89-bob. Namoz o‘qiyotib imomga qaramoq Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Kun tutilganda
o‘qiladirgan namoz haqida gapirayotib: «Men do‘zaxning parchalanib ayqash-uyqash
bo‘lib ketganini ko‘rib, vahmdan orqamga tisarildim»,— dedilar».
Abu Ma’mar raziyallohu anhu naql qiladirlar: «Biz Xabbobdan «Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam peshinda va asrda zam sura o‘qirmi erdilar?»—deb so‘radik. «Ha»,—
dedi. «Buni qanday» qilib bilur erdingiz?»—dedik. «Soqollarining qimirlashidan»,— dedi
(demak, ul kishi namoz vaqtida imomga qaraganlar)».
Barro raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Sahobalar Rasululloh sallallohu alayhi va
sallamga iqtido qilib namoz o‘qiyotganlarida Janob Rasulullohning sajdaga borganlarini
ko‘rmagunlaricha sajda qilishmas erdi».
Abdulloh ibn Abbos naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida Kun
tutildi. Janob Rasululloh Kun tutilganda o‘qiladigan namozni o‘qidilar. Namozdan keyin:
«Yo Rasululloh, qiyomda turganingizda nimanidir ushlamoqchi bo‘lib qo‘l uzatganingizni
va orqangizga tisarilganingizni ko‘rdik»,— deyishdi. Janob Rasululloh: «Men jannatni
ko‘rib, uning mevasidan olmoqchi bo‘ldim. Agar olganimda, uni qiyomatga qadar tanovul
qilib yurgan bo‘lur erdingizlar»,.— dedilar».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biz birlan namoz
o‘qib, so‘ng minbarga ko‘tarildilar. Qo‘llari birlan masjidning qibla tomoniga ishora qilib:
«Hozirgina, siz birlan namoz o‘qiyotganimda ana shu devor tomonda jannat va do‘zaxni
ko‘rdim, xuddi surati tushirilgandek juda aniq ko‘rdim, yaxshilik birlan yomonlikning
farqini bugungidek aniq ko‘rmagan erdim»,— deb uch marta aytdilar».
Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
149