(mana shunday) masallarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir. Izoh: Allohning nuri uning hidoyatidir. Lekin bu oyatdagi nur so'zining chuqur ma'nolaridan ogoh bo'lishni istagan kishi tafsir kitoblariga yoki Abu Homid G'azzoliy bitgan "Kitob an-Nur" kitobiga murojaat qilishi mumkin. 36. (U chiroq) ko'tarilishiga (qurilishiga) va ularda o'zining nomi zikr qilinishiga Alloh izn bergan uylarda (masjidlarda)dir. U (masjid)larda ertayu-kech Unga tasbeh aytadigan 37. kishilar bordir. Ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni mukammal ado etishdan va zakot berishdan chalg'ita olmas. Ular dillar va ko'zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo'rqurlar. 38. Ular qilgan ezgu amallari sababli Allohning mukofotlashi va yana ularga o'z fazli bilan ziyoda (savoblar ato) qilishi uchun (ibodat qilurlar). Alloh (o'zi) xohlagan kishilarga behisob rizq berur. 39. Kufrda bo'lganlarning qilgan amallari esa sahrodagi sarobga o'xshaydi. Tashna odam uni suv deb o'ylar, uning oldiga kelgach esa, hech narsa topa olmas va Allohni uning (qilgan amalining) oldida topur. Bas, U uning hisob-kitobini mukammal qilur. Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir. 40. Yoki (kofirlarning qilgan amallari) ustma-ust to'lqin va uning ustida (qora) bulut qoplab olgan dengizdagi zulmatlarga o'xshaydi. (Ular) ustma-ust zulmatlardir: qo'lini chiqarib (qarasa) uni ko'ra olmas. Kimga Alloh nur (imon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo'qdir. 41. (Ey, Muhammad,) Allohga osmonlar va Yerdagi bor jonzot, saf tortgan qushlar ham tasbeh aytishini ko'rmadingizmi? Har biri o'z duo va tasbehini bilur. Alloh esa, ularning qilayotgan (barcha) ishlarini biluvchidir.