Maxsus ta’LIm vazirligi


Turdosh fanlar tizimida kriminologiyaning o’rni



Yüklə 268,88 Kb.
səhifə14/91
tarix27.03.2023
ölçüsü268,88 Kb.
#90518
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   91
kriminologiya modul

1.2.Turdosh fanlar tizimida kriminologiyaning o’rni.
Fanshunoslik hamda kriminologiyaga oid adabiyotlarda bu masalaga nisbatan uch xil yondashuv qayd etilgan. Birinchi yondashuvga ko’ra, kriminologiya umumijtimoiy fan hisoblanadi, chunki u ijtimoiy hodisa sifatidagi jinoyatchilikning sotsiologik, iqtisodiy, psixologik va pedagogik jihatlarini o’rganadi (M.I.Kovalev, A.B.Saxarov, B.S. Utevskiy va b.). Mazkur yondashuv kriminologiya sotsiologiyaning bo’limi sifatida tan olingan AQSh olimlariga ham xos. Germaniya, Italiya va Frantsiyada kriminologiya hatto ijtimoiytabiiy fan hisoblanadi.Ikkinchi yondashuvga binoan, kriminologiyani yuridik fanlar, xususan jinoyat huquqi doirasidan chetga chiqarib bo’lmaydi. Bundan xulosa shuki, kriminologiya – jinoyat huquqi fanining tarkibiy qismi, biroq uning faqat muayyan-sotsiologik qismi. Holbuki, jinoyat huquqining o’zi uning normativ-dogmativ qismidir (A.A.Gertsenzon,V.D.Menьshagin,A.A.Piontkovskiy, P.S.Romashkin, M.S. Strogovich va b.).Ushbu yondashuv tarafdorlarining fikriga ko’ra, yagona jinoyathuquqi fanini sun’iy tarzda ikki qismga ajratish katta metodologik xatodir.
Ba’zan maxsus adabiyotlarda mazkur yondashuvning bir turiga duch kelish mumkin. Unga ko’ra, kriminologiya jinoyat-huquqiy fanlarning mustaqil kompleks qismi hisoblanadi (A.D.Berenzon, V.A.Sergievskiy, V.E.Eminov va b.).Umumiy e’tirof etilgan asosiy – uchinchi yondashuvga binoan,kriminologiya – ijtimoiy-huquqiy fan. Bu yondashuv amalda aksariyat olimlar tomonidan tan olingan. Uning tarafdorlari kriminologiya predmetining asosiy tarkibiy elementlari (ayniqsa jinoyatchilik sabablari, jinoyatchi shaxsi, jinoyatchilikning oldini olish) huquqiy hodisalar va munosabatlar doirasida chetga chiqishi, biroq asosiy tayanch nuqtalari (xususan, jinoyat va jinoyatchi, shu jumladan jinoiy va ma’muriy jazo) huquqning tegishli tarmoqlari, avvalo jinoyat huquqi hamda jinoyat-protsessual huquqi bilan belgilanishidan kelib chiqadi. Binobarin, kriminologiya ikki ijtimoiy fan – sotsiologiya va huquq tutashgan joyda turadi, shu bois u ijtimoiy-huquqiy fan hisoblanadi.
Endi predmeti jinoyatchilik bilan u yoki bu darajada bog’liq bo’lgan boshqa fanlar bilan kriminologiyaning o’zaro nisbati masalasini ko’rib chiqamiz.Yuqorida qayd etib o’tganimizdek, kriminologiya jinoyat huquqi bilan uzviy bog’liqdir. Kriminologiyaning asosiy ob’ektlari – jinoyat va jinoyatchi jinoyat huquqi sohasida yotadi, biroq kriminologiya ularning jinoyat-huquqiy belgilarini aniqlash bilan kifoyalanmaydi, balki jinoyat majmuining qonuniyatlarini, ularning o’ziga xos xususiyatlarini, ularning sabablari, jabrlanuvchilar hamda jinoyatchi shaxsi bilan jinoyatchilikning o’zaro aloqalarini aniqlaydi. Kriminologiya jinoyat huquqining jinoyat qonuni ijtimoiy belgilanganligi, jinoyat huquqi normalari hamda ularni amalga tatbiq etishning samaradorligini o’rganuvchi qismi bilan ayniqsa uzviy bog’liq. O’z navbatida, jinoyat huquqi sotsiologiyasi ma’lumotlaridan kriminologiyada jinoyatchilikning oldini olish tizimida jinoyat-huquqiy choralarning roli va o’rnini aniqlash uchun foydalaniladi.
SHu nuqtai nazardan jinoiy jazo kriminologiya fani shug’ullanadigan jinoyatchilikning oldini olishning ijtimoiy chora-tadbirlaridan biri sifatida amal qiladi. Jinoyat huquqiga taqqoslaganda, kriminologiyaning maqsadi kengroq bo’lib, jinoyatchilikka qarshi kurashning mavjud barcha (shu jumladan jinoyat-huquqiy) usullari va vositalarining samaradorligini o’rganish hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan (shu jumladan jinoyat-huquqiy) metodlar va chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishdan iboratdir. Jinoyat protsessi fani ham kriminologiya bilan bir vazifani bajaradi. Bu fan jinoyat sudlov ishlarini yuritish jarayonida muayyan jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi sabablar va omillarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish choralarini ko’radi. Bu vazifa 1994 yilgi O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi moddalarida ham belgilangan.
Kriminologiya kriminalistika bilan ham aloqador hisoblanadi.Kriminalistika avvalo jinoyatlarni jinoyat-protsessual faoliyat shakli tarzida tergov qilish texnikasi, metodikasi va taktikasini ishlab chiqadi. Biroq jinoyatlarni tergov qilish, ochish va ularning oldini olish vazifasi uzviydir. Kriminologiya jinoyatchilikni umumiy, ijtimoiy darajada o’rganadi, uning umumiy ijtimoiy sabablari va omillarini aniqlaydi, jinoyatchilikning oldini olish chora-tadbirlarini umumlashtiradi va tizimga soladi. Kriminalistika fanida jinoyatchilik sabablarini o’rganish hamda jinoyatchilikning oldini olishning boshqacha darajasi amal qiladi. Kriminalistika muayyan jinoyatlarni sodir etish mexanizmlarini, jinoyatlarni tayyorlash, sodir etish hamda jinoyat izlarini yashirish usullarini o’rganadi. Binobarin,jinoyatlarning oldini olish vazifasi kriminalistika fani bilan mushtarakdir. Kriminologiyadan farqli o’laroq, kriminalistikada jinoyat sodir etish hollari, ularning oldini olish va ularga barham berish uchun shoshilinch choralar ko’rish haqidagi eng yangi ma’lumotlar amal qiladi.Kezi kelganda shuni ham ta’kidlab o’tish lozimki, Avstriya kriminalistika va kriminologiya fanining asoschisi G.Gross o’zining «Sud tergovchilari uchun qo’llanma» asarida (1893 yil) politsiya va tergov organlarining jinoyatchilik va jinoyatchilik haqidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarini tahlil qilib, kriminologiya va kriminalistika fanlarining uzviyligini qayd etgan. Kriminologiya fani va jinoyat-ijroiya huquqi fani turdosh sohaga – takroriy jinoyatchilikning oldini olish, takroran jinoyat sodir etgan (retsidivist) shaxsini hamda uni jamiyatga qaytarish masalalarini o’rganadi. Bundan tashqari, ular jinoiy jazoning hamda uni ijro etish shart-sharoitlarining samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar ham ishlab chiqadi.
Ayrim mamlakatlarda kriminologiya penitentsiar fanlar (ular ba’zan «turmashunoslik» deb ham ataladi) doirasida o’rganilishi bejiz emas. Garchi jinoyat-ijroiya huquqining predmeti (jazoni ijro etish jarayonida hamda bu borada yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlar) kriminologiya predmetidan torroq bo’lsa-da, ular pirovardida bir maqsadga – jinoyatchilikning oldini olishga erishish uchun mo’ljallangan. Bu maqsadga erishish vositalari har xil, biroq ular bir-birini to’ldiradi. Kriminologiyada qo’llaniladigan jinoyatchilikni eng salbiy hodisa sifatida o’rganish jinoyat-ijroiya huquqi uchun ham foydalidir, chunki jinoyatlar ozodlikdan mahrum qilish joylarida ham, ozodlik dan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan ham, kam ahamiyatli qilmishlar uchun ijtimoiy ta’sir choralari qo’llanilgan shaxslar tomonidan ham sodir etiladi.
Jinoyat sodir etgan shaxslarning barcha toifalariga profilaktik ta’sir ko’rsatiladi, biroq uning shakllari va usullari har xil: axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun – jinoyat-ijroiya huquqi fanining shakllari va usullari,boshqalar uchun – kriminologiya fanining shakllari va usullari qo’llaniladi.
Amaliyotda jinoyat sodir etgan shaxslar bilan tarbiyaviy ishlar olib borish hamda ogohlantirish metodlarini ishlab chiqishda kriminologiya va jinoyat-huquqi fani yutuqlaridan foydalaniladi. Shu o’rinda kriminologiyaning jinoyatlar statistikasi bilan aloqasini ham qayd etib o’tish lozim. Zotan, jinoyatchilikni o’rganish zamirida jinoyatchilikning holati haqidagi statistik material, jinoyatchilar shaxsiga doir (ayniqsa demografik) ma’lumotlar yotadi, statistikaning ilmiy metodlaridan esa kriminologiyada keng foydalaniladi (ayniqsa kuzatish, ma’lumotlarni yig’ish va guruhlash). Boz ustiga, o’n to’rtinchi asrda kriminologiyaning asosiy muammolarini aynan statistika nazariyotchilari tomonidan o’rganish keng rivojlandi (Frantsiyada Gerri, Bel`giyada Ketle, Rossiyada Tkachev). Statistik tahlil vositasida jinoyatchilikning boshqa ijtimoiy hodisalar bilan aloqalarining turli jihatlari aniqlandi. Masalan, Ketle jinoyatchilarni jinsi va yoshi, jinoyat sodir etilgan joy, vaqt hamda foydalanilgan jinoyat qurollariga ko’ra tasniflashning o’ziga xos xususiyatlarini yoritib berdi. U jinoyatchilikning ba’zi bir hodisalar bilan aloqasiga e’tiborni qaratib, jinoyatchilikning oldini olish chora-tadbirlari haqida ayrim muhim xulosalar chiqardi. Kriminologiya fani uchun boshqa yuridik fanlari (ayniqsa, konstitutsiyaviy va ma’muriy huquq) ma’lumotlari ham muhim ahamiyatga ega. Ular jinoyat sodir etish sabablari va omillarini o’rganish hamda jinoyatchi shaxsini tavsiflashda ham, ijtimoiy profilaktika sub’ektlari bo’lgan davlat organlari va jamoat birlashmalarining vazifalari va vakolatlarini belgilash, huquqbuzarliklarning oldini olish choratadbirlarini aniqlashda ham zarur.
Bunda kriminologiyaga umuman jinoiy xulq-atvorni o’rganuvchi va oldini oluvchi ma’muriy huquq yaqinroq turadi.Ayni vaqtda huquqbuzarliklarning eng xavfli shakli bo’lgan jinoyatchilik sabablari va omillarining yaxlit manzarasini berish va jinoyatchilikning oldini olish tizimining umumiy kontseptsiyasini ishlab chiqishga kriminologiyaning o’zigina qodir ekanligini nazarda tutish lozim. Boshqa yuridik fanlari, ayniqsa kriminal tsiklga kiruvchi fanlar o’z vazifalarini yechish uchun kriminologik tadqiqotlarning umumiy natijalaridan foydalanadi. Kriminologiya ijtimoiy-huquqiy fan bo’lgani sababli, boshqa bir qancha noyuridik fanlar bilan ham yaqin aloqalarga ega. Bunday fanlar orasida ijtimoiy psixologiya va pedagogika alohida o’rin tutadi. Bu psixologiya va pedagogika shaxsning individual jinoiy xulq-atvori (qarashlari, an’analari, qiziqishlari va ehtiyojlari) mexanizmini hamda g’ayriijtimoiy hodisalar, ayniqsa jinoyatlarning oldini olish uchun umumiy va individual ta’sir o’tkazish chora-tadbirlari tizimini o’rganishda katta yordam berishi mumkinligi bilan belgilanadi.


Yüklə 268,88 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   91




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin