Microsoft Word saylanma abdulla oripov ziyouz com doc



Yüklə 281,28 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə8/112
tarix02.01.2022
ölçüsü281,28 Kb.
#38948
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   112
Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild. She'rlar

QAYRAG‘OCH 
Assalom, azizim, qayrag‘och og‘a, 
Balki men jiyanman, sen menga tog‘a. 
Farqimiz bittadir: sening tiling yo‘q, 
Yurarga oyog‘ing, ketar yo‘ling yo‘q. 
Lekin baxtlidursan, soya solursan, 
Bahra olganlardan duo olursan. 
Tog‘ajon, mening-chi, ahvolim mushkul, 
Mendan panoh topgan qarg‘aydi nuqul. 
Bitta iltimos bor: o‘rin almashsak, 
Men ham daraxt kabi yashasam andak. 
Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq, 
Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq. 
1981 
QIRQ YOSH 
Qirq yosh ham keldiyu qo‘limdan tutdi, 
Borman na ertakda, na afsonada. 
Qirq yilning naq yarmi yo‘llarda o‘tdi, 
Yarmi esa o‘tdi bemorxonada. 
Shu mo‘’jaz uyimda yonsin deb chiroq
Ne aziz zotlarga yondoshdim gohi. 
Birin aka dedim, birini o‘rtoq, 
Ba’zan nom chiqardim: davron maddohi! 
Kim alam chekmabdi umrida bir bor . 
U meni anglamas, anglamas aslo! 
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor, 


Saylanma. Abdulla Oripov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
9
Men unga umrimni etgumdir fido. 
Ming bora roziman ona yurtimdan, 
Ko‘rdi u erkalik chog‘larimni ham. 
Kimdir tosh otsa ham goho ortimdan, 
Qoshimda bosh egdi kelib so‘nggi dam. 
Qirq yillik umrimning eng avj pallasi 
Kelajak kunlarga munglig‘ qarayman. 
Ukajon, navbating yetdi chamasi, 
Endi men saflarga qanday yarayman?! 
Bir vaqtlar jo‘r bo‘lib o‘tli yoshlikka 
Yurardim hech so‘nmas tilagim bilan. 
Bugun-chi, dardlashib turibman yakka 
Shu majruh, shu xasta yuragim bilan. 
Afrosiyob kabi vayrondir dilim, 
Cho‘ng larza yuz berdi unda nogahon. 
Oh, faqat ko‘milib ketmasin yo‘lim, 
Faqat o‘tib tursin ko‘chamdan zamon! 
1981, Moskva 
XAYRLASHUV 
Xayr, ey, bearmon kezgan qirlarim, 
Xayr, ey, yiroqqa qochgan so‘qmoqlar. 
Xayr, ey, maskanim - tuqqan yerlarim, 
Xayr, ey, sahrolar, xayr, ey, tog‘lar. 
Endi sizni qayta qucha bilmasman. 
Inja diydoringiz endi o‘zgadir. 
Shamollar, siz bilan ucha bilmasman
Chechaklar, endi siz menga beqadr. 
Oshno kengliklarga tashlab jim nazar, 
Tirqirab keladi ko‘zlarimga yosh. 
Shamollar holimdan olganday xabar, 
Bir lahza teppamda tinganday quyosh, 
Ulardan nogahon tinglayman xitob: 
Shoirim, sen qayga qaytmoq bo‘libsan? 
Kim seni badarg‘a qilmish, ber javob, 
Sen nechun alvido aytmoq bo‘libsan? 
Oltin bolaliging o‘tgan tuproqda 
Nahot topilmasa senga bir madad? 
Nahot onang ruhi qolmish yiroqda, 
Nahot bobolaring qo‘llamas minba’d? 
Go‘zal bu dunyoga kelib ketmoqlik 
Nahotki shuncha jo‘n, shunchalar oson?! 
Yulduzlar shivirlar, dillari dog‘lik: 
Yo o‘zga sir bormi? Aytgil, qadrdon! 
Yo‘q, deyman va lekin sim-sim yig‘layman, 
Qirq ko‘zgu keladi qarshimga bot-bot, 
Dilbar kunlarimni bir-bir ilg‘ayman, 
Misli oinaga boqqanday Farhod. 


Saylanma. Abdulla Oripov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
10
Endi qaytib kelmas u damlar sira
Shul sabab dilda g‘am, ko‘zlarimda yosh, 
Qoldi qaylardadir yoshlik - bokira 
Quduq tublariga cho‘kkanday quyosh. 
Men ko‘rar endigi bu go‘zal olam, 
Sirli u damlarning mavhum soyasi. 
Shul sabab qalbimni o‘rtaydi alam, 
Shul sabab g‘amimning yo‘q nihoyasi. 
Hayajon bu - o‘lim, kulfatdir - qo‘shiq, 
Qilt etgan shamoldan titramas yurak. 
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq, 
Balkim to‘ng‘ib qolgan bir orom kerak. 
Bir hovuch kul emish otash qismati, 
Men ham yona-yona tindim nogahon. 
Endi tillarimda vido hasrati, 
Endi ko‘zlarimga tiyradir jahon. 
Olam tin oladi, tinurman men ham, 
Endi u sirlarin so‘ylamas ortiq. 
Faqat derazamda bir qushcha beg‘am 
Menga qo‘shiqlarin etadi tortiq. 
Hayot deb atalgan xush tilak bilan 
Kechalar behudud o‘yga tolurman. 
Tosh qotgan, nogiron shu yurak bilan 
Mo‘ysafid quyoshni qarshi olurman. 
1981, Moskva 

Yüklə 281,28 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   112




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin