“Jonli kutubxona”lar (ing.Human Library) aynan shunday imkoniyatni beruvchi noodatiy kutubxonalaridan biridir. Bu kutubxonalarning boshqalardan yagona farqi shundaki, unda siz kitoblar o‘rniga jonli insonlarni tanlaysiz, mutolaa esa tanlangan insonlarni tinglash hamda ularning hikoyalari bo‘yicha turli savol-javoblar o‘tkazishdan iborat.
“Jonli kutubxona” tashkil etish g‘oyasi 2000-yili Daniyaning Kopengagen shahrida Ronni Abbergel va uning jamoasi tomonidan yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikni kamaytirish maqsadida to‘rt kun davomida o‘tkazilgan festivaldan so‘ng paydo bo‘lgan. Ijobiy natijalarga boy ushbu festival birozdan so‘ng “Jonli kutubxona” uyishmasini tashkil etishga turtki bo‘ldi. Dastlab Daniyada muvaffaqiyatga erishgan bu turdagi kutubxonalar tashabbuskorlar va Yevropa kengashi kabi jamoat kutubxonalari institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida dunyo bo‘ylab keng miqyosda tarqalmoqda.
Bugungi kunda 70dan ortiq davlatlarda “Jonli kutubxona” kutubxonalari tashkil etilgan bo‘lib, bu harakatlar butun dunyoning ijtimoiy hayotiga sezilarli darajada ta’sir etmoqda. Dastlab o‘quv dargohlari, san’at ko‘rgazmalari hamda yoshlar kongresslarida inson huquqlariga bag‘ishlagan festival sifatida tashkil etilgan bu tadbir, keyinchalik alohida kutubxona sifatida faoliyat yuritishga o‘tdi. 2006-yili esa Avstraliyaning Lismore shahrida birinchi doimiy faoliyat ko‘rsatish uchun jonli kutubxona binosi qurib foydalanishga topshirildi.
“Jonli kutubxona”larda kutubxonachilar ko‘ngilli ravishda ishlab, ularning asosiy vazifasi jonli kutubxonalarni kitobxonlarning qiziqishiga ko‘ra tanlashga ko‘maklashish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, yangi kitobxonlarga bu kutubxona haqida ma’lumot berishdan iboratdir. Kitob bo‘lib xizmat qiluvchi insonlar ham ko‘ngilli sifatida o‘z hayot tajribalari bilan o‘rtoqlashadi, kitobxonlarning savollariga ochiq-oydin javob berishadi.
Yaqinda o‘tqazilgan tadqiqot natijalari ushbu kutubxonalarning yaratilishi oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun ijobiy ta’sir o‘tkazib, ulardagi noto‘g’ri tushunchalarning kamayishi, o‘qish real aloqalarni rivojlantirish, insonlarga ko‘maklashish kabi insoniy fazilatlari ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar rivoji hayotimizni tubdan o‘zgartirdi, telefon, kompyuter va ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi insonlarni real hayotdan virtual olam tomon yetaklab borayotgani ayni haqiqat. Buning natijasida insonlar o‘rtasida yuzma-yuz muloqot keskin kamayib, o‘zimiz yaratgan aqlli qurilmalar go‘yoki bizlarni boshqaruvchi kuchga aylanadi. Insonlar endi bilimlarni kitobdan emas, balki turli qidiruv tizimlari yoki boshqa internet saytlaridan izlashmoqda. Bu esa, kitob o‘qish madaniyatiga ta’sir etibgina qolmay, kitoblarga bo‘lgan talabning kamayishiga olib keldi. Kitob mutolaasiga talab qanchalik pasaygani sari, kutubxonalardan kitobxonlarni jalb etishning yangi-yangi yo‘llarini topish taqozo etiladi. “Jonli kutubxona”lar yuqorida keltirilgan muammolarga yechim bo‘lsa ajab emas.
Matn yuzasidan savol va topshiriqlar: 1. Matnni o‘qing. Matnga reja tuzing. 2. Reja asosida matn mazmunini so‘zlab bering. 3. Matndan klishelangan so‘zlarni aniqlab, ko‘chirib yozing. 4. Dunyodagi mashhur kutubxonalar haqida taqdimot tayyorlang.