MUHABBAT
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
81
Har mo‘min dilida bir orzu faqat,
Har damda o‘yida Mahsharning kuni.
Alloh gunohlarin qilib mag‘firat,
Zora noil etsa jannatga uni.
Tunlari meni ham chulg‘aydi xayol,
O’zing yorlaqagin meni ham, yo Rabb.
Sening vasling garchi eng oliy visol,
Rahm etgil va lekin holimga qarab.
Mening ham tilagim ol inobatga,
Qovushtir orzular olami bilan.
Rasululloh demish: Kishi jannatga
Kirgaydir sevikli odami bilan.
AZROIL
Badaviy shaklida kelib Azroil
Muhammadga dedi:. Joningni olgum.
Va lekin hurmatga ekansan noil,
Tila tilagingni, do‘st bo‘lib qolgum.
Muhammad to‘lg‘ondi o‘ngga-yu so‘lga,
Dedi:. Ishing ekan - ola qol jonni.
Roziman, iltifot aylab Rasulga,
Baxsh etib turibsan so‘nggi imkonni.
Yolg‘iz o‘tinchimni qaytarma minba’d,
Mayli, so‘ng tepamda ko‘ksingni kergil.
Ummatim jonini oson ol faqat,
Uning azobin ham o‘zimga bergil.
HADIS
Bu ulug‘ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et, o‘zing, Ilohi.
Ulg‘aydik va lekin oldda ko‘p gap bor,
Davra shamollari esib o‘tgaydir.
Inongum, e’tiqod o‘zi bo‘lib yor,
Bizning ham qo‘limiz bir kun tutgaydir.
Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana ko‘rishguncha sog‘ bo‘ling! Omin!
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |