Shogirdlarga G’amxo’rlik Asarlarini yuksak saviyada yozgan olim chin ma’nodagi ustoz ham edi. Shu boisdan e’tibori, yordami, g’amxo’rligi sabab Hamid Ziyoev, Iso Jabborov, Abdulahad Muhammadjonov, Mirsodiq Is’hoqov, Anatoliy Sa’dullaev, Ahmadali Asqarov, Abdulla Sotliqov,O’tkir Islomov, Rustam Sulaymonov, Temur Shirinov, Amriddin Berdimurodov, Qurbonboy Sobirov kabi yuzlab arxeologlar, Pirmat Shermuhammedov, Tursunboy Karimov, Qodirbergan hoji Jumamurod o’g’li singari ko’plab ijodkorlar yetishib chiqdi.Agarki, domlaning ko’p yillar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutida talabalarga saboq berganini eslaydigan bo’lsak, uning shogirdlari safi yanada ortadi.
Professor Hamid Ziyoev “Tarixning ochilmagan sahifalari” kitobida ( T, “Mehnat” nashriyoti 2003 yil, 221 bet) o’zining tarix fanidagi chinakam kashfiyot bo’lgan Sibir, Volgabo’yi va Uraldagi o’zbeklar mavzusiga bag’ishlangan ilmiy ishini o’rganish, mavjud qiyinchiliklarga ( Qozog’istondagi Olmaota va Rossiyadagi Perm`, Omsk, Tobol`sk, Tyumen, Irbit, Tomsk kabi eng uzoq shaharlardagi 24 ta arxivlarda ishlash) qaramay davom etdirishda Yahyo G’ulomov katta jonbozlik ko’rsatganini ta’kidlab o’tgandilar.
Ma’lumki,1966 yilda Afrosiyobda o’tkazilgan arxeologik tadqiqotlarda ilk o’rta asrlarga tegishli noyob devoriy suratlar bilan birga, o’n bir qator so’g’d yozuvi ham topilgandi. O’zbekistonda ushbu yozuvni o’qiy oladigan birontayam mutaxassisning yo’qligi tufayli, arxeologlar leningradlik V.A.Livshitsga murojaat qilishadi.
Biroq Yahyo G’ulomov fan istiqbolini o’ylab, Livshitsdan keyin ham agarki shunga doir yangi topilmalar topilsa, bevosita o’zbek olimlariyam so’g’d yozuvini o’qiy oladigan bo’lishsa edi, degan istakda Mirsodiq Is’hoqovni Leningradga yuborishga boshchilik qiladi.Natijada Mirsodiq Is’hoqov Livshitsga shogird tutishib, bugungi kunda O’rta Osiyodagi yagona so’g’dshunos olim bo’lib yetishdi.Shu tariqa Mirsodiq Is’hoqovning nomi aynan Yahyo G’ulomovning qo’llab-quvvatlashi, g’amxo’rligi, qolaversa o’zining ham intiluvchanligi bois Rossiyalik V.A.Livshits, M.N.Bogolyubov, O.I.Smirnova, Angliyalik I.Gershevich, D.N.Makkenzi, AQShlik M.Shvarts kabi mashhur so’g’dshunoslar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, Yahyo G’ulomov A.Asqarov, M.Qosimov, O’.Islomov, R.Sulaymonov, X.Nasriddinov, S.Rahimov, T.Mirsoatov kabi yana ko’plab istiqbolli tarixchilarni Moskva, Leningrad shaharlaridagi A.P.Okladnikov, P.I.Boriskovskiy, M.M.Gerasimov, M.P.Gryaznov singari o’z davrining mashhur olimlari yoniga bevosita o’zi olib borib, aspiranturaga joylardi. Vaqt o’tib ushbu shaharlarga borganida shogirdlari ahvolidan xabar olar, ilmiy ishni qanday davom etdirayotganligi bilan qiziqar, moddiy tomondan ham qo’llab quvvatlardi.
Yahyo akaning Qoraqalpog’istonlik shogirdlaridan Qodirbergan hojining aytishiga qaraganda, “avvalo u odob-axloqli, ilmga ixlosmand yoshlarni shogirdlikka olardi. Shogirdlariga ilm o’rgatishdan tashqari, ularning tarbiyasiga ham katta e’tibor berardi.
Shogirdlariga ahloq-odobni, halollikni, kamtarlikni, mehnatsevarlikni, o’zbekona odatlarga qat’iy amal qilishlikni o’rgatar edi. Domla shogirdlariga “ ilm o’rganish oson ish emas, bunga erishmoq uchun og’ir qiyinchiliklarni yengib o’tishga to’g’ri keladi, bu esa tinimsiz mashaqqatli mehnatni, aql-zakovotni talab etadi, «madrasa tuprog’ini yalamagan shogirddan olim chiqmaydi», deb nasihat qilardi”. Haftada bir marta shogirdlar bilan uchrashib, ularning o’qishlari va yozgan ishlaridan xabardor bo’lib turardi. Yozgan ishlarini shaxsan o’zi o’qib, kamchiliklarini ko’rsatar va yangi vazifalar berib yuborardi. Domlaning uyi, qolaversa shaxsiy kutubxonasi shogirdlar uchun hamisha ochiq edi. Ilmiy ishda halollikka, voqealarni birinchi manbalar asosida xolisona yaratilishiga, ishning ilmiy tahliliga alohida e’tibor berardi. Agar ilmiy ishda shu talablarga javob bermasa, muallif yuqori lavozimda bo’lishiga qaramay, ishni himoya qilishga aslo tavsiya qilmas, unga ijobiy taqriz bermas edi. Domlaning e’tirozi bilan hatto himoyadan qoldirilib yuborilgan sayoz ilmiy ishlar ham oz emas edi. Domla shogirdlarining oilaviy ahvoli bilan ham qiziqardi. Shogirdlarni uyiga taklif qilganida, ularni albatta ovqatlantirib, zarur bo’lganida ularga hatto moddiy jihatdan yordam ko’rsatib yuborardi. ” Oilasida tinchlik bo’lsa, ilmiy ishida samara bo’ladi”, derdi Yahyo G’ulomov”.
Akademik sifatida katta obro’ qozongan Yahyo aka ustoz-shogirdchilik an’anasiga ko’ra, o’zi rahbarlik qilayotgan yoshlarning ilmiy ishlarinidan doimo xabardor bo’lib, ularga kerakli adabiyotlar, hattoki pul bilan ham ta’minlab turganlar.
Yahyo akaning Xorazmlik shogirdlaridan Abdulla Sotliqov bu haqda shunday xotirlagandilar: “Bir kuni yozgan ishimni ko’rsatish uchun domlaning huzuriga keldim. Kechki ovqatdan so’ng domla “mendan uydagilardan xabar oldingizmi, telefon qildingizmi, xat yozdingizmi”, deb so’rab qoldilar. Men ish bilan mashg’ul bo’lib, uydagilardan xabar ololmaganimni aytdim. Yahyo aka “ uydagilar ham sizdan xavotirda bo’lsalar kerak” deb, ish xonasidan bir bet oq qog’oz va xatjildni chiqarib berdi. Shu yerda uydagilarga xat yozib, xatjildga solib pochtaga tashlab o’ting, dedilar. Men juda o’ng’aysizlanib qoldim, xatni qanday yozganimni bilmadim. Xatni yaqin oradagi pochtaga jo’natib ketdim.
Bu orada dissertatsiyamni ilmiy kengash himoya qilishga tavsiya qildi. Domla avtoreferatga imzo chekib, nashr qilish uchun 6-tipografiya direktoriga xat qilib berdi.
Avtoreferatni tez bostirolmadim, nashr qilish uchun to’laydigan pulim yetishmasdi. Pochta orqali uydan jo’natilgan pul ham yetib kela qolmadi. Domla avtoreferatning nashri nega cho’zilayotganini so’rab qoldilar, men voqeani tushuntirdim. Shunda kelinoyimizga qarab, menga yuz so’m pul chiqarib berishini aytdi. Avtoreferatim 2-3 kunda nashrdan chiqdi, men ham, domla ham behad xursand bo’ldik.
Domlaning Inqilob ismli shogirdi bilan ham xuddi shunday voqea yuz bergan edi. Domla shogirdlaridan Inqilobni keyingi paytda ko’rinmay qolganligini surishtirdi. Ular domlaga Inqilob avtoreferati nashri uchun pul topish maqsadida mardikorlik qilayotganini, g’isht quyib yurganligini aytdilar.Shunda domla boshqa shogirdiga Inqilobni darhol topib huzuriga keltirishni topshirdi. Inqilob ertasiyoq domlaning huzuriga yetib keldi. Domla “nega bu ahvolni menga bildirmadingiz”, deb Inqilobni ancha koyib qo’ydilar. So’ngra sumkasidan 80 so’m pulni chiqarib, Inqilobga berdi va 3-4 kun ichida avtoreferat qo’limda bo’lsin, deb topshirdi. Darhaqiqat, domlamiz o’ta saxiy, muruvvatli inson edi. Shogirdlari mushkulini oson qilishni har narsadan ustun qo’yardi. Bunday mehr-oqibatli, saxovatli ustozlar, ilmiy rahbarlar juda kamdan-kam uchraydi.
Men domlaning serfarzand shogirdlaridan edim. Farzandlarimning barchasini ismi-shariflarini Yahyo aka yoddan bilardi. Ularning sog’lig’i va o’qishlari haqida qiziqib, so’rab turardi. Urganchga qaytadigan paytimda, mening e’tirozimga qaramay, domla erta bilan bozorga borib bolalarimga sovg’a uchun yong’oq, pista, shirinliklar va albatta chiroyli kiyimliklar olib kelardi. Ba’zan o’zlari meni aeroportgacha kuzatib qo’yardi. Shuningdek u kishining o’ziyam ish yuzasidan Urganch va Xivaga tez-tez kelib turardi. Har gal kelganida Xorazmning keksa, ko’pni ko’rgan odamlaridan -Xiva tarix muzeyining bo’lim boshlig’i, naqqosh usta, tarixchi Abdulla Boltaev, Asfandiyorxonning devonida ishlagan, yoshi to’qsonlardan oshgan Bobojon Tarroh (Xodim ), keksa irrigator Juma Otashov, Bobojon Otaboev va institutimiz o’qituvchilaridan Xalil aka Siddiqov va Otajon aka Yovbosarovlar bilan uchrashib, ular bilan suhbat qurib ketardi. Domlaning xotirasi va zehni juda o’tkir edi. Hatto 30-40 yillarda Xorazmga kelganida suhbatdosh bo’lgan qariyalarning nomlarini esga olib, ularning ruhlariga duoyi fotiha qilib o’tirardi.
Domla nafaqat Toshkentda, o’zining ish joyida, xatto viloyatlarda ham hurmat-ehtirom bilan kutib olinardi. Bunga o’zim ko’p marta guvoh bo’lganman. Toshkent ko’chalarida ketayotganimizda keksa odamlar va yoshlar ham albatta domla bilan salomlashib, so’rashib o’tardilar. Men ana shunday obro’-e’tiborga sazovor bo’lgan ustozim bilan faxrlanar edim.
Hayotda xammasi silliq ketavermas ekan. Yaxshilik va johillik, havas va hasad yonma-yon yurar ekan. Olimlar orasida domlaning obro’-e’tibori oshib borishini ko’rolmaydigan hasadgo’y, johil odamlar ham uchrab turardi. Hasadgo’ylik, baxillik yomon illat, ular qanchadan-qancha mashhur olimlarni, yozuvchi va shoirlarni hayotdan erta ko’z yumib ketishiga sababchi bo’ldi. Domla ana shunday nopok odamlarni juda yoqtirmas edi. Ularning yaramas qilmishlarini ko’rib, juda asabiylashardi, ba’zida og’ir xastalikka ham chalinib qolardi. Domlaning hayotdan erta ketishiga ana shunday johil, nopok odamlarning qilmishlari ham sabab bo’ldi, desak aslo xato bo’lmaydi.”.
Yahyo G’ulomovning yana bir shogirdi, arxeolog Qurnboy Sobirov dastlab Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutida domladan saboq olib, tarixga ixlosi kuchligidan unga shogird tushadi. Bu haqda shogirdi Qurbonboy aka shunday eslaydi :«1970 yilda Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti rahbariyatidan xabarnoma keldi. Unda tezda akademiyaga yetib kelishim qayd qilingan ekan. Keyin Toshkentga- Akademiyaga bordim, shu vaqtda institut direktor o’rinbosari Ahmadali Asqarov meni Yahyo G’ulomov xonasiga olib bordi va “ sizning shogirdingiz bo’ladi”, dedi. Keyin domla meni uyiga olib borib, bir xonasiga joylashtirdi. Va kutubxonasidagi kitoblardan bemalol foydalanaverishini aytdi. Keyin aspiranturaga imtihon topshirish paytida domla bilan birga, akademiyaga tramvayda birga borar edik. U inson menga g’amxo’rlik qilib, uyidan joy berish, ilmiy ish mavzusini tanlash bilan birga Rossiyadagi arxeologiya institutiga aspiranturaga kirishimga yordam beribgina qolmay, hattoki u yerga borish uchun yo’lkira ham berib yubordi”.
Yahyo G’ulomovdan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida saboq olgan shogirdi, keyinchalik ta’lim sohasidagi faoliyatlari uchun Qoraqalpog’iston xalq o’qituvchisi, “xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi” va boshqa unvonlarga sazovor bo’lgan Qodirbergan hoji Jumamurod o’g’li ham domlaning insoniylik fazilatlarini shunday esga oladilar: “Domlaning har bir ma’ruzasi sodda, tushunarli, manbaalarga boy va ilmiy xulosalari asosli va qiziqarli bo’lganligi bois talabalar tomonidan e’tibor bilan tinglanar edi. Voqealarning qiziqarli bayonidan tinglovchi o’zini xuddi o’sha davrga sayohat qilgandek his qilar edi .
Domla kitobni juda sevar, qadrlardi. Kitob javonidagi kitoblar nihoyatda tartib bilan taxlab qo’yilgan bo’lib, O’rta Osiyo, Rossiya va Yevropa tarixiga doir qimmatli asarlar bor edi. Ayniqsa arab, fors tilidagi qo’lyozmalarni juda sevib mutoalaa qilardi. Narshaxiy, Bayxaqiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Xondamir, Munis, Ogahiy va Bayoniylarni tarixnavis olim sifatida juda hurmat qilardi”.
Ma’lumki, arxeologiyada shu soha mutaxassislaridan tashqari, qazishma ishlari ketayotgan joydagi mahalliy aholidan ham xizmatchilar jalb etiladi.Yahyo G’ulomov ana shu xizmatchilar bilan do’slashib ketar, ulargayam har tomonlama yordam ko’rsatar, qandaydir muammolari bo’lsa mahalliy rahbarlarga aytib ularning yechimini izlardi.Natijada mahalliy aholida ham Yahyo akaga ixlos paydo blgan, ular vaqt o’tib Toshkentga borishsa, berilgan adresga ko’ra domlaning xonadoniga kirib borishaverardi.
Akademik Abdulahad Muhammadjonov domla bilan birga ishlashgan mahalliy aholining Yahyo akaga munosabati, buning esa arxeologiya rivojiga ko’rsatgan ta’siri haqida shunday yozgandi: “ 1956 yil sentyabr` oyining boshlari Yahyo G’ulomov rahbarligidagi ekspeditsimiz Buxoro shahridan 50 kilometrcha shimoliy-g’arbda hozirgi Buxoro-Gazli yo’liga yaqin Qizilqumning dashti Urganjiy deb atalgan qismida so’nggi antik davr ( milodning 3-4 asrlari)ga mansub va mahalliy aholi o’rtasida Qizilqir nomi bilan mashhur bo’lgan arxeologik yodgorlikda qazuv ishlari olib bormoqda edi. Tushki ovqat payti.Endigina bo’y ola boshlagan saksovullarning olachalpoq soyasida qazuvchi ishchilar to’p-to’p bo’lishib choy ichishib o’tirishardi. Qumlikka yonboshlab olgan Eshpo’lat og’a atrofiga ilk bor qazish ishlarida qatnashayotgan Rahimboy, Shirinboy, To’ramurod, Abish og’a, Oysulu, Raxshona hamda qadimgi qo’rg’on xarobalarida olib borilayotgan arxeologik qazuvlarni tomosha qilgani kelgan ovuldoshlarini to’plab, ularga Yahyo G’ulomov qanday qilib Qizilqirni ochgani to’g’risida hikoya qilar edi.
-Bilasizlarmi, Qulomovning( ya’ni Yahyo G’ulomov nazarda tutilmoqda-U.B.) durbini bor, -derdi u,-Toshkentda turib u durbindan qaraydi-da, so’g’in o’si jerga keladi. Bu topqir olim o’si jerdan tom shiqadi desa-tom, tas shiqadi desa-tas, agar oltin desa-oltin shiqadi.
Darhaqiqat, Eshpo’lat og’aning bu hikoyatomuz gapida ham jon bor edi. Chunki Yahyo G’ulomov dastavval Qizilqirga 1953 yili kelib, qazish ishlariga mahalliy aholini ishga taklif etgan vaqtda birinchilardan bo’lib Eshpo’lat og’a kelgan. O’shanda u Yahyo G’ulomovga qarab:
-Injener! Biz bu yerda qanday jumusni bajaramiz?,-deb so’rganida , Yahyo G’ulomov unga, mana shu yassigina tepani kavlaymiz, deb javob bergandi. Eshpo’lat og’a bo’lsa,-bu tog’ bo’lmasaki uni kovlab kon qidirsang, ostida bulog’i bo’lmasaki suv chiqarib bu qo’riq dashtni sug’orsang, usti mayda qizil shag’al bilan qoplangan bu qirchadan nima ham chiqardi,-deganida , Yahyo G’ulomov bir og’iz so’z bilan unga:-Bu yassi tepalikning ostida tom bor,-deb javob bergan edi. Buni qarangki, qazish ishlarining ikkinchi kunidayoq, eni 2 metrli to’rt tomonga yo’nalgan qalin devorlar ochilib mavsum oxirlarida yassi tepaning markazidan eni ham, bo’yi ham 9 metrli, chor atrofida supalari bo’lgan, kvadrat shakldagi kattagina miyonsaroy-zal ochilgandi.
Bu keng zalning to’rt tomoni eni qariyib 3 metr, bo’yi 14 metrli uzun yo’laklar bilan o’ralgan. Bu imoratlar darvozaxonasi g’ulomgardishli ( o’ralgan) kattagina qadimiy qo’rg’onning xarobalari edi.
Kuz kirib, salqin tushib qolgani sababli Yahyo G’ulomov Qizilqirdagi qazish ishlarini to’xtatadigan bo’ldi. Shundan avval, yodgorlikning madaniy qatlamlarining qalinligini aniqlash maqsadida shogirdlaridan arxeolog T.A’zamxo’jaev va arxitektor V.A.Nil`senlarga Qizilqir yodgorligining markaziy qismida shurf-choh qazish uchun joy ko’rsatib, o’zi Buxoro viloyatining Qorako’l tumanida joylashgan Zamonbobo ko’li sohilida topilgan yana bir nodir arxeologik obidada olib borilayotgan qazish ishlaridan xabar olgani jo’nab ketadi. Vo ajab, buni qarangki, shu payt Qizilqirda kavlanayotgan shurf ostidan kuchli yong’indan hosil bo’lgan kul va qulagan paxsa devor ostidan yoshgina ayol skeleti chiqib qoladi. Skeletning bo’yin qismida besh shoda marvarid va uch dona kubik shaklidagi oltin medal`on ( tumor) cha hamda ko’krak va oyoq qismlarida esa 78 dona yarim sharchalar shaklida mayda tilla taqinchoqlar bor edi. Bu hodisa Yahyo G’ulomov belgilab bergan joyni qaziyotgan Eshpo’lat og’a va uning atrofidagilarni hayratga solgan edi” ( A.Muhammadjonov “Yahyo G’ulomovni xotirlab”, T, “Sharq”, 37-39 betlar).
Tabiiyki, hali qazish boshlanmagan joyda qanday topilmalar borligini taxmin qilish, aytib bera olish uchun faqatgina arxeologik tajribagina emas, olloh bergan iqtidor, teran tafakkur ham zarur edi.
Xulosa.
Yahyo G’ulomov vafot etganiga ham bir yigit umri bo’lib qoldi. Akademikning shogirdlari ham umrining keksalik faslida yashamoqdalar.Uni tanigan-bilgan zamondoshlariyam taqdiri azal sabab birin-ketin hayotdan ko’z yumishmoqda.Demoq tezlashmoq lozim…Nimaga?!
Ya’ni, bugungi va kelajak avlodga ibrat namunasi sifatida buyuk shaxsning hayot yo’li haqidagi “ Yahyo G’ulomov zamondoshlari xotirasida” kitobini yaratmoq lozim. Shuningdek, biz ocherkimizda ta’kidlab o’tgan va boshqa maqolalari, asarlarini topib, ular asosida akademikning saylanma asarlarini nashr etish kerak.
Qolaversa, tarix fanidan ilmiy ish qilayotgan bo’lg’usi olimlar Yahyo G’ulomovning ilmiy merosi , hayot faoliyati, u tashkil etgan ekspeditsiyalarning fan rivojiga qo’shgan hissasi kabi mavzularda tadqiqotlar boshlasalar yaxshi bo’lardi.
Shu kabi jasoratli umr sohibining hayot yo’li to’g’risida oldiniga hujjatli, keyinchalik esa mohir dramaturg yaratgan stsenariy asosida badiiy fil`m ishlamoq, buning uchun tanlov o’tkazish joiz.
Bundan tashqari, domla nomiga Toshkent shahrida ko’cha qo’yilganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan holda, Yahyo G’ulomov nomini yurtimizning boshqa shaharlaridagi ko’cha, mahalla, maktab, universitet, muzeylarga ham berish kerak menimcha.
Shu bilan birga respublikamiz viloyatlarida Yahyo G’ulomov nomidagi tarixchilarning ilmiy seminari o’tkazilayotganidan xursand holda, u kishining nomi bilan ijtimoiy fanlar tadqiqotchilari, ular yaratgan asarlar uchun Davlat mukofotini ta’sis qilmoq kerak.Zero, Yahyo G’ulomov shunga loyiq SHAXS , millatimiz uchun faxr timsolidir.