«(O‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalarga vayl bo‘lsin», degan».
Imom Buxoriy rivoyat qiladi: Huzayfa ibn Yamon ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmasdan
namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rib, unga: «Sen namoz o‘qimading. Agar o‘lsang, Alloh
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tabiat qilib bergan fitratdan boshqasida o‘lgan
bo‘lasan», dedilar.
Nasoiy rivoyat qilgan asarda kelishicha, Huzayfa roziyallohu anhu undan: «Necha yildan
beri shunday namoz o‘qiysan?» deb so‘raganlar. «Qirq yildan beri», deya javob bergan.
Shunda ulug‘ sahoba: «Qirq yildan beri namoz o‘qimabsan. Agar namozni shu tarzda
o‘qib vafot etsang, Muhammad sollallohu alayhi vasallam fitratidan boshqasida o‘lgan
bo‘lasan», deganlar.
Hasan Basriy aytadilar: «Ey Odam farzandi, agar senga namozing qadrsiz bo‘lsa, u holda
diningdagi qaysi narsa sen uchun aziz?! Holbuki, sen qiyomat kunida birinchi bo‘lib
namozingdan so‘ralasan-ku!»
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qiyomat kunida bandaning birinchi
bo‘lib hisob-kitob qilinadigan amali namozidir. Agar namozi durust bo‘lsa, u, shak-
shubhasiz, muvaffaqiyat qozonib najot topibdi. Agar namozi yaroqsiz-fosid bo‘lsa, u aniq
muvaffaqiyatsizlikka uchrab ziyon ko‘ribdi. Agar biron farzida yetishmovchilik bo‘lsa,
Alloh azza va jalla: «Qaranglarchi, bandamning farzlaridagi kamchiliklarini to‘ldiruvchi
ixtiyoriy namozlari bormikan?» deydi. So‘ng qolgan amallari ham shu yo‘sinda bo‘ladi»
(Termiziy rivoyati).
Har birimiz farzlardagi nuqsonlarni to‘ldirishimiz uchun ko‘proq nafl namozlar o‘qishimiz
lozim bo‘ladi. Tavfiq Allohdan.