www.ziyouz.com kutubxonasi
31
439.
Musibat yetganda yuzlarini yuladigan, yoqasini yirtadigan va o’zini qarg’ab yig’laydiganlarni
Tangri la’natlasin.
440.
Pora beruvchini ham, uni oluvchini ham, ikkalasining orasida turuvchini ham Tangri la’natlasin!
441.
Tangri ayollarning kiyimini kiyadigan erkakni va erkaklarning kiyimini kiyadigan ayolni
la’natlasin!
442.
Ota-onasi qarg’aganni Tangri qarg’aydi. Tangridan boshqaga atab jonliq so’yuvchilarni Tangri
la’natlaydi.
443.
Mo’min kishini la’natlashlik – uni o’ldirish bilan barobardir. O’zini o’zi o’ldirgan odam qiyomat
kuni tegishli azobini tortgusidir.
444.
Odamning qalbi qaynab turgan qozondan ham o’zgaruvchanroqdir.
445.
Har bir narsaning buzuvchi ofati bordir. Dinning ofati yovuz hokimlardir.
446.
Har bir narsaning kaliti bor. Jannatning kaliti miskin faqirlarni sevishdir.
447.
Eshigiyu derazasi yo’q bir silliq toshning ichida turib biror ish qilsalaringiz ham odamlarga
ma’lum va oshkor bo’laveradi.
448.
Tilamchilik nima ekanligini bilganlaringda edi, birortalaringiz ham biror kishidan hech narsa
so’ramas edingiz.
449.
Mabodo men dalil-isbotsiz toshbo’ron qilishim mumkin bo’lganda, mana shu shu fohisha ayolni
toshbo’ron qilar edim.
450.
Agar sizlarning tilsiz hayvonlarga nisbatan qilgan zulmlaringiz kechiriladigan bo’lsa, demak juda
ko’p gunohlaringiz kechirilgan bo’lar edi.
451.
Insonga bir vodiy to’la molu dunyo berilsa, u ikkinchi vodiyning ham berilishini xohlaydi.
Ikkinchisidan keyin uchinchisini va hokazo, uning nafsi to’ymaydi. Insonning ko’zini faqat tuproq
(qabr tuprog’i) to’ydiradi. Kimki tavba qilsa, Tangri uni kechiradi.
452.
Qiyinchilik qilmaganda edi, har bir namoz oldidan misvok ishlatish va xushbo’ylanishga buyurar
edim.
453.
Yurib ketayotganga otliq, o’tirganga yurib ketayotgan, ko’pchilikka ozchilik salom bersin!
Salomga alik olsa-ku yaxshi, bordiyu olmasa, salom beruvchiga zarari yo’q.
454.
Kishi vafo qilish niyatida va’da bergan bo’lsa-yu, uni bajara olmasa – bu va’dani buzgani
bo’lmaydi. Ammo vafo qilmaslik niyati bilan va’da qilsa – bu ayni xilofdir.
455.
Kurash tushib yiqitgan emas, balki g’azabi kelganda o’zini bosib olgan odam kuchlidir.
456.
Ro’za faqatgina yeyish-ichishdan saqlanish bilan emas, balki behuda, bema’ni va yomon
so’zlardan saqlanish bilandir. Agar biror kishi seni so’ksa, sen unga: “Men ro’zadorman”, - deb uzr
aytgin.
457.
Boylik molu dunyoning ko’pligi bilan emas, balki nafsning to’qligi bilandir.