www.ziyouz.com kutubxonasi
5
Modomiki asosiy mavzudan chetlashib ketgan ekanman, shunga ko‘ra bu o‘rinda bir lirik chekinish
qila qolay.
Ehtimol, o‘quvchilar «Ikki hikoyadan iborat qissa» degan g‘alati sarlavhachaga e’tibor
qilishgandir. Ha, darvoqe, shunday. Bu shunchaki avtorning xohishi bilan bo‘lgan narsa emas.
Ma’dumki, odatda, agar zarurat tug‘ilsa, adabiy asarlarni bo‘lim, bob va qismlarga ajratiladi. Hikoya
esa o‘z-o‘zidan ma’lumki, alohida mustaqil adabiy asardir. Biroq bu yerda gap forma haqida
ketayotgani yo‘q.
«Bu voqeaning tarixi uzoq!» — degan edi benzin kolonkasidagi ayol. Haqiqatan ham men so‘zlab
bermoqchi bo‘lgan voqea juda uzoq va ehtimol, odatdagi hikoyalarga mutlaqo o‘xshamas. Men bu
haqda allaqachon avtor tilidan kichkinagina qissa ham yozgandim. Ya’ni, tashqaridan kuzatib turib,
voqea-hodisalar va kishilar xarakterlarini chizib bergandim. Shunday qilib, tasvirlanayotgan hayot
qaynovida avtor sifatida o‘zim ham qatnashgandim. Qissani o‘qib chiqish uchun o‘rtoqlarimga
berarkanman, birdaniga ustimga do‘lday ta’na va tanbehlar yog‘ila boshladi. Aytilgan fikrlar hech bir-
biriga to‘g‘ri kelmasdi: ba’zilar meni haq, avtor o‘z qahramonlariga nisbatan shunday pozitsiyada
bo‘lishi kerak, deyishsa, ba’zilar meni koyishib, g‘azablanib, avtor nohaq, asarni bunday emas,
boshqacharoq yozish kerak edi, dedilar. Ayniqsa, qissaning xotima qismi ko‘pchilikning achchig‘ini
keltirgandi. Xullas, ular har to‘g‘rida bahslashishardi. Axloq haqida, qahramonlarning hatti-harakatlari
haqida tortishishib, yo ularni qoralashar, yo ma’qullashardi. Ammo kishilarning hayotga nisbatan bu
shaxsiy qarashlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha e’tirozlari menga, avtorga qaratilgan bo‘lib, go‘yo
bularning hammasi mening xohishim bilan ro‘y bergandek edi.
O‘rtoqlarimdan qaysi birining fikri qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini muhokama qilib
o‘tirishni o‘z zimmamga olmayman, tahlil qilish niyatim ham yo‘q. Biroq uzoq fikr yuritishlardan
so‘ng shunday xulosaga keldim, ya’ni qissani hayotda qay tarzda eshitgan bo‘lsam, xuddi shu tarzda
yozishim kerak. Men bu qissani ikki kishidan eshitganman, shuning uchun ham qissa ikki hikoyadan
tashkil topgan. U ikki kishining boshidan kechirganlaridir. Men nimani eshitgan bo‘lsam, shunigina
yozyapman. Yaxshisi, qahramonlarning o‘zlari hikoya qilib bera qolishsin.