www.ziyouz.com kutubxonasi
109
bilan ey xizmatkor! Menga bir obdasta suv keltiringlar!» dedi. Unga suv keltirishdi va u
o‘tirib har bir a’zosini uch martadan yuvib tahorat qildi. Keyin: «Shunday tahorat qil»,
dedi. Hotam esa: «(Iltimos), shu yerda tursangiz. Men huzuringizda tahorat qilib
ko‘rsatsam. Xatolarimni tuzatib qo‘yasiz», dedi. Tanofusiy o‘rnidan turdi va Hotam o‘tirib
tahorat qila boshladi. Keyin a’zolarini to‘rt martadan yuvdi. Shunda Tanofusiy: «Ey
birodar, isrof qilding», dedi. Hotam: «Qanday qilib?» deb so‘radi. U kishi: «A’zolaringni
to‘rt martadan yuvding», dedi. Shunda Hotam: «Subhonalloh (vo ajab)! Men bir hovuch
suvni ko‘p ishlatish bilan isrof qilgan bo‘lsam, sen shuncha narsalaring bilan isrof
qilmayapsanmi?» dedi. Tanofusiy uning maqsadi o‘rganish emas, balki shu narsani
bildirish ekanini bildi va uyiga kirib ketdi, so‘ng qirq kun odamlar oldiga chiqmadi.
Keyin Hotam (r.a.) Bog‘dodga keldi. Bog‘dod ahli uning yoniga to‘planib: «Ey Abu
Abdurrahmon! Siz ajamiy kishisiz. Kim siz bilan gaplashsa, albatta, mag‘lub qilasiz»,
deyishdi. Hotam aytdiki: «Menda uch xislat bor, ular bilan raqibim ustidan g‘olib
bo‘laman: avvalo, raqibim to‘g‘ri fikr aytsa, xursand bo‘laman; xato qilsa, xafa
bo‘laman; unga johillar kabi muomala qilishdan ehtiyot bo‘laman».
Bu xabar Imom Ahmad ibn Hanbalga (r.a.) yetganida u kishi: «Subhonalloh! Naqadar
aqlli ekan. Turinglar, birgalikda uning huzuriga boraylik», dedilar. Huzuriga
kirganlaridan keyin unga: «Ey Abu Abdurrahmon! Dunyodan salomat bo‘lish (chorasi)
nima?» deb so‘radilar. Hotam javob berdi: «Ey Abu Abdulloh! Sizda (quyidagi) to‘rt
xislat bo‘lmagunicha, dunyodan salomat bo‘lmaysiz: qavmning johilliklarini kechirasiz;
ulardan o‘zingizning johilligingizni tiyasiz; hamma narsangizni ularga sarflaysiz; ularning
narsalaridan umid qilmaysiz. Shunday qilsangiz salomat bo‘lasiz».
Keyin (Hotam) Madinaga yo‘l oldi. Madina ahli uning istiqboliga chiqdi. Hotam: «Ey
qavm! Bu qaysi shahar?» dedi. Odamlar: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam)
shaharlari», deyishdi. U: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) qasri qaerda? U
yerda namoz o‘qimoqchiman», dedi. Ular: «U zotning qasri bo‘lmagan, balki pastakkina
kichkina uylari bo‘lgan, xolos», deyishdi. «Unday bo‘lsa, sahobalarining qasrlari
qaerda?» deb so‘radi. Yana ular: «Ularning ham qasrlari bo‘lmagan. Pastak kulbalari
bo‘lgan, xolos», deb javob qilishdi. Shunda Hotam: «Ey qavm! Bu Fir’avnning shahri
ekan», dedi. Odamlar uni tutib, voliyning oldiga olib borib: «Bu ajamiy odam Madinani
Fir’avnning shahri, deyapti», deyishdi. Voliy undan: «Nega bunday deding?» deb so‘radi.
Hotam shunday dedi: «Menga jazo berishga shoshilmang! Men ajamiy g‘arib odamman.
Shaharga kirib, bu kimning shahri deb so‘radim. Odamlar Rasulullohning (sollallohu
alayhi vasallam) shahri, deyishdi. Men esa u kishining qasri qaerdaligini so‘radim...»
Shunday qilib, u bo‘lgan voqeani aytib berdi. Oxirida esa Alloh taoloning: