«Ular o‘zlarining ulug‘ bir kunda – barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob qilinadigan, o‘rtalarida hukm etiladigan qiyomat) kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!» (Mutaffifin
surasi, 4-6).
Zajjoj aytganlarki: «Agar o‘ylaganlarida edi, o‘lchov va tarozidan urib qolmagan
bo‘lishardi».
Molik ibn Dinor aytadilar: «Qo‘shnimning oldiga kirdim. U o‘limi yaqinlashib qolgan,
qayta-qayta: «Ikkita olovli tog‘, ikkita olovli tog‘», der edi. Undan: «Nima deyapsan?»
deb so‘ragan edim, «Ey Abu Yahyo, mening ikkita o‘lchov asbobim bo‘lib, biri bilan
o‘zimga o‘lchab olar, ikkinchisi bilan boshqalarga o‘lchab berar edim», dedi. O‘rnimdan
turib o‘lchov asbobining biri bilan ikkinchisini ura boshladim. Shunda u: «Ey Abu Yahyo,
biri bilan ikkinchisini urganingiz sayin, ish – holatim jiddiylashib, qiyinlashib ketyapti»,
dedi. U keyinroq shu kasali sababli vafot etdi».
Birovlarning haqidan urib qolish o‘g‘irlik, xiyonat va harom yeyishning bir ko‘rinishi
bo‘lib, bu ishni qilganlarga Alloh «vayl» bilan tahdid soldi. Vayl – shiddatli azob, boshqa
bir rivoyatda aytilishicha, jahannamdagi vodiy bo‘lib. Agar unga dunyodagi tog‘lar
tushirilsa, harorati yuqoriligi bois toshlarini eritib yuboradi.
Salaflardan biri aytgan ekan: «Har bir (o‘lchov asbobida) o‘lchovchi va (tarozida)
tortuvchi kishining do‘zaxiy ekanligiga guvohlik beraman. Chunki Alloh saqlaganlardan
tashqari biron kimsa salomat qolmaydi bundan».
Solihlardan yana biri aytadi: «Bir bemorni ko‘rgani bordim. O‘limi yaqinlashib, o‘zini
bilmay yotgan ekan. Unga har qancha «Shahodat» kalimasini talqin qilsam ham, tili
hech aylanmasdi. O‘ziga kelgach: «Birodar, shahodatni shuncha talqin qilsam ham,
tilingiz sira aylanmadi-ya. Tinchlikmi o‘zi?» deb so‘ragan edim, «Tarozining tili (pallasi)
tilimni bosib, gapirtirmay qo‘ydi», dedi. «Nima, tarozidan urib qolarmidingiz?» deya
so‘ragan edim, «Yo‘q, Allohga qasamki, unday emas. Biroq vaqtida tarozimning
to‘g‘riligini tekshirib turmas edim», deb javob berdi».
Tarozining to‘g‘riligiga e’tibor bermagan kishining holi shu bo‘lsa, urib qoladiganlarning
ahvoli qanday bo‘lar ekan?!
Nofi’ roziyallohu anhu aytadilar: «Ibn Umar roziyallohu anhumo sotuvchining oldidan
o‘taturib: «Allohdan qo‘rq, o‘lchov va tarozini to‘g‘ri qil. Chunki urib qoluvchilar terlari to
quloqlarining yarmigacha ko‘mib yubormagunicha to‘xtatib turiladilar», dedilar.
Salaflardan biri aytgan ekan: «Kam qilib bergan bitta doni sababli kengligi osmonlaru
yercha keladigan jannatni sotib yuborgan kimsaga vayl bo‘lsin. Ortiqcha olgan bitta doni
sababli vaylni sotib olgan kimsaning holiga voy bo‘lsin».
Alloh taolodan afv va barcha baloyu ofatlardan ofiyat tilaymiz. Albatta, U saxovatli,
marhamatli zotdir.