buyukdir. 114. Ularning ko'pgina shivir-shivirlarida - agar sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yoxud odamlar o'rtasini isloh qilishga buyurmagan bo'lsa - yaxshilik yo'qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz. 115. Kimda-kim hidoyat unga aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa, mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda toblaymiz. Naqadar noxush joy u! 116. Albatta, Alloh Unga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o'zga (gunohlar)ni (O'zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (yo'ldan) juda uzoqqa adashibdi. Izoh: "Ahli sunnat va jamoat", ya'ni, biz musulmonlarning aqidamizga ko'ra, musulmon odam kattami, kichikmi gunoh qilsa, kofir bo'lmaydi, balki gunohkor bo'ladi. Gunohni esa kechirish yoki kechirmaslik Allohning ixtiyoridadir. Kechirilmaydigan gunoh - bu shirk va kufrdir. Mazkur oyat shu aqidaga asos bo'la oladi. 117. Ular (mushriklar) Allohni qo'yib, faqat ayollar (Lot, Uzzo va Manot otli but-sanamlar)ga sig'inadilar yoki isyonkor shaytonga sig'inadilar. 118. Alloh uni (shaytonni) la'natladi. (U) dedi: "Albatta, bandalaringdan belgilangan ulushimni olurman, 119. ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho'ktiraman. Buyursam ular hayvonlar qulog'ini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o'zgartiradilar". Kimki Allohni qo'yib shaytonni do'st tutsa, demak, u aniq ziyon qilibdi. Izoh:Alloh yaratgan narsani o'zgartirish deganda erkaklik va ayollik jinslarini, qiyofasini o'zgartirish, odamzotni bichish kabilar kiradi. Alloh taolo insoniyatni turli millat, xilma-xil shakl va rangda yaratgan hamda ushbu ilohiy andoza to qiyomatgacha davom etishini iroda qilgan. Ba'zi shakkok kimsalarning o'z milliy xususiyatlaridan voz kechishlari ilohiy ta'limotga zid ekanligi mazkur oyat va uning tafsirlarida o'z ifodasini topgan.