Mamlakatimizda energetika sohasi keng ko‘lamda rivojlantirilmoqda. Neft, gaz kabi uglevodorodlar bilan cheklanib qolmasdan, quyosh, shamol va suvdan elektr energiyasi olish inshootlari barpo etilmoqda. Xususan, 2017 yilda Prezident farmoni bilan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 9 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada 244 megavattlik qo‘shimcha quvvat yaratildi. Lekin, yurtimizning gidroenergetika salohiyati 50 foiz ishga solingan, xolos. Shu bois jami 740 megavatt quvvatli 21 ta yirik loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, kelgusi yilda 170 megavattli 7 ta, 2023-2024 yillarda 150 megavattli 12 ta hamda 2025-2026 yillarda 420 megavattli 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Mamlakatda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidro elektr inshootlari barpo etilmoqda.
2023 yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi. Davlat rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini ta’kidlab, quvvatlarni keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub/metr gazni tejash mumkin.
Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo‘lga qo‘yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi. Gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish bo‘yicha topshiriq berildi. U yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo‘ladi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi daryo oqimlarining nazariy gidroenergetika salohiyati yiliga 88,5 mlrd kVt/soatni, texnik gidroenergetika salohiyati esa 27,4 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Hozir ushbu salohiyatning qariyb 24 foizidan foydalanilmoqda.
MDH mamlakatlari ichida o‘tgan 5 yil davomida gidroenergetika sohasida yangi GESlarni foylalanishga topshirish bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinni egallamoqda.
Bu borada, ko‘rsatkichlarga nazar tashlasak, Rossiya Federatsiyasida jami 6 ta, Tojikiston Respublikasida 1 ta, Qozog‘iston Respublikasida 3 ta, Ozarboyjon Respublikasida 5 ta, Belarus Respublikasida 2 ta yangi GESlar ishga tushirilgan bo‘lib, Ukraina, Moldoviya, Gruziya, Qirg‘izistonda yangi GESlar ishga tushirilmagan.
Mamlakatimizning esa, bu borada yuqori ko‘rsatkichni qayd etgani sir emas. O‘tgan 5 yillik qisqa davr mobaynida 11 ta yangi GES qurib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 9 ta GES modernizatsiya qilinib, yangi quvvatlarda ishga tushirildi.