bog’lari zararkunandalari va ularga qarshi kurash.
Xo‘sh, bog‘-rog‘larga zarar yetkazayotgan ushbu kasalliklarga qanday kurashish mumkin? — Agrotexnik tadbirlar – erta bahorda zararkunanda va kasalliklar ta’sirida qurigan shox-shabbalarni kesish, shakl berish, shox-shabbalarni, ayniqsa to‘kilgan barglar va meva, uzum qoldiqlarini daladan chiqarib yo‘qotish, qator oralarini shudgorlash lozim. Mavsum davomida agrotexnik tadbirlarni, sug‘orish ishlarini belgilangan muddatda va me’yorlarda o‘tkazilishini ta’minlash, organik va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida va me’yorlarida oziqlantirish, ko‘milgan toklarni o‘z muddatida ochish va ko‘tarish, xomtak qilish va chilpish kerak...
Sabzavot va poliz ekinlarida belgilangan barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddat va me’yorlarida amalga oshirish bilan hosilni mo‘l qilib olish mumkin.
Biologik himoya tadbirlari — hozirgi paytda mevali bog‘larda olma qurtining tuxumiga qarshi tuxumxo‘r parazit trixogramma, barg shiralariga qarshi oltinko‘z, qon bitiga qarshi afelinius, komstok qurtiga qarshi psevdofikus parazitlari hamda barg kemiruvchi qurtlariga qarshi mikrobiologik preparatlar qo‘llanilmoqda. Tabiiy kushandalarning faoliyatini kuchaytirish uchun bog‘larning ichiga nektarga boy o‘simliklar ekiladi.
Sabzavot va poliz ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik usulda kurashda ularning tabiiy kushandalaridan enkarziya (oqqanotga qarshi), oltinko‘z (shiralar, kanalar va tripsga qarshi), tuxumxo‘r trixogramma (yer osti va yer ustki tunlamlar tuxumiga qarshi), brakon paraziti (pomidor, karamda tunlam qurtlariga qarshi) samarali foydalanilmoqda.
Biologik usulni issiqxona va ochiq maydonlardagi sabzavot ekinlarida qo‘llash ekologik toza mahsulot yetkazib berishga imkon beradi.
Kimyoviy tadbirlar – mevali bog‘larda kalmaraz, klyasterosporioz, dog‘lanish va boshqa kasalliklarga qarshi erta bahorda kurtaklanish oldidan 3-4 foizli bordo suyuqligi yoki 1 foizli mis kuprosi eritmasi, zararkunandalarga qarshi mineral profinli preparatlar bilan ishlov berish lozim.
Tok oidum, antraknoz kasalliklarining oldini olish maqsadida 0,5-1 darajali OOЈ (ISO) qaynatmasi sepish va oltingugurt kukunini changlatish, mildyu, antroknoz kasalliklarining oldini olish uchun bordo suyuqligi yoki tarkibida mis tutuvchi fungitsidlar bilan ishlov o‘tkaziladi.
Mildyu kasalligiga qarshi tok ko‘milmaydigan joylarda kuzda, tok ko‘miladigan joylarda toklar ochilgandan so‘ng 3 foizli bordo suyuqligi bilan ishlov berish, kurtaklar uyg‘ongandan so‘ng gullashga qadar 5-7 barg bo‘lganda va gullagandan keyin 1 foizli bordo suyuqligi yoki tarkibida mis tutuvchi fungitsidlar bilan ishlov o‘tkazish zarur.