqoridagilardan kelib chiqib, turistik firma xizmatlarini realizatsiya qilish hajmini rejalashtirish va tahlil qilish jarayonida alohida oylar ko‘rsatkichini o‘rtacha yillik ko‘rsatkichlardan chetlanishi (tebranishi) qonuniyatlarini hisobga olish zarur. Bu hisob kitoblar mavsumiylik koefitsiyenti asosida amalga oshiriladi, ya’ni qator yillar davomida o‘rtacha oylik darajasini barcha hisoblanadigan davrda realizatsiya qilingan xizmatlarni o‘rtachaga oylik hajmiga nisbati kabi ifodalanadi:
Tabiiy geografik omillar. Kishilar tabiat qo‘yniga chiqib, juda ko‘p manzarali joylarni ko‘rish va ulardan bahramand bo‘lishga intiladi. Sayyohlik, dam olish uchun tabiiy sharoitning xilma-xilligi darajasi va xususiyati muhim ahamiyatga ega. Ya’ni ma’lum bir hududning yer usti ko‘rinish manzarasi (landshafti), iqlimi, o‘simlik va hayvonat dunyosi xilma-xilligi kishilarning dam olishi, o‘z salomatligini tiklashi uchun asosiy vositalardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Shu sababli sayyohlik firmalari ekzotik, betakror tabiiy ob’ektlarni ko‘proq reklama qilishadilar. Ayniqsa Osiyo, Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniya kabi mamlakatlar o‘zining diqqatga sazavor tabiiy ekzotikalari bilan Yevropa va Shimoliy Amrikalik sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Kolumbiyada «Kolumbiya qushlari» nomi bilan ataladigan noyob sayyohlik turi, «Pan-Ameriken» aviakompaniyasining 24 kunlik Avstraliya va Yangi Zelandiyaga qimmat baho toshlar va minerallarni topish uchun sayohat uyushtirishi misol bo‘ladi.
Turizmni rivojlantirishda mamlakat va hududning geografik o‘rni ya’ni uning dengiz va okeanga yaqinligi, qirg‘oq chiziqlarining xususiyati, turli xil suv, avtomobil va temir yo‘llar bilan kesishish joyi, tog‘li va o‘rmon manzarali joylarga yaqinligi, ular bilan ta’minlanganlik darajasiga ham bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, turizmni rivojlanishda Yevropa mamlakatlari, Vest Indiya, Singapur kabi mintaqalar va hududlar geografik joylanish xususiyati bilan alohida ajralib turadi.
Ko‘p minglab turistlarning kelib ketishida turistik o‘lkaning yer usti tuzilishi relefi katta rol o‘ynaydi. Tog‘li, xush manzarali, murakkab relef tuzilishiga ega bo‘lgan o‘lkalar turistlar oqimini o‘ziga ko‘proq jalb qilishadi. Murakkab tog‘ relfi landshafti estetik jihatdan tekislik, yassi hududlarga nisbatan turistlarni ko‘proq jalb etish imkoniyatiga ega. Tog‘li o‘lkalar o‘zining toza va sof havosi bilan ajralib, tog‘ sportini rivojlantirish imkonini tug‘diradi. Yevropaning Alp, Osiyoning Ximoloy, Afrikaning Atlas, Amerikaning Kordilera va Avstraliyaning Katta suv ayirg‘ich tog‘lari, Yangi Zellandiyaning Janubiy Alp tog‘lari xalqaro turizm sohasida yirik markazlarga aylanishi bejiz emas.
Xulosa Dunyo mamlakatlarida demografik jarayonlar (aholining tug‘ilishi, o‘limi, tabiiy ko‘payishi, aholi migratsiyasi kabilar) ham turizm sohasining rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Yer sharining turli davlatlarida, hududlarida va mintaqalarida aholi sonining ko‘payib borishi, ayniqsa shahar aholisi aglomeratsiya doirasining borgan sari kengayib borishi kishilarning dam olishi va sayyohlikka chiqishni taqazo qiladi. Shu borada turizmning rivojlanishiga ta’sir etuvchi demografik omillarni quyidagicha ifodalash mumkin:
dunyo xalqlaridagi bir-biriga o‘xshashlik bo‘lish umumiy tomonlari, ularning qiziqishlari h.k;
ayrim malakaviy sohalardagi kishilarning maxsus sayyohlik guruhda faol ishtirok etishning kuchayib borishi;
turizm tarkibidagi xotin-qizlar va yoshlar salmog‘ining ortib borishi;
xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan kurort va sanatoriyalar tarmog‘ining ko‘payib borishi, ularda davolanishga moil bo‘lgan kasallar sonining ortib borishi;
kishilarning atrof muhitga bo‘lgan qarashlari, tushunchalari va munosabatlarning o‘zgarib borishi h.k. juda katta rol o‘ynaydi.
Turizmning rivojlanishida madaniy-tarixiy obidalar, etnik shart-sharoitlar bilan qushilib ketadi. Arxitektura ob’ektlari, muzeylar, rasmlar galereyasi, mahalliy musavvirlar ishlari, tarixiy yodgorlik obidalari ham xorijiy turistlarni o‘ziga jalb qiladilar. Tarixiy yodgorliklar va boshqa xalqlar madaniyatiga qiziqish turizmning eng muhim stimullaridan biridir.
Turizmning rivojlanishida etnik shart-sharoitlar ham alohida ahamiyatga ega. Dunyo aholisi irqi, millati, tili, dini, turmush tarzi, madaniyatining xilma-xilligi bilan ko‘pgina turistlarda qiziqish o‘yg‘otdi.