www.ziyouz.com kutubxonasi
60
o‘rnimdan turib ishga jo‘nardim, shu ketganimcha to tunga qadar uyga qaytmasdim. Shu tariqa men
so‘qqabosh bo‘lib qolgandim. To‘g‘ri, ahyon-ahyonda: «Ehtimol, hali yana baxtli kunlarga
erisharman», degan hazin o‘y xayolimga kelib qolardi.
Nihoyat juda og‘ir, iztirobli va cheksiz mashaqqatli bu baxt men kutmagan bir paytda kelib qoldi.
Bundan to‘rt yilcha muqaddam tugab borayotgan qish kunlarining birida qo‘shnimning bemor
onasini oblast kasalxonasiga olib borgan edim. Qo‘shnimning o‘zi bo‘lsa uydan bo‘shab chiqa
olmasdi. Bir yoqda ish, oila, bir yoqda bolalari... Kampirning ahvoli esa kun sayin og‘irlashib
bormoqda edi. Men uni vrachlarga ko‘rsatishga ahd qildim. Shu kun uchastkamizga yo‘l
boshqarmasidan mashina kelib qoldi. Unda nimadir keltirishgan edi. Biz ana o‘sha mashinada oblast
markaziga bordik. Kampirni vrachlarga ko‘rsatdim. Vrachlar kampirni kasalxonaga yotqizish kerak,
yotqizilma-sa bo‘lmaydi, deb maslahat berishdi. Kampir kasalxonaga birinchi marta tushganidan,
yotmayman, deb qaysarlik qilib turib oldi, o‘lsam o‘lamanki, ammo kasalxonada qolmayman, derdi u.
Qaytarib olib ket, bo‘lmasa qarg‘ishimga qolasan. Shuncha qilsam ham uni ko‘ndira olmadim. Yana
qaytarib olib ketishga to‘g‘ri keldi. Turli-tuman doridarmonlar olib, orqaga qaytdik. Vaqt allamahal
bo‘lib qolgan edi. Avtobazaning dovondagi bazasidan o‘tib ketdik. Bir payt shofyor mashinasini
shartta to‘xtatdi, men uning:
— Qayoqqa borasiz? — deb so‘rayotganini eshitdim.
Allanima deb mujmalgina javob qaytargan ayol kishining ovozi quloqqa chalindi va uning nari
ketayotgan odim sharpasi eshitildi.
— Chiqa qoling! — dedi shofyor unga. — Nega unday qilasiz? — deb mashinani unga yaqinroq
haydab bordi.
Qo‘lida bola, tuguncha ko‘tarib olgan yoshgina ayol mashina bortiga yaqinlashdi. Men ayolning
kuzovga chiqib olishiga yordamlashdim, kabina orqasidagi shamol tegmaydigan pana joyni unga
bo‘shatib berib, o‘zim burchakka o‘rnashib oldim.
Biz yo‘lga tushdik. Kun sovuq, rutubatli shamol esardi. Bola yig‘lay boshladi. Ayol bolani
ovutishga har qancha urinmasin, u sira tinchlanadiganga o‘xshamasdi. Toza chatoq bo‘ldi-ku!
Kabinaga o‘tqazay desak, u yerda chalajon kampir o‘tirardi. Shunda men ayolning yelkasidan
sekingina turtdim:
— Qani, menga bering-chi, ehtimol, tinchib qolar, o‘zingiz sal egilibroq o‘tiring, shamol tegmasin.
Men bolani kalta po‘stinim bilan o‘rab oldim-da, bag‘rimga bosdim. U tinchib, pishillab nafas ola
boshladi. Juda do‘mboq, o‘ziyam o‘n oylik chamasi jajjigina bola ekan. Men uni chap bag‘rimga olib
o‘tirardim. Birdan yuragim gupillab, xuddi otib tushirilgan qush kabi tipirchilay boshladi. Nega
ekanligini o‘zim ham bilmayman. Qalbim ham qayg‘u, ham quvonchli tuyg‘ularga to‘lgan edi. «Eh,
nahotki hech qachon otalik baxtiga muyassar bo‘lolmasam-a», deb o‘ylardim men. Bola esa bag‘rimda
issiqqina yotardi. Unga boshqa hech narsaning keragi ham yo‘q edi.
— O‘g‘ilmi? — deb so‘radim.
Ayol bosh irg‘ab qo‘ydi. Ko‘rib turibman, bechora sovqotib qolgan, egnida yupqa palto. Men
bo‘lsam qishda ham kalta po‘stin ustidan plash kiyib yuraman: bizning ish sharoitimizda busiz mumkin
emas. Bolani bir qo‘limda ushlab turib, unga ikkinchi yengimni cho‘zdim.
— Plashimni yeching. Bunaqada shamollab qolasiz.
— Yo‘g‘-e, qo‘ying, ovora bo‘lmang, — deb ko‘nmadi u.
— Torting, tortavering! — deb turib oldim men. — Yopinib oling.
U plashga o‘ralib oldi, shamol kirmasin deb etaklarini oyog‘i ostiga qistirib qo‘ydim.
— Biroz isidingizmi? — deb so‘radim men.
— Ha, isidim.
— Yo‘lga namuncha kech chiqdingiz?
— Shunday bo‘lib qoldi, — dedi u ohistagina. Shu payt biz daradan ketayotgan edik. Bu yerda
konchilar posyolkasi joylashgan edi. Hamma uyquga ketgan, derazalarda bironta chiroq ko‘rinmasdi.