Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
110
Xayol gulshanida tersam chechaklar,
Jajji nabiramga bo‘ldim ermaklar,
Endi onam aytmas menga ertaklar,
Axir u men uchun armon emasmi?
Qorong‘u tunlarda olovlar yoqib,
Ilk she’rim yozgandim yulduzga boqib,
Endi axtaraman ko‘zoynak taqib,
Axir u men uchun armon emasmi?
Qancha zot dunyoga keldiyu ketdi,
Birin dushman etsa, birin do‘st etdi,
Birining boshiga shon-shuhrat yetdi,
Axir u men uchun armon emasmi?
Meni aldab ketdi lo‘ttiboz olchoq,
Ishongan kishim ham ko‘rsatdi yaroq,
Ularni xudoga topshirdim biroq,
Axir u men uchun armon emasmi?
Shukrona aytaman, do‘stlarim bordir,
Biri balki qo‘rqoq, birisi botir,
Yaxshilik qildimmi ularga axir,
Axir u men uchun armon emasmi?
Goho esh bo‘lsam-da siyosatlarga,
Qalbimni baxsh etdim malohatlarga,
Ular deb qoldim men malomatlarga,
Axir u men uchun armon emasmi?
Ogohman ishq degan ko‘hna shevadan,
Muhabbat atalmish tansiq mevadan,
Ortga qaray-qaray qaytdim Xivadan,
Axir u men uchun armon emasmi?
1995
AMUDARYOGA
Kimligimni bilar edim ozroq,
Bilar edim suyukligimni.
Amudaryoni ko‘rganda biroq
Bilib qoldim buyukligimni.
1995
Dostları ilə paylaş: