Haqiqat manzaralari 96 mumtoz faylasuf
www.ziyouz.com
кутубхонаси
182
narsalarga ega bo‘lishimiz, yovuzlikdan kamroq azob chekishimiz mumkin edi. Chunki biz duch
keladigan baxtsiz odamlar, menimcha, ana shu ehtiyotsizlik tufayli saodatni boy berganlar.
Nimani nazarda tutayapti, deb so‘rarsiz? Siz hikoyalarni yoqtirasiz. Shu bois o‘zim to‘g‘rimdagi bir
hikoyani so‘zlab bermoqchiman. Va buning uchun meni ma’zur tutgaysiz.
Yoshim yettida edi. Bayramlarning birida o‘rtoqlarim menga bir hovuch chaqa sovg‘a qilishdi. Men
o‘sha zahoti o‘yinchoqlar do‘koniga ravona bo‘ldim. Yo‘lda ketayotganimda bir bolaning qo‘lidagi
hushtakning sadosi hushimni o‘g‘irladi va do‘konga kirib bor pulimga hushtak sotib oldim. Keyin uyga
qaytdim-da, sevinchim ichimga sig‘may quloqni qomatga keltirib hushtak chala boshladim.
Bundan uydagilarning achchig‘i
chiqsa-da, men juda sarmast edim. Akalarim, opalarim,
amakivachchalarim hushtakning bahosini surishtirib bilgach, uni o‘z narxidan to‘rt baravar qimmatga
sotib olganimni, qolgan pulga qanday yaxshi narsalar sotib
olishim mumkinligini aytib, ustimdan rosa
kulishdi. Xo‘rligim kelib yig‘lab yubordim. Hushtak tufayli chekkan bu iztirobim, u keltirgan quvonch
va lazzatdan ziyodroq edi.
Xotiramga muhrlanib qolgan bu voqea keyinchalik menga asqotdi. Biror bir nokerak buyumni sotib
olish vasvasasiga uchraganimda, o‘zimga: «Hushtak uchun haddan ortiq haq to‘lama», —
deyman-u,
pulimni tejab qolaman.
Voyaga yetib katta hayot yo‘liga qadam qo‘yganimdan keyin odamlarning xatti-harakatlarini kuzata
boshladim. Shunda hushtagi juda qimmatga tushayotgan ko‘plab odamlarni uchratdim.
O’zining qimmatli vaqtini, farog‘atini, erkini, marhamatini va ehtimol, yor-do‘stlarini qirol saroyidagi
qabulda ishtirok etish sharafiga noyil bo‘lish yo‘lida qurbon qilayotgan o‘ta izzattalab odamni
ko‘rganimda o‘z-o‘zimga: «Bu kishining hushtagi juda qimmatga tushdi-da», — deb qo‘yardim.
Shon-shuhratga ortiq
darajada mukkasidan ketgan, doimiy ravishda siyosiy yugur-yugurlar bilan
ovora bo‘lgan va e’tiborsizligi oqibatida kasb-korini o‘lda-jo‘lda qoldirgan kimsani ko‘rganimda esa:
«Chindan ham uning hushtagi juda qimmatga tushdi», — deb qo‘yar edim.
Har qanday huzur-halovatdan, o‘zgalarga yaxshilik qilishdan, hamsoya hurmat-izzati, e’tiboridan va
chin do‘stlik quvonchlaridan voz kechib, pul to‘plashni ixtiyor qilgan o‘taketgan
xasis odamni
ko‘rganimda: «Ey, baxtiqaro! Sening hushtaging naqadar qimmatga tushdi-ya», — derdim.
Hissiy lazzat, kayfu safo yo‘lida aqlini qurbon qilgan va salomatligiga putur yetkazgan
shahvatparastni uchratganimda, derdim: «Sen adashayapsan, nazdingda lazzatdek tuyulayotgan
narsa aslida bir darddir. Hushtaging juda qimmatga tushayapti!»
O’ziga oro berib, go‘zal liboslarga,
chiroyli uylaru jihozlarga, foytunlarga mehr qo‘ygan, ammo
ularga erishish uchun qo‘li kaltalik qilishi oqibatida qarzga botgan va umrini turmada nihoyalaganlarni
ko‘rganimda: «U hushtak uchun katta, juda katta to‘lov to‘ladi», — derdim.
Xullasi kalom, men inson boshiga yog‘ilguvchi kulfatlarning ko‘p qismi odamlar narsalarning
qimmatini to‘g‘ri baholay olmasliklaridan kelib chiqadi va ularning hushtagi juda qimmatga tushadi
deb hisoblayman.
Ammo har holda bunday baxtiqarolarga shafqatli bo‘lishimiz lozim. Holbuki, bunday o‘ylab
qarasam, g‘ururlanishga arzigulik aql-farosatim borligiga qaramay, men uchun ham qirol Jonning
olmalari kabi yo‘ldan ozdiruvchi narsalar bor. Xayriyatki, ularni sotib olib bo‘lmaydi.
Bordi-yu, ular
kimoshdi savdosiga qo‘yilganda men bir lahzada bor-yo‘g‘imdan ayrilishim va yana bir marta hushtak
uchun haddan ziyod to‘lab yuborganimni payqamay qolishim mumkin bo‘lur edi.
Ko‘rishguncha xayr, mening aziz do‘stim.
Kamoli ehtirom ila sodiq qulingizdan deb bilursiz.