1-mavzu. XVII asrdan XX asrning birinchi yarmigacha tarbiya, mak
Chor Rossiyasining ta’lim siyosati
Yerli xalqning aksariy qismi, ba'zi rusparast boy-zodagonlarni hisobga olmaganda, o'z bolalarini rus-tuzem maktablariga berishning oqibatlaridan cho'chir edi. Bu maktablarda birinchi navbatda pravoslav mahzabinig asoslari, rus tili, podshoni ulug'lovchi madhiyalar o'rgatilgani uchun mahalliy xalq bu ochiqdan-ochiq dinbuzarlikdan qochib o'z farzandlarini rus-tuzem maktablariga bermasdi. Buni o’z vaqtida Sirdaryo viloyatidagi rus maktablarini taftish etgan chor amaldori N.K. Smirnov ham qayd etgan edi. U ruslashtirishga yo'naltirilgan ta'lim siyosatining muvaffaqiyatsizligi sabablarini quyidagicha izohlaydi va yozadi:
- yerli aholining shaharlardagi rus maktablarining qabul qilmaganligi sababi ularning dasturlarida musulmoncha savod darslari yo'qligi, darslar bolalar uchun tushunarsiz bo'lgan rus tilida olib borilishi va o'qituvchilarning mahalliy tillarni bilmasligi;
- (rus) bolalariga pravoslav dini asoslarini musulmon bolalar huzurida o'rgatish.
Shuningdek, ruscha xat-savod oddiy turkistonlikka foyda keltirmas edi, chunki o'lkaning musulmon aholisi barcha narsani - xatlar, hisob-kitoblar va boshqa yozishmalarni mahalliy tilllarda va arab yozuvida amalga oshirar, musulmoncha xat-savodli kishi bunda, tabiiy, ko'proq yutar edi.
Rus mustamlaka ma'muriyatining ta'lim tizimini ruslashtirish orqali assimilyatsiya siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragani ayon bo'lgach, chor ma'muriyati o'zlarining pirovard maqsadlariga erishishning boshqa usullarini ham qo'llay boshladilar. Masalan, chor ma'muriyati o'zi tarafidan mutlaqo inkor etilgan, vaqflaridan judo qilingan va o'z holiga tashlab qo'yilgan madrasalarda rus tilini o'qitish g'oyasini ko'tarib chiqdi. Davrning taniqli sharqshunos olimi V.V. Grigoryevning maslahatlariga amal qilingan holda barcha yirik madrasalarda rus tilini o'qitish haqida topshiriq berildi. Bu xususda tilga olib o'tilgan olim qayd etgan ediki, “madrasalarning domlalari ruschani bilmaydilar, xristian o'qituvchiga esa musulmon o'quv yurtida dars berish “odobdan emas”, shu sababli musulmon domlalar va mudarrislarni rus tilini mustaqil o'rganishga majbur qilish kerak”. Bu “genial” fikr keyinchalik hayotga qanday amalga oshirilganligi haqida tarixiy manbalarda biror-bir eslatma uchramaydi, ammo mazkur tashabbusning o’rtaga qo’yilishi mustamlaka ma’muriyaining o’zlarining pirovard maqsadiga erishish uchun hech qanday yo’llardan toymaganligiga yaqqol misoldir.
O’zlari kutmagan holda Turkistonda mutloq o’zgacha, kuchli va yashovchan madaniyatga duch kelib, ruslashtirish va xristianlashtirish rejalari puchga chiqqach, chor ma'muriyati til siyosatida bir muncha o'zgarishlar qilishga majbur bo’ldi. Rus ma’muriyati va mahalliy aholi o’rtasidagi asosiy to’siq til muammosi ekanligini anglab yetar edi. O'lka bosib olingan dastlabki davrda xalq bilan muloqot ko'p sonli tatar, qozoq va o'zbek tarjimonlari yordamida olib borilar edi, ammo tarjimonlarning haddan oshishi, o’z qavmi vakillari bilan til biriktirib olishi, o’z xalqi tarafiga o'tib ketishiva xo'jayinlarni aldashga intilishi kabi hollar ma'muriyatni jiddiy tashvishga solardi. Mahalliy tillarni rus chinovniklarining o'zlari bilishi lozimligi ilk general-gubernator K.P. fon Kaufman davridayoq anglab yetilgan edi. General-gubernatorning taklifiga ko'ra Toshkentda mahalliy tillar kurslari ochilishi, bu kurslar uchun darslik va lug'atlar tuzishga tanlov e'lon qilinishi lozim edi. Ammo, bu ishlar “mablag' etishmasligi tufayli” amalga oshmay qoldi.
Fon Kaufmandan keyingi general-gubernatorlardan biri N.O. Rozenbax 1887-yilda maxsus farmoyish qabul qilgan bo'lib, bu hujjatga ko'ra chor amaldorlari, rus-tuzem maktablari o'qituvchilari mahalliy tillarni o'z xizmat vazifalari talab qilgan darajada bilishga majbur edilar. Shu maqsadda joylarda amaldorlar uchun til kurslari tashkil etildi. Ammo bu kurslarning natijasi ko'ngildagiday chiqmadi va ular tez fursatda “tekinga o'qitish, tinglovchilarning ko'pligi hamda darslar hajmining juda ozligi” tufayli o'z faoliyatini to'xtatdilar. Ammo, fikrimizcha, bunday faoliyatsizlik va muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi shovinistik ruhdagi aksar chor amaldorlarida Turkistondagi mahalliy tillarni o'rganish istaginig yo'qligi edi. “Zarafshon” (Samarqand) gazetasi 1906-yilgi sonlaridan birida yozgan ediki, “…bizning amaldorlarimiz hamma joyda o'zlari xizmat qilayotgan xalqlarning tili va turmushini bilishni astoydil xohlamaydilar. …Ular til o'rganish uchun vaqt yetishmasligidan shikoyat qiladilar, ammo karta o'ynash va sharobxo'rlik uchun vaqt topa oladilar”.
O’lkaning general-gubernatorlaridan D.I. Subotich davrida mahalliy tillarni mustamlaka amaldorlari tomonidan o'rganilishi o'tkir qilib qo'yilganini qayd etib o'tish kerak. Bu yuqori martabali mansabdorning 1905 yilda Rossiya imperiyasi Maorif ministri Redigerga yozgan maktubida ushbu masala xususida quyidagi fikrlar bayon etilgan: “Qirq yildan beri biz Turkistonni egallab turganimizga qaramay mahalliy ma'muriyatda yerli xalqlar tilini biluvchi amaldorlar soni barmoq bilan sanarli darajada oz. Ahvol – halokatlidarajada. Amaldorlar o'zlari boshqarayotgan aholining yoki sud qilayotgan insonlarning tilini bilmay turib qanday ish yuritishlari mumkin? Bu xususda ortiqcha gapirishga hojat yo'q, zarur choralarni ko'rish kerak. Choralar ikkiyoqlama bo'lishi kerak: ham rag'batlantiruvchi, ham jazolovchi choralar, birinchi chorani ko'rish uchun mablag'lar lozim, ikkinchisi esa tekinga tushadi va ishni ulardan boshlash lozim. Ma'muriyatning uezd boshliqlarigacha bo'lgan barcha mansabdorlariga bir yil davomida o'z hududining tilini tarjimonlar ishini tergab turish darajasida o'rganishni shart qilib qo'yish kerak deb o'ylayman. Ikkinchi yilni esa ular o'z bilimlarini takomillashtirishi kerak, bu talab bajarilmaganida ularni xizmat pillapoyalaridan yuqori ko'tarilishini to'xtatish va hatto xizmatga keraksizligi tufayli iste'foga ham chiqarish zarur”. General-gubernatorning o'z salaflari xatosini tuzatishga juda kechikib kirishganini qayd etish kerak.