www.ziyouz.com kutubxonasi
12
yoshliklaridin tortib do‘stlik aloqalari bor edi. Ikkovlari bir tuyaga mingashdilar. Tuyaga
minishlari bilan yana bir parcha oq bulut tepalarida soya tashlab turdi. Safar tamom
bo‘lguncha kun issig‘ida ustilaridin shu bulut sira ajramadi. Abu Bakr Siddiq va Maysara
bu sirni ochiq ko‘rdilar. Karvonlar manzildan-manzilga ko‘chib, bir necha kun yurishib,
Shom viloyatiga keldilar.
Payg‘ambarimiz o‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan kelgan safarlarida
ko‘rishgan Buhayro rohibning savmaasiga karvon yaqinlashdi. Ul rohib bir necha yillar
ilgari o‘lib ketib, o‘rniga Nasturo degan rohib kelib o‘ltirgan edi. Bu ham Tavrot, Injil
kitoblarida Payg‘ambarimiz sifatlarini ko‘rib, oxirzamon Payg‘ambarining chiqar vaqti
yovuqlashdi, Shom safariga chiqib, shu yo‘ldin o‘tguvchidur, aning jamolini ko‘rarmanmu
degan umid bilan savmaa uzasidin (tomi) ko‘z tutib, Madina tarafiga boqib turar edi.
Bir kuni shul tarafdin karvon qorasi ko‘rindi, alar ichida ustiga bir parcha bulut soya solib
turgan Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Karvon ahli savmaa oldiga kelib tushdilar.
Payg‘ambarimiz ersa, savmaa yaqinidagi bir tup daraxt soyasida o‘ltirdilar, rohib kelib,
Payg‘ambarimizga uzundan-uzun tikilib, qarab turdi.
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb Maysara quldin so‘radi.
Undan javobini anglab, kitobda ko‘rgan sifatlariga to‘g‘ri topdi. So‘ngra Maysarani bir
chetga tortib, unga Payg‘ambarimiz to‘g‘rilarida ko‘p sirlarni aytdi. Va ham Shom
shahriga kirmasga maslahat berdi. «U joyda yahudiylardin dushmanlar kutib
turmoqdadur, ulardin ziyon-zahmat yetmasun», dedi. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimizning
o‘zlari bilan ham biroz so‘zlashdi. Mana shu rohib so‘zi sabab bo‘lib, payg‘ambarimiz
Shom shahriga kirmasdin, shu joyda mollarini ko‘p yaxshi bahoda sotib qaytdilar.
Endi «So‘zdan so‘z chiqar» degandek, bu kitob yozguvchi Alixonto‘ra, Shokirxonto‘ra
otamiz marhum bilan o‘n to‘rt yoshimda, tarix hijrat 1319 (1902) yili haj safariga
chiqdik. Toshkentdin poyezdga tushib, Kaspiy dengiz osha Kavkaziya orqalik, Botum
bilan Qora dengizga kirib, Istambulga yetdik, ul zamonda sulton Abdulhamidxon
hazratlari xalifa edilar. Bu joydin O‘rta dengiz orqali yurib, Bayrut shahriga keldik. Undan
poyezd bilan to‘qqiz soatda Shomi sharifga keldik. Eng avval Bani Umayya jome’ida
hazrati Yahyo Payg‘ambar qabrini ziyorat qildik, boshqa ko‘p ziyorat joylar bor ekan,
alardin bo‘shagan so‘ngida shahardin anchagina chetroq joyda bir qishloqqa bordik. U
qishloqni «Qadamun Nabiy» deb atar ekanlar. Unda bir masjidga kirdik, masjid ichida
tokcha ustida bir dona katta tosh turibdur. Mana shu tosh uzasida bosilgan bir inson izini
ko‘rib, ziyorat qildik. Bizni boshlab kelgan odam aytdikim, Payg‘ambarimiz yigitlik
vaqtlarida hazrati Xadichaning mollari bilan tijorat uchun Shom shahriga kelgan ekanlar,
shu joyda ko‘rishgan Nasturo rohib so‘zi bilan shahar ichiga kirmasdin, shu yerdin
qaytgan ekanlar. Mana shu tosh ustiga, mo‘jiza bo‘lib, oyoqlarining izi tushgan, dedi. Ul
zamonda butun Shom viloyati, arablar mamlakati sulton Abdulhamidxon xalifaga qarar
edi. Hozirgi tarix 1371 yil bo‘lib, shul orada 52 yil o‘tibdur. «Inson umri o‘tar, yozgan
so‘zlari qolar», degani shul ekan. Endi, boshqalar o‘tgandek biz ham dunyodin o‘tib
ketsak, bizning avlod-nasllarimizga bu yozgan so‘zlarimiz yodgor bo‘lsin. Buni o‘qigan
chog‘larida biz g‘aribni ko‘ngullariga kelturib, bir kalima Qur’on bilan duoda yod qilib,
ruhimni shod qilgaylar. Alloh taolo alarning ham ikki dunyoligini obod qilg‘ay, omin!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Quraysh karvoni Shom tuprog‘idin chiqib, manzildin
manzilga ko‘chib, salomat Makka shahriga yetdilar. Makka xalqi karvon xabarini
anglashib, to‘sib chiqishdi. Onamiz hazrati Xadicha ham shul chog‘da bir necha xotunlar
bilan tom uzasiga chiqib, qarab turgan edilar. Yiroqdin kelayotgan karvon ichida
Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Bosh ustilarida bulutdek soya solib turgan bir juft qush
ko‘rindi. Haqiqatda esa u ko‘ringan qushlar ikki farishta edi. Angachalik Maysara qul ham
yetib keldi, sihat-salomatlikni bildirgandan keyin bu uzun yo‘lda payg‘ambarimizdan