Bugungi kunda ma’lumotlarni shifrlovchi ko‘plab dasturlar ishlab chiqilgan. Ular orasida TrueCrypt dasturi o‘z afzalliklari va yuqori imkoniyati tufayli keng ommalashgan.
Mazkur dasturning o‘ziga xos jihati mavjud bo‘lib, uning vositasida kompyuterning doimiy xotirasida ma’lum bir soha ajratib olinadi va shifrlangan ma’lumotlar ana shu sohada saqlanadi. Ushbu sohani hosil qilish jarayoni bir necha bosqichlardan iborat bo‘ladi.
Shifrlovchi dasturlarning yana bir vakili AxCryptdasturi foydalanish uchun qulay bo‘lib, unda ortiqcha sozlash ishlarini amalga oshirish talab etilmaydi. Dastur kompyuterga o‘rnatilganda, u Provodnikning kontekstli menusiga, ya’ni sichqonchaning o‘ng tugmasi bosilganda hosil bo‘luvchi menuga joylashadi. Ushbu dastur yordamida shifrlanayotgan yoki shifrdan chiqarilayotgan fayl yoki papka belgilanadi va kontekstli menudagi AxCrypt dasturida kerakli amal tanlanadi.
AxCrypt dasturi quyidagi imkoniyatlarga ega:
AES-128 va SHA-1 shifrlash algoritmidan foydalanib, ma’lumot- ning asl nusxasi o‘rniga yoki alohida yangi shifrlangan faylni hosil qilish;
dastur orqali hosil qilingan kalitli fayl yordamida himoya qilish;
o‘zi ochiluvchi (.exe kengaytmali) shifrlangan faylni yaratish. Bunday holatda shifrlangan ma’lumotni ochish uchun AxCrypt dasturi zarur bo‘lmaydi. Foydalanuvchi parolni bilishi, agar zaruriyat bo‘lsa, kalitli faylga ega bo‘lishi kerak;
shifrlangan faylni shifrdan chiqarmasdan, parol (kalitli fayl) orqali ishga tushirish. Bu holda faylning asl nusxasi axborot tashuvchida hosil bo‘lmaydi;
papkalar ichidagilarni paketli shifrlash;
o‘chirilgan ma’lumotlarni tiklashdan himoyalash. O‘chirilgan fayllar egallagan joyga tasodifiy sonlar yoziladi.
Ma’lumki, har qanday yozma hujjatni tayyorlashda muallif uning haqiqatan ham asl nusxa ekanligini isbotlovchi shaxsiy imzosini qo‘yadi. Bu holat bugungi kunda elektron hujjatlarni tayyorlash va ularni almashishda ham o‘z aksini topmoqda. Elektron hujjat bilan ish yuritishda ma’lumotni qabul qiluvchi o‘ziga avval berilgan imzoni olingan ma’lumot- dagi imzoga solishtirib, uning haqiqiyligini tekshirib olishi mumkin. Shuningdek, imzo ma’lumot hujjatiga yuridik jihatdan mualliflikni kafo- latlaydi. Bunday kafolat esa barcha sohalarda, jumladan, bank va savdoda alohida ahamiyatga ega.