Keyingi yillarda O’zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan ulkan iqtisodiy o’zgarishlar respublikamiz hisob tizimini ham o’z ichiga qamrab olmoqda. Ayniqsa, buxgalteriya hisobining milliy standartlarining amaliyotga tatbiq etilayotganligi bunda alohida ahamiyat kasb etadi.
Buxgalteriya hisobidan foydalanuvchilar doirasi ancha kengayib borayotganligi, integratsiya jarayonlari chuqurlashayotganligi, qo’shma korxonalar barpo etilayotganligi, jahon moliya bozoriga (qimmatli qog’ozlar birjalariga, xalqaro banklarga, fondlarga va boshqalarga) chiqilayotganligi sarmoyalar, ishchi kuchi va valyutaning ayrim mamlakatlar o’rtasida erkin harakatlanishi zarurligi buxgalteriya hisobi tizimini jahon andozalariga ko’chirishni yanada qattiqroq talab qilmoqda. Qolaversa, buxgalteriya hisobi va hisobotini xalqaro talablarga muvofiq o’zgartirish keyingi vaqtlarda O’zbekiston uchun ham tobora dolzarb vazifaga aylanmoqda. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida respublikada xalqaro andozalarga to’la-to’kis mos keluvchi buxgalteriya hisobining milliy andozalari ishlab chiqilmoqda va amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Buxgalteriya hisobini isloh qilinishi, eng avvalo, uning boshqaruv hisobi, moliyaviy hisob va soliq hisobiga bo’lib o’rganishimizni taqozo etadi. Buxgalteriya hisobi turlari ichida moliyaviy hisob alohida ahamiyatga ega bo’lib, u tashqi foydalanuvchilar uchun asosiy axborot manbai bo’lib hisoblanadi.
Ushbu o’quv qo’llanma oliy ta’limning iqtisodiyot yo’nalishidagi magistratura talabalari uchun mo’ljallangan bo’lib, unda moliyaviy hisobning barcha elementlari - asosiy vositalar, lizing muomalalari, nomoddiy aktivlar, uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar, ishlab chiqarish zaxiralari, pul mablag’lari, hisob-kitob muomalalari, kapital hamda rezervlar, moliyaviy natijalar va boshqa mavzular ko’rib chiqilgan.