Microsoft Word Economic theory lecture 8


 Monopoliyalarning iqtisodiy asosi va ularning turlari



Yüklə 134,65 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə2/5
tarix24.12.2023
ölçüsü134,65 Kb.
#191385
1   2   3   4   5
Economic theory - lecture 8

8.2. Monopoliyalarning iqtisodiy asosi va ularning turlari. 
 
«Monopoliya» atamasining kelib chiqishi bozorga oid tushunchalar, grekcha «monos»-
yagona, bitta va «poleo»-sotamandan tarkib topsada, biroq uning iqtisodiy asoslari aslida ishlab 
chiqarishga borib taqaladi. Monopoliya-monopol yuqori narxlarni o‘rnatish hamda monopol 
yuqori foyda olish maqsadida tarmoqlar, bozorlar va yaxlit makroiqtisodiyot ustidan 
hukmronlikni amalga oshiruvchi yirik korxonalar, kompaniya, korporatsiyalarning 
birlashmalari [2, 3, 4]. 
Monopoliyalar vujudga kelishining moddiy asosi ishlab chiqarishning to‘planishi 
hisoblanadi. Ishlab chiqarishning to‘planishi ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi hamda 
mahsulot ishlab chiqarish hajmining yirik korxonalarda to‘planishini namoyon etadi. 
Ishlab chiqarish to‘planishining asosiy sababi bo‘lib olinayotgan foyda hajmining 
ko‘payishi hisoblanadi. Foydani muntazam ravishda ko‘paytirib borish maqsadida tadbirkor 
olingan qo‘shimcha mahsulot foydaning bir qismini kapitallashtiradi, ya’ni unga qo‘shimcha 
ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi sotib oladi. Bu esa ba’zi bir korxonalarning o‘sishi 
hamda ishlab chiqarish miqyoslarining kengayishiga olib keladi. Shu bilan birga raqobat 
amaldagi kapitallarning ixtiyoriy yoki majburiy birlashtirish, markazlashtirish tendensiyasini 
keltirib chiqaradi. Shunday qilib, ishlab chiqarish to‘planishining moddiy asosi bo‘lib 
kapitalning to‘planishi va markazlashuvi hisoblanadi. 
Kapitalning to‘planishi-bu qo‘shimcha qiymatning bir qismini jamg‘arish yoki 
kapitallashtirish natijasida kapital hajmining oshishidir. Bu jarayon quyidagi ko‘rsatkichlar 
orqali tavsiflanadi: korxonadagi ishlovchilar soni, korxonaning ishlab chiqarish quvvati, qayta 
ishlanayotgan xom ashyo miqdori, tovar aylanmasi hajmi, foyda hajmi.
Kapitalning to‘planishi kapitalning markazlashuvi jarayoni bilan yanada to‘ldiriladi. 
Kapitalning markazlashuvi-bu bir kapital tomonidan boshqa birining qo‘shib olinishi yoki bir 
qancha mustaqil kapitallarning aktsiyadorlik jamiyati shaklida ixtiyoriy birlashishi orqali 
kapital hajmining o‘sishidir. 
Monopoliyalarning mohiyatini ochib berishda uning turlarini ko‘rib chiqish muhim 
ahamiyat kasb etadi. Monopoliyalarning turlarini bir necha mezonlarga ko‘ra ajratish mumkin. 
1. Bozorni qamrab olish darajasiga ko‘ra: sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya. 
Sof monopoliya-tarmoqdagi yagona ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab 
chiqarish hajmini belgilashdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi. O‘zbekistonda sof 
monopoliyalar sifatida «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ misol 
keltirish mumkin. Darhaqiqat, ular o‘z tarmoqlaridagi tegishli faoliyatlarning yagona ishlab 
chiqaruvchisi hisoblanadilar. Shuningdek, ba’zi hollarda tarmoqdagi monopolist ishlab 
chiqaruvchilar sonining ko‘payib borishi monopolistik raqobat holatining vujudga kelishiga 
sabab bo‘ladi. Monopolistik raqobat-tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni ko‘p 
hamda ular o‘rtasida ma’lum darajada raqobat mavjud bo‘lgan, biroq har bir ishlab chiqaruvchi 
yoki sotuvchi o‘z tovar yoki xizmatining alohida, maxsus xususiyatlari mavjudligi sababli 
ularning narxi va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi ma’lum darajada hukmronlik holati 
hisoblanadi. Bunga misol tariqasida ko‘plab mebel, kiyim-kechak turlari, kir yuvish vositalari 
va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini keltirish mumkin. 
Oligopoliya-tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va 
ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi. Oligopolist-ishlab 
chiqaruvchilarga O‘zbekistonda sement (asosan Bekobod, Quvasoy, Ohangaron, Navoiy 
shaharlarida joylashgan), ko‘mir (Angren shahri, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo 
(Sharg‘un) va Boysun (To‘da) tumanlarida joylashgan) ishlab chiqarishni misol keltirish 
mumkin. 


Monopsoniya-tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni juda ko‘p bo‘lib, ular 
tovar yoki xizmatlarining yagona iste’molchisi yoki xaridori mavjud bo‘lgan sharoitdagi 
yakkahukmronlik holati hisoblanadi. Bunga «GM Uzbekistan» kompaniyasi yaqqol misol bo‘la 
oladi. Mazkur yirik korxona mamlakatimizdagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarishda zarur 
bo‘lgan ko‘plab ehtiyot va butlovchi qismlarni ularning nisbatan mayda ishlab 
chiqaruvchilaridan sotib olishda yakkahukmronlik mavqeiga ega bo‘ladi. 
2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‘ra: tabiiy monopoliya, qonuniy 
monopoliya, sun’iy monopoliya. 
Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda takror hosil qilib 
bo‘lmaydigan unsurlariga (nodir metallar, foydali qazilmalar va h.k.) ega bo‘lgan mulkdorlar va 
xo‘jalik tashkilotlari kiradi. Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o‘ziga xos 
texnologiyaning qo‘llanishi sababli raqobatni rivojlantirib bo‘lmaydigan ba’zi bir tarmoqlar va 
ishlab chiqarish turlari ham kiritiladi.
Tabiiy monopoliya-korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo‘lgan 
talabni qondirish raqobat mavjud bo‘lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar 
bozorining holati. Bunday samaradorlik ishlab chiqarish hajmining ko‘payib borishi bilan tovar 
birligiga to‘g‘ri keluvchi xo‘jalik xarajatlarining ahamiyatli darajada pasayib borishida 
namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, tabiiy monopoliya sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan 
mahsulotlar iste’molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Qonuniy monopoliya-bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi monopolistik holat. Ular 
tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi monopoliya shakllarini kiritish mumkin: 
1) patent tizimi-bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan ixtirolar, foydali modellar, 
sanoat namunalarini tasdiqlovchi hamda ularga mutloq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon 
maxsus guvohnomalar-patentlar orqali amalga oshiriladi; 
2) mualliflik huquqi-ilmiy, badiiy va san’at asarlari, ijro san’ati fonogrammalari, 
ko‘rsatuvlar, efir to‘lqini yoki kabel orqali tasvir uzatish kabilarni yaratish va ulardan 
foydalanish munosabatlarini qonuniy tarzda tartibga solish shakli. Mualliflik huquqi faqat 
mualliflar tomonidan o‘z mahsulotlarini ma’lum vaqtga yoki butunlay sotish, ulardan nusxa 
olish va ko‘paytirishga ruxsat berish imkonini ta’minlaydi; 
3) tovar belgilari-bu savdo belgilari, nishonlari, maxsus ramzlari, nomi va boshqalarni 
ro‘yxatga olish, huquqiy jihatdan himoya qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha paydo bo‘lgan 
munosabatlarni qonuniy tarzda tartibga solish shakli. 
Sun’iy monopoliya-monopol foyda olish maqsadida tashkil etiluvchi birlashmalarning 
shartli, tabiiy monopoliyalardan ajratib turish uchun nomi.
Sun’iy monopoliya o‘z manfaatlari yo‘lida bozor muhiti tuzilishini ataylab o‘zgartiradi, 
ya’ni: 
-
bozorga yangi raqiblarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun turli to‘siqlar hosil 
qiladi (xom ashyo va energiya manbalarini egallab oladi; banklarning yangi korxonalarga kredit 
berishini taqiqlashga harakat qiladi va boshqalar); 
-
ishlab chiqarishning eng yuksak darajadagi texnologiyasiga erishib, qolgan raqiblarini bu 
darajaga chiqishiga imkon bermaydi; 
-
ishlab chiqarish miqyosi samarasidan unumliroq foydalanish imkonini beruvchi nisbatan 
yirik hajmdagi kapitalni qo‘llaydi; 
-
o‘z faoliyatini yuqori darajada reklama qilish orqali boshqa raqobatchilarni bozordan 
siqib chiqarishga harakat qiladi. 
Sun’iy monopoliyalar kartel, sindikat, trest, konsortsium, kontsern kabi aniq shakllarda 
namoyon bo‘ladi. 


Kartel-bitta sanoat tarmog‘idagi bir necha korxonalarning uyushmasi bo‘lib, uning 
ishtirokchilari ishlab chiqarish vositalari va mahsulotlariga o‘z mulkiy egaligini saqlab qoladi, 
yaratilgan mahsulotlarni sotish esa kvota, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmidagi 
har bir ishtirokchining ulushi, sotish narxlari, bozorlarning bo‘lib olinishi va h.k. bo‘yicha 
kelishuv asosida amalga oshiriladi. 
Sindikat-bir turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi bir necha korxonalarning birlashmasi. 
Bunda ishlab chiqarish vositalariga mulkchilik birlashma ishtirokchilarining o‘zida saqlanib 
qolgani holda, ular tomonilan ishlab chiqarilgan mahsulot maxsus tashkil etilgan yagona sotish 
tashkiloti orqali amalga oshiriladi. 
Trest-ishlab chiqarish vositalari va tayyor mahsulotga birgalikdagi mulkiy egalikni 
ta’minlovchi ishlab chiqaruvchilarning yuridik shaxs ko‘rinishidagi birlashmasi. 
Konsortsium-tadbirkorlarning yirik moliyaviy operatsiyalarini birgalikda amalga oshirish 
maqsadida birlashuvi (masalan, yirik miqyosli loyihalarga juda katta miqdorda va uzoq 
muddatli kredit berish yoki investitsiyalar qo‘yish). 
Kontsern-rasmiy jihatdan mustaqil bo‘lgan, ko‘p tarmoqli korxonalarning (sanoat, savdo, 
transport va bank kabi turli soha korxonalari) majmuini o‘z ichiga oluvchi birlashma. Odatda 
bunday birlashma ma’lum ishlab chiqarish faoliyatini bosqichma-bosqich ravishda amalga 
oshirish uchun zarur bo‘lgan turli soha korxona va tashkilotlaridan tuziladi. Bunda bosh 
tashkilot qolgan ishtirokchilar faoliyati ustidan moliyaviy nazorat olib boradi. Hozirda sun’iy 
monopoliyalarning sanab o‘tilgan shakllari orasida konsernlar keng tarqalgan. 
Monopoliyaning iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir qiluvchi ijobiy va salbiy tomoni mavjud. 
Uning ijobiy tomoni asosan quyidagi ikkita jihat orqali namoyon bo‘ladi: 
1) monopoliya ma’lum tarmoqlarda nisbatan samarali amal qiladi va xarajatlarning 
tejalishiga olib keladi; 
2) monopolist bo‘lmagan, mayda, raqobatlashuvchi soha korxonalariga nisbatan 
monopolistik korxonalarda ishlab chiqarishga ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etish 
uchun ko‘proq rag‘bat va imkoniyat mavjud bo‘ladi.
Monopoliyaning salbiy tomoni sifatida quyidagi jixatlarni ko‘rsatish mumkin: 
-
resurslarning oqilona taqsimlanmasligi;
-
daromadlardagi tengsizlikning kuchayishi;
-
iqtisodiy turg‘unlik va fan-texnika taraqqiyotining sekinlashuvi;
-
iqtisodiyotda demokratik harakatlarning to‘sib qo‘yilishi.
Bundan ko‘rinadiki, monopolistik faoliyat iqtisodiy rivojlanishiga ancha jiddiy ta’sir 
ko‘rsatishi, taraqqiyot yo‘liga g‘ov bo‘lishi ham mumkin. Shunga ko‘ra, bugungi kunda deyarli 
barcha mamlakatlar iqtisodiyotida monopoliyalarni davlat tomonidan tartibga solish chora-
tadbirlari qo‘llanilib, bu monopoliyaga qarshi siyosat deb ataladi. Davlatning monopoliyaga 
qarshi siyosati asosini monopoliyaga qarshi qonunchilik tashkil etib, u turli mamlakatlarda turli 
darajada rivojlangan bo‘ladi. 
Odatda AQSHdagi monopoliyaga qarshi qonunchilik nisbatan ilgariroq va mukammalroq 
ishlab chiqilgan, deb hisoblanadi. U quyidagi uchta qonunchilik hujjatlariga asoslanadi.
1. Sherman qonuni (1890 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdoni yashirin 
monopollashtirish, u yoki bu tarmoqdagi yakka nazoratni qo‘lga olish, narxlar bo‘yicha 
kelishuvlarni taqiqlaydi. 
2. Kleyton qonuni (1914 yilda qabul qilingan). Bu qonun mahsulot sotish sohasidagi 
cheklovchi faoliyatlarni, narx bo‘yicha kamsitish, ma’lum ko‘rinishdagi birlashib ketishlar
o‘zaro bog‘lanib ketuvchi direktoratlar va boshqalarni taqiqlaydi. 
3. Robinson-Petmen qonuni (1936 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdo sohasidagi 
cheklovchi faoliyatlar, narxlar qaychisi, narx bo‘yicha kamsitishlar va boshqalarni taqiqlaydi. 


1950 yilda Kleyton qonuniga Seller-Kefover tuzatishi kiritildi. Unda noqonuniy birlashib 
ketishlar tushunchasiga aniqlik kiritilib, aktivlarni sotib olish orqali birlashib ketish taqiqlandi. 
Agar Kleyton qonuni yirik korxonalarning gorizontal ravishdagi birlashib ketishlariga to‘siq 
qo‘ygan bo‘lsa, Seller-Kefover tuzatishi vertikal ravishdagi birlashib ketishlarga cheklov 
kiritdi.

Yüklə 134,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin