www.ziyouz.com kutubxonasi
139
edi», dedi. Shunda Abdumalik: «Albatta bu hikoyatda osiylar uchun ibrat va itoatkor
bandalar uchun bashorat bordir», dedi».
Mazkur hikoyatda zikr qilingan aybu nuqsonlarga yo‘l qo‘yayotganlar darhol tavba
qilishlari va itoatga o‘tishlari lozim. Alloh bizlarni ham, sizlarni ham itoatkor bandalaridan
qilib, fosiqona ishlardan chetlashtirsin. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.
Hikoyat
Fuzayl ibn Iyoz o‘lim to‘shagida yotgan shogirdini ko‘rgani kelib, unga «shahodat»
kalimasini talqin eta boshladi. Biroq uning tili hech aylanmas edi. Kalimani yana
takrorlagan edi: «Aytmayman, men undan begonaman», dedi. Fuzayl yig‘lagan ko‘yi u
yerdan chiqib ketdi. Keyin oradan bir qancha vaqt o‘tgach, tushida shogirdining do‘zaxga
sudrab olib ketilayotganini ko‘rdi. «Ey bechora, nima sababli ma’rifatdan judo bo‘lding?»
deb so‘ragan edi, u: «Ey ustoz, mening bir kasalim bor edi. Tabiblarga borgan edim,
menga: «Har yili bir qadah xamr ichib turasan. Bo‘lmasa, kasaling tuzalmaydi»,
deyishdi. Har yili davolanish uchun undan ichib turar edim», deya javob berdi.
Davolanish uchun xamr ichgan kishining holi shu bo‘lsa, ko‘ngil hushi uchun
ichadiganlarning ahvoli qanday bo‘larkin?! Allohdan barchamizni afu etishini va barcha
balolardan omon saqlanishini so‘raymiz.
Hikoyat
Bir kishidan tavba qilishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashganida, shunday dedi: «Men
qabrlarga o‘g‘irlikka tushar edim. U yerda ayrim o‘liklar qiblaga ters bo‘lib qolganini
ko‘rdim. Yaqinlaridan ularning nima qilganlari haqida so‘raganimda: «Ular dunyoda xamr
ichgan va tavba qilmay vafot etgan edilar», deb javob berishdi».
Hikoyat
Bir solih kishi aytgan ekan: «Kichkina farzandim vafot etdi, uni dafn qilganimizdan
so‘ng, oradan bir qancha vaqt o‘tgach, tushimda ko‘rdim. Sochi oppoq bo‘lib oqarib
ketgan edi. «Ey o‘g‘lim, seni dafn etganimda yoshgina bola eding-ku. Nega soching
oqarib ketdi?» deb so‘radim. U: «Ey otajon, yonimga xamr ichgan kishi dafn qilindi.
Uning kelganidan jahannam shunday oh urdiki, biron bola qolmay, barchasining sochi
oqarib ketdi», deb javob berdi».
Allohdan barchamizni afu etishini va oxiratda azobga duchor qiladigan ishlardan omon
saqlashini so‘raymiz. Har bir banda yomon holatda ekanida ajali yetib do‘zaxga
uloqtirilmasidan oldin (Alloh saqlasin), Alloh taologa tavba qilishi lozim.