yuritmaysizlarmi?! 33. Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar. 34. Sizdan oldingi payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar. To ularga Bizning yordamimiz kelgunga qadar yolg'onchiga chiqarilganlariga va berilgan aziyatlarga sabr qildilar. Allohning so'zlari (va'dalari)ni o'zgartiruvchi (kuch) yo'qdir. Sizga payg'ambarlar xabaridan (qisman) keldi. 35. Agar ularning e'tirozlari Sizga og'ir botayotgan bo'lsa, Yerga teshik yoki osmonga narvon izlab (bo'lsa ham) ularga biror mo''jiza keltira olsangiz (edi). Agar Alloh istaganda edi, ularni hidoyat uzra jam qilgan bo'lur edi. Bas, (buning hikmatini bilmaydigan) johillardan bo'lmang! Izoh: Ularning imondan yuz o'gi rishlari Payg'ambar (a. s.)ga og'ir botganda, nima qilishlarini bilmay qolar edilar. Oyatdagi ibora o'zbekchadagi "yer qattiq, osmon uzoq" iborasiga o'xshab ketadi. Ikkinchi ma'nosi - mo''jiza sifatida yerni teshish yoki osmonga ko'tarilish bilan ularni lol qoldirib, hidoyat yo'liga kiritmoqchi bo'lishlaridir. 36. Albatta, eshitadiganlar (da'vatingizni) qabul qilurlar. O'liklarni esa, Alloh tiriltirur. So'ngra Uning huzuriga qaytarilurlar. Izoh: O'liklar - kofirlar. Ya'ni ular bu dunyoda eshitmaslar. Ularni Alloh taolo tiriltirgan kuni (oxiratda) eshitishga majbur bo'lurlar. 37. Aytdilar: "Unga Rabbidan biror mo''jiza tushirilsa edi". Ayting: "Albatta, Alloh mo''jiza tushirishga qodirdir. Lekin, ularning aksariyati (buning oqibatini) bilmaydilar". 38. Yerdagi biror jonivor va biror ikki qanoti bilan uchadigan parranda yo'qki, (ular ham) sizlar kabi ummatlar bo'lmasalar. Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz.