«Jonga va uni raso qilib-yaratib, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib-o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki...» (Vash-shams surasi, 8).
Said ibn Jubayr aytganlar: «Alloh nafsga fujurini ham, taqvosini ham yuklab qo‘ydi».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi –
ular taqdir qilinmagan», deb da’vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men
ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo
ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsa-yu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon
keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilar-da, so‘ng Jabroil alayhissalom
hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?»
deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga,
payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga
ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).
Allohga iymon keltirish – Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan
sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular
ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini
qiladigan zot, deb tasdiqlashdir.