www.ziyouz.com kutubxonasi
142
birontangizni bo‘kirayotgan tuya yoki mo‘rayotgan sigir yo ma’layotgan qo‘y ko‘tarib,
Allohga duch kelganini ko‘rmayin», dedilar. Keyin qo‘ltiqlarining oqi ko‘rinadigan
darajada qo‘llarini ko‘tarib: «Ey Allohim, yetkazdimmi?» deb aytdilar (Buxoriy, Muslim,
Abu Dovud rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan
Xaybarga chiqdik. Alloh bizga uni fath etdi. Biz tilla ham, kumush ham o‘lja olganimiz
yo‘q. Har xil buyum, kiyim-kechak o‘lja oldik. So‘ng Quro vodiysiga yo‘l oldik. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam bilan birga Bani Jizomlik bir kishi hadya qilgan qullari ham bor
edi (U Bani Zobib qabilasidan bo‘lib, Rufo’a ibn Yazid deb atalar edi.) Vodiyga kelib
tushganimizdan so‘ng, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilarida turib,
ulovlarining tushovlarini yechayotgan edi. Shu payt unga paykon kelib tegdi va shu
tufayli o‘ldi. Biz: «Yo Rasululloh, unga shahidlik muborak bo‘lsin», degan edik, u zot
sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki,
hali taqsimlanmagan o‘ljadan qolgan yopinchiq uni olov bo‘lib kuydiradi», dedilar.
Bundan odamlar vahimaga tushdi. Bir kishi bir yoki ikki dona bog‘ich olib kelib: «Xaybar
kunida topib olgan edim», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Olovli
bog‘ich yoki olovli ikkita bog‘ich», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy
rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
mulozimlari orasida Karkara ismli bir kishi bor edi. U vafot etganda Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Odamlar borib uni ko‘zdan kechirdilar va junli
yopinchiq (engsiz to‘n) topdilar. U yopinchiqni xiyonat qilib olgan edi» (Buxoriy rivoyati).
Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
sahobalaridan biri Xaybar kuni vafot etdi. Buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga
zikr qilishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Sohibingizga janoza o‘qinglar»,
dedilar. Bundan odamlarning yuzlari o‘zgarib ketdi. Shunda u zot sollallohu alayhi
vasallam: «Sohibingiz Alloh yo‘lidagi (narsaga) xiyonat qildi», dedilar. Biz uning
kiyimlarini taftish qilib, bir yahudiy bigizini topdik. U ikki dirham ham turmas edi»
(Molik, Ahmad, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Amirlarning hadyalari xiyonatdir», deganlar
(Tabaroniy rivoyati).
U zot sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Alloh tahoratsiz namozni ham, xiyonatdan
bo‘lgan sadaqani ham qabul qilmaydi» (Muslim rivoyati).
Imom Ahmad roziyallohu anhu aytganlar: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallamning xiyonatkor va o‘z joniga qasd qilgan kimsadan tashqari birontasining
janozasini o‘qishdan bosh tortganini bilmaymiz».
Allohdan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan ishlariga muvaffaq etishini so‘raymiz. U
marhamatli zotdir.