Mehnat unumdorligi iqtisodiy o`sish omili sifatida
Mehnat unumdorligi va mehnat intensivligi nisbati Mehnat unumdorligi - rivojlanib boruvchi ko‘rsatkichdir. U ko‘pgina sabablar va omillar ta’sirida doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Ulardan bir xillari mehnat unumdorligi oshishiga yordam bersa, boshqalari uni pasaytirishga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, mehnat unumdorligi darajasi va o‘sishiga mehnat jarayoni kechadigan sharoit ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shart-sharoitlar qulay bo‘lsa, u yoki bu omilning ta’sir etishini kuchaytiradi yoki noqulay bo‘lsa, bu ta’sirni zaiflashtiradi. Masalan, tabiiy-iqlim sharoitlari qishloq xo‘jaligidagi mehnat natijalariga va uning unumdorligiga jiddiy ravishda ta’sir ko‘rsatadi. Ishlab chiqarish vositalarining mulkchilik shakllari bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy shart-sharoitlar, shuningdek, ishlab chiqarish munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan shart-sharoitlar boshqa teng sharoitda ham mehnat unumdorligiga jiddiy ravishda ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mehnat unumdorligi darajasi va uning dinamikasiga ko‘pgina omillar ta’sir qiladi. Omillar deb mehnat unumdorligining o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatadigan harakatlantiruvchi kuchlar yoki sabablarga aytiladi. Ulardan ayrimlari mehnat unumdorligining ortishiga yordam bersa, boshqalari unumdorlikning pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Omillarning birinchi guruhiga mehnat vositalarining samarasini ortishi, mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etish va mehnatkashlar ijtimoiy guruhlari sharoitining yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tadbirlar kiradi; ikkinchi guruhi - tabiiy sharoitlarning noqulay ta’sir ko‘rsatishi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi kamchiliklar, ijtimoiy sharoitdagi salbiy elementlarning ta’sir ko‘rsatishi kiradi.
Ayrim korxona yoki tashkilot darajasidagi omillarni qarab chiqqanda, ularning hammasini ichki va tashqi omillarga bo‘lish mumkin.
Ichki omillarga korxonaning texnika bilan qurollanish darajasini, qo‘llanilayotgan texnologiyaning samaradorligi, mehnat va ishlab chiqarishning energiya bilan ta’minlanishi darajasi, tatbiq etilayotgan rag‘batlantirish tizimlarining ta’sirchanligi, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, kadrlar tarkibining yaxshilanishi kabi korxonani rahbarlariga bog‘liq bo‘lgan barcha narsalar kiradi. Tashqi omillarga quyidagilarni kiritish mumkin: davlat buyurtmalari va bozordagi talab hamda takliflarning o‘zgarishi munosabati bilan mahsulot xillari va ularning sermehnatlik darajasining o‘zgarishi; jamiyat va mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlari; mehnatni kooperatsiyalashuv darajasi, moddiy texnika ta’minoti tabiiy shart-sharoitlar va hokazolar.
Barcha omillarni o‘z ichki mazmuni va mohiyatiga ko‘ra, uchta guruhga bo‘lish mumkin: moddiy-texnika, tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy. Mehnat unumdorligini oshirishning moddiy asosi fan, texnika va texnologiyani rivojlantirish, ularning yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishdir. Shuning uchun ham moddiy-texnika omillari guruhini, odatda, etakchi va qolgan barcha omillarni belgilovchi guruh deb qaraladi.
Moddiy - texnika omillari ta’siri natijasida mehnat unumdorligi ortadi va mahsulotning sermehnatlik darajasi (t) pasayadi. Sermehnatlilik darajasi ko‘rsatkichi bo‘yicha mehnat unumdorligining o‘sishi quyidagi formulalar bilan aniqlanadi:
Bu erda - mehnat unumdorligining oshishi, %;
- mahsulot birligi sermehnatlik darajasining pasayishi, %;
- tadbirni joriy etishdan oldin mahsulot birligini uchun zarur bo‘ladigan boshlang‘ich sermehnatlik darajasi.
Mehnat unumdorligining o‘sishiga doir tashkiliy omillarda korxonalar, tarmoqlar va umuman, xalq xo‘jaligi darajasida ishlab chiqarishni tashkil etish kiradi. Xususan, korxonalarni mamlakatimiz hududlari bo‘yicha joylashtirish, ham mamlakat ichida, ham chet mamlakatlar bilan transport aloqalarini yo‘lga qo‘yish; korxonalarni ixtisoslashtirish va ularning keyinchalik kooperatsiyalashuvi; moddiy-texnika, energiya ta’minoti, ta’mirlash xizmati ko‘rsatish va hokazolar katta ahamiyatga egadir. Korxonalar ichida ishlab chiqarishni tashkil etishning yaxshilanishiga doir muhim vazifalar quyidagilardir: rejalashtirish sifatini oshirish; ishlab chiqarishni tashkiliy-texnik jihatdan tayyorlashni tashkil etish; yangi texnika va texnologiyani o‘z vaqtida joriy qilish; ishlab turgan asbob-uskunalarni zamonaviylashtirish; mashinalar, mexanizmlar, asbob-uskunalar, apparatlarni joriy va kapital ta’mirlashni ta’min etish, shuningdek, korxona ichida moddiy-texnika ta’minotini to‘g‘ri tashkil etish.
Ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ta’siri shu narsa bilan bog‘liqki, fan-texnika taraqqiyotining avj olishi, ishlab chiqarish (texnika, texnologiya) moddiy asosining ta’minlashuvi va xilma-xil, ko‘p hollarda esa ancha murakkab tashkiliy tadbirlarning amalga oshirilishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, balki faqat ijtimoiy ishlab chiqarish ishtirokchilari bo‘lgan insonlarning faol mehnat faoliyati natijasidagina sodir bo‘ladi. Bu mehnat faoliyatining harakatlantiruvchi kuchi - muayyan natijani qo‘lga kiritishga bo‘lgan qiziqishdir. U o‘z navbatida ishlab chiqarish ishtirokchilari bo‘lgan insonlarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish yoki boshqa faoliyat qatnashchilari muayyan mehnat faoliyati natijasini qo‘lga kiritishga intilishi bilan bir qatorda etarli darajadagi mehnat qobiliyatiga, ishbilarmonlik va shijoatkorlik kabi zarur shaxsiy sifatlarga ega bo‘lishlari, shuningdek, tadbirkor va hushyor bo‘lishlari lozim.
Mehnat unumdorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy omillarga quyidagilar kiradi:
mehnat natijalaridan moddiy va ma’naviy manfaatdorlik;
xodimlarning malaka darajasi, ularning kasbiy tayyorgarligi sifati va umumiy madaniy-texnikaviy saviyasi;