www.ziyouz.com kutubxonasi
162
ham butun qalbimdan tashakkur bildiraman. Lekin buning iloji yo‘q, — dedim.
Uy bekasi shoshib qoldi.
— Nega qizim? Haligina uni yoqtirganingizni, chiroyli ekanini aytuvdingiz-ku!
Men kuldim.
— Xonim afandim, yana qayta aytaman: Ehsonbey chiroyli va arziguli yigit, lekin ora-
mizda nikoh imkoni borligi aqlimga kelgan yo ko‘nglimdan o‘tgan bo‘lsa, uning fazilatlarini
ochiq-oshkor ayta olarmidim, afandim? Bu narsa yosh qiz uchun haddan ziyod yengiltaklik
bo‘lmasmidi?
Ona-bola yana bir-biriga qaradi, oraga qisqagina sukunat tushdi. Keyin Narima xonim
qo‘llarimni ushlab:
— Farida xonim! Harholda uzil-kesil javobingiz shu bo‘lmasin, chunki Ehsonbey juda
qattiq xafa bo‘ladi.
— Yana qaytarib aytaman: Ehsonbey juda chiroyli yigit, xohlaganini ololadi.
— Shunday-ku, lekin u sizni xohlaydi. Boya o‘rtoqlari bilan garov o‘ynaganini aytdik.
Hech jahonda shunday ham qiladilarmi, go‘zalim? Bola bechora o‘n kundan beri o‘t ichi-
da: “O‘lsam o‘lamanki, undan qaytmayman, albatta olaman!” — deydi.
Narima xonim bu gapni hali ko‘p cho‘zishini, meni ko‘ndirish uchun ancha harakat qili-
shini sezib, buning iloji yo‘qligini yumshoq so‘zlar bilan qat’iy qilib tushuntirdim. Keyin
ketishga ijozat so‘radim.
Narima xonim qattiq xafa bo‘ldi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, onasiga:
— Oyijon, Ehsonga o‘zingiz ayting, mening og‘zim bormaydi. Farida xonim rad etar,
deb o‘ylamagan edim. Endi juda qattiq xafa bo‘ladi-da, — dedi.
Oh, bu erkaklar-a! Hammasi ham xudpisand, hammasining ham kibri havosi baland!
Bizlarning ham qalblarimiz borligini, bizlarning ham “albatta” xohlagan narsalarimiz bo‘li-
shi mumkinligini hech eslariga keltirgilari kelmaydi.
* * * Poshoning aravasi meni uyimga keltirib tashlaganda, Munisa qo‘shnimiznikida ekan.
Yechinmasdan avval o‘zimni yana bir oynakka solib, tomosha qilmoqchi bo‘ldim. Uy ichi
olaqorong‘i edi. Devorga tushib turgan xira oy yorug‘iga o‘xshash oynakda o‘zimni
zo‘rg‘a-zo‘rg‘a tanir edim. Bilmayman, qanday nur o‘yini bo‘ldi: kalta ko‘k ko‘ylagim
ko‘zimga oppoq ko‘rinib ketdi. Etaklari uzayib, qorong‘ilikda cho‘zilib yotgan oq ipakka
o‘xshardi.
Birdan qo‘llarim bilan yuzimni to‘sdim. Xuddi shu payt Munisa uyga yugurib kirdi-da:
— Opajonim! — deb qichqirdi.
Undan yordam so‘rayotganday qo‘llarimni uzatdim. “Munisa!” demoqchi edim, lekin
lablarimdan boshqa bir ism, meni nafratlantirgan katta dushmanimning ismi chiqib ket-
di!
* * * Ch..., 6 may. Shu hafta sovchilardan boshim chiqmadi. Kechagi masxarabozlikdan o‘zimni o‘nglab
olishga ulgurmay, bugun yana bir komediyaning qahramoni bo‘ldim. Faqat bunisi kecha-
gisidan ming qatla yomon, ayanchli komediya bo‘ldi.
Voqeani o‘zgartirmay yozaman. Sahna — bizning pastdagi mehmonxonamiz. Birdan
Hoji Qurbon afandining xotini kirib keldi. Egnida faqat to‘ylargagina yopinib boradigan
hashamatli chorshaf, bo‘ynida shoda-shoda tila marjon. Ahvoli g‘alati, ko‘zlari yig‘lagan-
ga o‘xshaydi.
Gaplashishga boshlaymiz.
Men: