www.ziyouz.com kutubxonasi
39
nimalarga olib kelishini taxmin qilib bo‘lmaydi, chunki anti-zarra anti-muhitdagina mavjud bo‘la oladi...» «...O‘lim to‘shagida yotgan barhayotlikka da’vogar yozuvchi, Nobel mukofotining laureati Garsia Markes o‘zining vido maktubini e’lon qildi. Mashhur yozuvchi bir necha oydirki, saraton kasalidan azob chekmoqda...» MUTAFAKKIRNING VIDO MAKTUBI «Mabodo Tangri Taolo mening taqdirimdan ko‘z yumsa-yu, latta monand hilvirab qolgan shu
vujudimga yana bir parchagina hayot hadya etsaydi, hoynahoy, o‘ylayotganlarimning hammasini
aytmasam ham, gapirayotganlarimning hammasini o‘ylagan bo‘lardim.
Shunda... tevarakdagi narsalarni narxlariga qarab emas, qiymatiga qarab baholardim. Ko‘zim
yumuq mahalda o‘tkazilgan har bir daqiqada yorug‘likning oltmish soniyasini yo‘qotayotganimni
idrok etgan holda kamroq uxlagan, ko‘proq orzu qilgan bo‘lardim. Qolgan hamma to‘xtab turgan
mahalda yurar, hamma uxlayotgan mahalda uxlamasdim. Boshqalar gapirayotganlarida, ularning
gaplarini xuddi shokoladli muzqaymoqning ajoyib mazasidan lazzatlangan kabi, lazzat ila eshitgan
bo‘lardim.
Agar Tangri Taolo menga yana bir on hayot bersa... kamtarroq kiyingan, quyoshning issiq
nurlariga faqatgina tanimni emas, qalbimni ham toblab yotgan bo‘lardim. Ey Parvardigorim! Agar
menda yurak bo‘lsaydi, barcha nafratlarimni muzga yozib, quyosh chiqishini kutardim. Uyqum bilan
(Van Gogning orzusi) yulduzlarga hurriyat poemasining suvratini chizardim, ozodlik qo‘shig‘i esa
mening Oyga qilgan tuhfam bo‘lib qolardi. Tikanlarining achchig‘ini va gulbarglarining qirmizi
o‘pichlarini his qilish uchun ko‘zyoshlarim bilan atirgullarni sug‘orardim.
Ey Qodir Egam! Agar yana bir parchagina hayot bo‘lagi tanimda qolsaydi, bir kunimni ham
tevaragimdagi o‘zim suygan insonlarga ularni sevishimni aytmasdan o‘tkazmasdim. Men uchun
qiymatli bo‘lgan har bir kishini muhabbatimga ishontirgan, muhabbatni sevib yashagan bo‘lardim.
Qartayganda dilni muhabbat tark etadi deb adashganlarga, muhabbatni tark etganlari uchun qarilik
kelishini tushuntirardim.
Bolakaylarga qanot hadya qilar, ammo uchishni o‘zlari o‘rganishlariga imkon berardim.
Qariyalarni esa, ajal keksalik tufayli emas, xatolar va yanglishishlar tufayli kelishiga ishontirardim.
Insonlar, men sizdan shu qadar ko‘p narsa o‘rgandimki... lekin anglaganim eng buyuk haqiqat –
butun olam tog‘larning cho‘qqilarida yashashni istar ekan, haqiqiy saodat u yerda yashash emas, u
yerga ko‘tarilishda ekan!
Shuni tushunib yetdimki, murg‘ak bolakay kichkina barmoqchalari bilan otasining barmog‘ini
qisimlagani on, uni hech qachon qo‘yib yubormasin!
Angladimki, inson bolasi boshqa birovga, faqatgina yuqoriga ko‘tarilishi uchun yordam
berayotganidagina balanddan qaray olar ekan!