8-mavzu. RAQOBAT VA MONOPOLIYA
Bozor iqtisodiyoti rivojlanib borishi bilan raqobatchilik munosabatlari ham takomillashib,
o‘z shakllarini o‘zgartirib boradi.
Ushbu mavzuda raqobatning mohiyati ва ob’yektiv asoslari, turlari va shakllari hamda
raqobatlashish usullarini, monopoliyaning mohiyati, turlari, shakllari hamda uning afzalliklari
va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini ochib beramiz.
O‘zbekistonda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar
va monopoliyaga qarshi qonunchilik kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
8.1. Raqobatning mohiyati, shakllari, turlari va usullari.
Raqobat ko‘p qirrali iqtisodiy hodisa bo‘lib, u bozorning barcha sub’yektlari o‘rtasidagi
murakkab munosabatlarni ifodalaydi. Raqobat-bozor sub’yektlari iqtisodiy manfaatlarining
to‘qnashuvidan iborat bo‘lib, ular o‘rtasidagi yuqori foyda va ko‘proq naflilikka ega bo‘lish
uchun kurashni anglatadi.
Resurslarni yetkazib beruvchilar o‘zlarining iqtisodiy resurslarini, ya’ni kapital, tabiiy
resurslar, ishchi kuchini yuqori narxlarda sotish uchun raqobatlashadilar. Raqobat iste’molchilar
o‘rtasida ham yuz beradi: ular tovarlarni qulay va arzon narxlarda sotib olishga harakat
qiladilar, ya’ni xaridorlar har bir sarflangan pul birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga
harakat qiladilar.
Hozirgi bozor iqtisodiyotida raqobatning quyidagi asosiy vazifalarini ajratib ko‘rsatish
mumkin:
-
tartibga solish vazifasi-ishlab chiqarishni talab, ya’ni iste’molga muvofiqlashtirish
maqsadida taklifga ta’sir o‘tkazishdan iborat. Aynan shu vazifa yordamida iqtisodiyotda
taklifning talab orqali, ishlab chiqarish tarkibi va hajmining yakka tartibdagi va ijtimoiy
ehtiyojlar orqali belgilanishiga erishiladi, ya’ni iqtisodiyot bozor qonunlari asosida tartibga
solinadi;
-
resurslarni joylashtirish vazifasi-ishlab chiqarish omillarini ular eng ko‘p samara beradigan
korxona, hudud va mintaqalarga oqilona joylashtirish imkonini beradi;
-
innovatsion vazifasi-fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga asoslanuvchi hamda bozor
iqtisodiyoti sub’yektlarining rivojlanishini taqozo etuvchi turli ko‘rinishdagi yangiliklarning joriy
etilishini anglatadi;
-
moslashtirish vazifasi-korxonalarning ichki va tashqi muhit sharoitlariga ratsional tarzda
moslashishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularning shunchaki o‘zini-o‘zi saqlab, iqtisodiy jihatdan
yashab qolishidan xo‘jalik faoliyati sohalarining kengayishiga o‘tishini bildiradi;
-
taqsimlash vazifasi-ishlab chiqarilgan ne’matlar yalpi hajmi yalpi ichki mahsulotning
iste’molchilar o‘rtasida taqsimlanishiga bevosita va bilvosita ta’sir o‘tkazadi;
-
nazorat qilish vazifasi-bozordagi ba’zi ishtirokchilarning boshqa bir ishtirokchilar ustidan
monopolistik hukmronlik o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymaslikka yo‘naltiriladi.
Raqobat kurashining mazmuni to‘g‘risida to‘laroq tushunchaga ega bo‘lish uchun uning
asosiy shakllari va belgilarini ko‘rib chiqish zarur.
Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to‘rtta shakli alohida ajratilib
ko‘rsatiladi. Bular erkin raqobat, monopolistik raqobat, monopoliya va oligopoliyadir.
Erkin raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko‘p sonli
korxonalar mavjud bo‘ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko‘plab sotuvchilar
o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar.
Erkin raqobatli bozorda alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan sezilarsiz nazoratni
amalga oshiradi. Chunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi uncha katta
bo‘lmaydi. Shu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning ko‘payishi yoki kamayishi
umumiy taklifga, demak mahsulot narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Erkin raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi, tarmoqda mavjud
bo‘lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin. Xususan yangi korxonalarning
paydo bo‘lishi va ularning raqobatli bozorda mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik,
moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy to‘siqlar bo‘lmaydi.
Sof monopoliyada tarmoq bitta korxonadan iborat bo‘lishi sababli, u mavjud mahsulot va
xizmatning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va yakkahukmronlik shakllanadi.
Monopoliya sharoitida firma narx ustidan sezilarli nazoratni amalga oshiradi. Buning
sababi oddiy. U mahsulot va xizmatning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va taklifning
umumiy hajmi ustidan nazorat qiladi.
Monopolistik raqobat o‘z ichiga ham monopoliya, ham raqobat unsurlarini oladi. Bunda
tarmoqdagi bir turdagi mahsulotning o‘nlab ishlab chiqaruvchilari bir-birlari bilan qulay narx
hamda ishlab chiqarish hajmiga erishish borasida raqobatlashadilar. Biroq, ayni vaqtda, har bir
ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini tabaqalashtirish, ya’ni shu turdagi boshqa mahsulotlardan
qaysi bir jihati, sifat darajasi, shakli, qadoqlanishi, sotish sharoitlari va h.k. bo‘yicha
farqlantirish orqali uning monopol ishlab chiqaruvchisiga aylanadi.
Oligopoliya-tarmoqda u qadar ko‘p bo‘lmagan korxonalarning mavjud bo‘lishi va
hukmronlik qilishidir. Bu oligopoliyaning eng muhim belgisidir. Qaysi tovarlar va xizmatlar
bozorida nisbatan kam sonli ishlab chiqaruvchilar hukmronlik qilsa, shu tarmoq oligopolistik
tarmoq hisoblanadi.
Oligopolistik tarmoq bir xil yoki tabaqalashgan mahsulot ishlab chiqarishi mumkin.
Ko‘pchilik sanoat mahsulotlari: po‘lat, mis, alyuminiy, qo‘rg‘oshin, temir va shu kabilar-fizik
ma’noda bir turdagi mahsulotlar hisoblanadi va oligopoliya sharoitida ishlab chiqariladi.
Iste’molchilik tovarlari: avtomobillar, yuvish vositalari, sigaretlar, maishiy elektr buyumlari va
shu kabilarni ishlab chiqaruvchi tarmoqlar tabaqalashagan oligopoliya hisoblanadi.
Oligopoliya sharoitida korxonalar o‘rtasidagi raqobat o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Oligopolistik
tarmoqda hech qaysi korxona o‘zining narx siyosatini mustaqil o‘zgartirishga botina
olmaydilar.
Hozirda turli darajadagi monopolistik tuzilmalar rivojlanib borishi bilan ular o‘rtasidagi
raqobatning shakllari ham turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib bormoqda. Jumladan, turli
monopollashuv darajasidagi tuzilmalar o‘rtasida mavjud bo‘lishiga ko‘ra quyidagi raqobat
turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
-
monopollashmagan korxonalar o‘rtasidagi raqobat;
-
monopoliyalar hamda monopolistik birlashmalarga kirmagan ishlab chiqaruvchilar
o‘rtasidagi raqobat;
-
turli monopoliyalar o‘rtasidagi raqobat;
-
monopolistik birlashmalar ichidagi raqobat.
O‘z miqyosiga ko‘ra raqobat ikki turga - tarmoq ichidagi va tarmoqlararo raqobatga
bo‘linadi.
Tarmoqlar ichidagi raqobat ishlab chiqarish va sotishning qulayroq sharoitiga ega bo‘lish,
qo‘shimcha foyda olish uchun bir tarmoq korxonalari o‘rtasida boradi. Har bir tarmoqda
texnika bilan ta’minlanish darajasi va mehnat unumdorligi darajasi turlicha bo‘lgan korxonalar
borligi sababli shu korxonalarda ishlab chiqarilgan tovarlarning individual qiymati bir xil
bo‘lmaydi.
Tarmoq ichidagi raqobat tovarlarning ijtimoiy qiymatini, boshqacha aytganda, bozor
qiymatini aniqlaydi va belgilaydi. Bu qiymat, odatda, o‘rtacha sharoitda ishlab chiqarilgan va
muayyan tarmoq tovarlarining anchagina qismini tashkil etadigan tovarlarning qiymatiga mos
keladi.
Tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida texnikaviy darajasi va mehnat unumdorligi yuqori
bo‘lgan korxonalar qo‘shimcha foyda oladilar va aksincha, texnika jihatdan nochor korxonalar
esa, o‘zlarida ishlab chiqarilgan tovar qiymatining bir qismini yo‘qotadilar va zarar ko‘radilar.
Tarmoqlararo raqobat turli tarmoqlar korxonalari o‘rtasida eng yuqori foyda normasi olish
uchun olib boriladigan kurashdan iborat. Bunday raqobat foyda normasi kam bo‘lgan
tarmoqlardan foyda normasi yuqori tarmoqlarga kapitallarning oqib o‘tishiga sabab bo‘ladi.
Yangi kapitallar ko‘proq foyda keltiruvchi sohalarga intilib, ishlab chiqarishning kengayishiga,
taklif ko‘payishiga olib keladi. Shu asosda, narxlar pasaya boshlaydi. Shuningdek, foyda
normasi ham pasayadi. Kam foyda keltiruvchi tarmoqlardan kapitalning chiqib ketishi teskari
natijaga olib keladi: bu yerda ishlab chiqarish hajmi o‘zgaradi, tovarlarga bo‘lgan talab ular
taklif qilishidan oshib ketadi, buning oqibatida narxlar ko‘tariladi, shu bilan birga foyda
normasi oshadi. Natijada tarmoqlararo raqobat ob’yektiv ravishda qandaydir dinamik
muvozanatni keltirib chiqaradi. Bu muvozanat kapital qaerga sarflanganligidan qat’iy nazar,
teng kapital uchun teng foyda olinishiga intilishni ta’minlaydi. Demak, tarmoqlararo raqobat
kapital qaysi tarmoqqa kiritilmasin, xuddi shu tarmoq foyda normalarini o‘rtacha foyda
normasiga tenglashtiradi.
Shuningdek, iqtisodiy adabiyotlarda g‘irrom va halol raqobatlashuv usullari ham ajratib
ko‘rsatiladi. Raqobatlashuvning noan’anaviy, jamiyat tomonidan e’tirof etilmagan, ijtimoiy
ahloq qoidalari doirasidan chetga chiquvchi, noiqtisodiy ya’ni, jismoniy kuch ishlatish,
majburlash, raqiblarning obro‘siga putur yetkazish va h.k. usullaridan foydalanish g‘irrom
raqobat deb yuritiladi. G‘irrom raqobat orqali firmalar o‘z raqiblarining tarmoqqa kirib
kelishini tajovuzkorona va shafqatsiz bartaraf qilishi mumkin. Bank va resurslarni yetkazib
beruvchilarni material va kredit berishdan voz kechirish, yetakchi mutaxassislarni og‘dirib
olish, narxni keskin pasaytirish g‘irrom raqobatning oddiy usullaridir.
Halol raqobat-raqobat kurashida jamiyat tomonidan tan olingan, iqtisodiy usullarni
qo‘llash, o‘zining maqsad va manfaatlariga erishishda umumjamiyat manfaatlariga zid keluvchi
holatlarni qo‘llamaslik kabi qoidalarga asoslanadi.
Raqobat kurashining ikki usuli farqlanadi: narx vositasidagi raqobat va narxsiz raqobat.
Narx vositasida raqobatlashuvda kurashning asosiy usuli bo‘lib ishlab chiqaruvchilarning
o‘z tovarlari narxini boshqa ishlab chiqaruvchilarining shunday mahsulotlari narxiga nisbatan
pasaytirishi hisoblanadi.
Uning asosiy va eng ko‘p qo‘llaniladigan ko‘rinishi-narxlar jangi deb ataladi, bunda yirik
ishlab chiqaruvchilar raqiblarini tarmoqdan siqib chiqarish uchun narxni vaqti-vaqti bilan yoki
uzoq muddat pasaytirib turadi. Bu usulni qo‘llash uchun ishlab chiqaruvchi boshqa raqiblariga
qaraganda unumliroq texnologiyani kiritishi, malakaliroq ishchilarni yollashi va ishlab
chiqarishni yaxshiroq tashkil qilishi keraq bo‘ladi. Faqat shundagina uning tovarining
individual qiymati bozor qiymatidan past bo‘lib, mazkur tovar narxini tushurish imkoniyatini
beradi.
Narx vositasida raqobatlashish usullaridan biri - demping narxlarini qo‘llashdir. Bunda
milliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining tovarlarini boshqa mamlakatlarga ichki bozordagi
narxlardan, ayrim hollarda tannarxidan ham past bo‘lgan narxlarda sotadi.
Shu orqali ular ichki bozorda narxlarning barqarorligiga erishish, mamlakatdagi ortiqcha
mahsulotni yo‘qotish, yangi bozorlarga kirib olish va unda o‘zlarining iqtisodiy mavqeini
mustahkamlashga xaraqat qiladi.
Ayrim hollarda narx yordamida raqobatlashishning belgilangan narxlardan chegirma
qilish, asosiy xarid qilingan tovarlarga boshqa tovarlarini qo‘shib berish, muayyan hollarda
imtiyozli narxlarni belgilash kabi usullaridan ham foydalaniladi.
Hozirgi davrda bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda narx yordamida raqobat
qilish o‘z o‘rniga ega emas, chunki ishlab chiqaruvchilardan birining o‘z mahsulotiga narxni
pasaytirishi uning raqobatchilarining ham shunday xaraqat qilishini taqozo qiladi. Bu bozorda
firmalarning mavqeini o‘zgartirmaydi, faqat tarmoq bo‘yicha foydani kamaytiradi.
Narxsiz raqobat shu bilan tavsiflanadiki, bunda raqobat kurashining asosiy omili
tovarlarning narxi emas, balki uning sifati, servis xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqaruvchi
firmaning obro‘-e’tibori hisoblanadi.
Narxsiz raqobat bilan bir vaqtda yashirin narx yordamidagi raqobat ham bo‘lishi mumkin.
Buning uchun yangi tovarlarning sifati oshishi va iste’mol xususiyatlarining yaxshilanishi ular
narxlarining oshishiga qaraganda tez ro‘y berishi keraq. Hozirgi davrda bir turdagi
mahsulotlarning ko‘payishi ularning sotishni rag‘batlantiruvchi reklama, tovar belgilaridan
foydalanishni keltirib chiqarmoqda. Iste’molchilik bozorida qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish
orqali xaridorlarni o‘ziga jalb qilish keng tarqalmoqda.
Narxsiz raqobatning tovar sifatini tabaqalashtirish kabi usuli ham mavjudki, bunda
tovarlar bir xildagi ehtiyojni qondirishi va bir turga mansub bo‘lishi, lekin turli-tuman iste’mol
xossalariga ega bo‘lishi mumkin.
Tovarlar talabga nisbatan ortiqcha bo‘lgan sharoitda ishlab chiqaruvchilar tovarlarini
kreditga sotish usulidan foydalanib raqiblaridan ustun kelishlari mumkin. Bunda dastlab tovar
narxining faqat bir qismi to‘lanadi, uning qolgan qismi esa shartnomada kelishilgan aniq
muddatlarda to‘lanadi.
Fan-texnika taraqqiyoti avj olgan hozirgi sharoitda, texnika va texnologiyaning eng yangi
yutuqlari ustidan nazorat qilish uchun kurash raqobatning asosiy usullaridan biriga aylanib
bormoqda. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi korxonalar xaridorlarni jalb qilish maqsadida
uzoq muddat foydalaniladigan iste’molchilik tovarlariga kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat
ko‘rsatishni amalga oshirmoqdalar. Masalan, kompyuter ishlab chiqaruvchi korxona, o‘z
mahsulotini sotibgina qolmasdan, balki uni o‘rnatadi, korxona xodimlarini ulardan
foydalanishga o‘rgatadi, kafolatlangan muddatda va undan keyingi davrda ta’mir ishlarini
bajaradi, texnikaviy xizmatni amalga oshiradi; maxsulotlari o‘lchamlarini buyurtmachi
ehtiyojlariga yaqinlashtiradi.
Narxsiz raqobat usullari ichida marketing muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u mahsulot ishlab
chiqarish va sotish jarayonini talabga moslashtiruvchi tadbirlar tizimidan iborat. Bozor
iqtisodiyoti sharoitida talabni yaxshi o‘rgangan va iste’molchilar ehtiyojlarini to‘laroq qondira
oladigan korxonalar har doim raqobat kurashida yutib chiqadi.
Yirik ishlab chiqaruvchilar bozordagi vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘zlarining ishlab
chiqarish quvvatlaridan foydalanishni kamaytirib tovar taklifini qisqartiradilar. Shu sababli
iqtisodiy beqarorlik davrlarida ham narx barqorligicha qolaveradi.
Shunday qilib, monopoliyalar hukmron bo‘lgan sharoitda narxsiz raqobat muhim o‘rin
tutadi. Buning sababi shundaki, birinchidan, monopoliyalar tovar sifatini oshirish,
iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash yo‘li bilan sotiladigan tovar hajmini
ko‘paytirishi mumkin. Ikkinchidan, ular moliyaviy jihatdan kuchli bo‘lganligi sababli
masulotini yangilash, ishlab chiqarishni qayta jihozlash va reklamaga zarur bo‘lgan mablag‘ni
sarflay oladilar.
Dostları ilə paylaş: |