Ma’lumki, O‘zbekistonda 2008 yilning yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilindi va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etildi.
Mamlakatimizda o‘lim jazosining bekor qilinishi xalqaro
hamjamiyatning katta e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘lgani albatta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik o‘ta muhim voqeadir. Nufuzli xorijiy ekspertlarning ta’kidlashiga ko‘ra, ushbu chora va bu sohada yuqorida ko‘rsatilgan boshqa bir qator ishlarning amalga oshirilishi bilan O‘zbekistonda dunyodagi eng liberal jinoiy jazo tizimlaridan biri yaratildi. Xalqaro ekspertlarning bu boradagi qiyosiy tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Germaniya va Polshada 5 ta, Belgiya va Rossiyada 6 ta, Daniyada 9 ta, Shvetsiyada 13 ta, Fransiyada 18 ta, Gollandiyada 19 ta jinoyat turi bo‘yicha tayinlanishi mumkin.
O‘zbekistonda esa umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, faqat ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm uchun tayinlanadi. Ushbu jazo turi bizning mamlakatimizda xotin-qizlarga, jinoyat sodir etgan paytda 18 yoshga yetmagan shaxslarga va yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas.
Aytinglar, aziz do‘stlar, mana shu olib kelingan dalillar O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin biz qo‘lga kiritgan eng katta, eng muhim yutuqlarimiz emasmi? Shu nuqtai nazardan qaraganda, yurtimizda haqiqatan ham adolat o‘rnatishda jinoyat yo‘liga kirganlarga eng odil hukm chiqarishda bu misollar yaqqol dalil emasmi? Bu masala bo‘yicha o‘zgalar, bizga aql o‘rgatadiganlar balki bizdan o‘rnak oladigan vaqt kelmadimi?
Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, mazkur sohada sud faoliyatini liberallashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilganini ta’kidlash lozim.