MAVZU: MEVA VA UNING TIPLARI .
Meva yopiq urug’li o’simliklar uchun xos bo’lgan generativ a‘zo bo’lib, gulda urug’lanish jarayoni o’tgandan keyin urug’chi tugunchasi va gulning boshqa a‘zolari ishtirokida rivojlanadi. Agar gulning tugunchasi ustki bo’lsa, unda meva faqat tugunchani o’zidan (chin meva) hosil bo’lsa, ostki tugunchali gulda esa mevaning hosil bo’lishida gul o’rni changchilarning ostki qismi, gultoj va gulkosa barglari ham ishtirok etadi. Agarda gulda bir necha urug’chi bo’lsa, ular urug’langandan so’ng ayrim mevalardan tashkil topgan to’pmeva rivojlanadi. Mevaning rivojlanishi urug’ning rivojlanishi bilan bir vaqtda boradi. Mevalar tuzilishi muhim bir sistematik belgi bo’lib u yoki bu sistematik birliklar holatini aniqlashda ham qo’llaniladi.
Mevalarning biologik ahamiyatishundaki, ular urug’larning tarqalishiga yordam beradi. Shuning uchun ular turli xil moslanishlarga ega. Mevaning po’sti urug’ning qurib qolmasligi, qizib ketishi, mikroblar bilan zararlanishi hamda mexanik taassurotlardan himoya qiladi. Shunday qilib, mevalar kelgusi avlodning yashovchanligini oshiradi.
Meva ikki qismdan: meva eti, po’sti –perikarp(yunon. peri-atrofi, karpos-meva) va urug’dan iborat bo’ladi. Meva po’sti tugunchaning devoridan hosil bo’lib, uch qavatga ega:
Ekzokarp(tashqi qavat).
Mezakarp(o’rta etli va seret qavat).
Endokarp (ichki) qavat.
Ushbu qavatlar barcha mevalarda bir xil darajada rivojlanmagan.
Agarda gulda bitta urug’chi bo’lsa, bu urug’chidan hosil bo’lgan meva oddiy meva deb ataladi. Masalan, no’xatning dukkak mevasi shu guruhga kiradi.
Agarda gulda bir nechta urug’chi bo’lsa, bu urug’chilardan hosil bo’lgan mevaga murakkab meva deyiladi. Bunga ayiqtovon va malina o’simliklarining mevasi misol bo’ladi.
Agarda meva bir nechta guldan yoki to’pguldan hosil bo’lsa to’pmevadeb ataladi. Masalan, lavlagi, ananas, anjir va tutning mevasi to’pmeva hisoblanadi.
Perikarp qavatlarining holatiga ko’ra mevalar ho’l (sersuv) va quruq mevalarga bo’linadi.
Ho’l mevalarning meva po’sti (perikarp)da mezokarp qavati yaxshi rivojlangan. U bir necha qavat parenxima hujayralardan tuzilib, hujayra qobig’i yupqa, hujayra shirasiga boy bo’ladi. Ularda tashqi epiderma va o’tkazuvchi boylamlar yaxshi rivojlangan.
Quruq mevalarda esa mezokarp emas, balki ekzokarp va endokarp qavatlari mavjud. Mezokarp esa o’z suyuqligini yo’qotgan sklerenxima va tosh hujayralardan iborat.
Ho’l mevalar: A-B- rezavor; D-olma; E-banan; F-pomeranes; G-qovoq. Quruq mevalar: A-yong’oq; B-yong’oqcha; D-don; E-pistacha; F-murakkab yong’oqcha; G-hakalak (eman); H-qanotli; I-ikki qanotli; J-yertutning murakkab yong’oqcha mevasi.
Mevalar odatda ho’l va quruq, bir urug’li va ko’p urug’li, chatnaydigan va chatnamaydigan kabilarga ajratiladi. Mevalar tabiiy tasnifiga ko’ra esa, urug’chi turiga asoslangan. Bunda, bir yoki bir necha ayrim mevabarglardan tashkil topgan apokarpva bir-birlari bilan o’zaro qo’shilgan mevabarglardan iborat senokarpmevalar ajratiladi. Ularning har biri o’ziga xos parallel ravishda ho’l va quruq, bir va ko’p urug’li, chatnaydigan va chatnamaydigan shaklllarni hosil qilgan. Senokarp mevalar yana o’z navbatida sinkarp, parakarp va lizikarp mevalarga bo’linib ketadi. Tugunchaning holatiga qarab faqat urug’chi mevabarglaridan, ya‘ni ustki tugunchadan hosil bo’lgan haqiqiy mevalar va ostki tugunchadan hosil bo’lgan soxta mevalar farq qilinadi. Soxta mevalarda gulning boshqa a‘zolari ham ishtirok etadi.
Quruq mevalarning tiplari: Bargak meva - bitta meva bargchasining birikib o’sishidan hosil bo’lgan bir uyali, ko’p urug’li, bir tomonlama ochiladigan quruq apokarp meva. Bargak meva - ayiqtovondoshlar oilasining vakillarida uchraydi.
Ko’p urug’li quruq mevalar: A-bargak; B-murakkab bargak; D-dukkak; E-qo’zoq; F-bo’g’imli qo’zoq; G-qo’zoqcha; H-I-J-ko’sak
Dukkak- bitta meva bargchadan hosil bo’lgan, bir uyali, bir-ikki yoki ko’p urug’li, ikki tomonlama ochiladigan va ochilmaydigan quruq apokarp meva. Dukkak mevalar Burchoqdoshlar oilasining vakillarida bo’ladi. Bunday mevalarning shakli va kattaligi har xil bo’lishi mumkin. Masalan, ekma bedaning dukkak mevasi ko’p urug’li, spiralsimon o’ralgan bo’ladi. Esparset o’simligining mevasi bir urug’li, ochilmaydigan dukkak meva hisoblanadi.
Qo’zoq va qo’zoqcha meva- ikkita meva bargchasining birikib o’sishidan hosil bo’lgan, ikki uyali, ko’p urug’li senokarp meva hisoblanadi. Urug’lari soxta pardaga o’rnashgan, ikki tomonlama ochiladigan va ochilmaydigan quruq meva. Qo’zoq mevaning uzunligi enidan farq qiladi. Qo’zoqcha mevaning uzunligi enidan deyarli farq qilmaydi. Qo’zoq va qo’zoqcha mevalarni karamdoshlar oilasining vakillarida ko’rish mumkin.
Meva va urug’larning tarqalishi: 1-8-anemoxoriya (1-5-uchma mevalar; 6-8-qanotchali mevalar); 9-11-zooxoriya; 12-13-gidroxoriya (12-nilufar; 13-kokos palmasi mevasi).