YIGIRMA SAKKIZINCHI MO’JIZA Hazrati Salmon Forsiy Islom davridan ilgari haq din izlab, o‘z vatani Eronni tashlab
chiqqan edi. U vaqtda Eron xalqi otashparast edi. Erondan chiqib Rum viloyatiga keldi.
Bu ersa butun nasoro diniga markaz sanalur edi. Bu yerga kelgach, shu dinni qabul qilib,
muning asosini o‘rganmish edi. U bir ulug‘ rohib (din boshlig‘i) xizmatiga kirdi. Muning
xizmatida bir necha yil turdi, so‘ngra rohib vafot etdi. O‘lar chog‘ida Hazrati Salmonni
yana bir rohibga topshirib, anga xizmat qilmoqqa vasiyat qildi.
Muning xizmatida ham bir necha yillab turdi. So‘ngra buni ham ajali yaqinlashib o‘lim
to‘shagida yotdi ersa, undan Salmon Forsiy vasiyat talab qilib:
— Sizdan keyin kimning xizmatida bo‘lg‘ayman? — dedi.
— Falon rohibning xizmatida bo‘lg‘aysan, — deb uchinchi bir rohibning suhbatini
topmoqqa ul buyurdi.
Shunday qilib, buning xizmatida ham bir necha yil yurdi. O‘shal davrda Tavrot, Injil
o‘qigan ulamolar ichida bundan olimroq kishi yo‘q edi. Muni ham ajali yetib, o‘limga
tayyor bo‘ldi.
Anda Hazrati Salmon:
— Ey ustoz, vasiyat qiling, sizdan keyin kimning suhbatida bo‘lg‘ayman?
Anda ul rohib:
— Ey Salmon, shuni bilgilkim, endi butun yer ustida suhbatidan senga yaxshilik
yetgudek hech kim qolmadi. Barcha olam xalqi haq yo‘ldan adashdilar. Shu kunda ersa,
haq dinni tutguvchi bir kishi ham yo‘qdur. Lekin oxirzamon payg‘ambarining chiqar vaqti
yaqinlashdi. U ersa, Makkada tug‘ilur, dushmanlari uni vatanidan chiqargaylar. Qalin
xurmozorlik ikki toshloq orasidagi bir shaharga hijrat qilib kelgay. Uning alomati
shulkim, ikki yelkasining orasida payg‘ambarlik muhri bordur. Hadya keltirur bo‘lsang
qabul qilur, sadaqa, zakot mollaridan o‘zi yemagay. Ularni yig‘ib, faqir-miskin,
muhtojlarga bergay. Endi menim senga nasihatim, men o‘lgandan keyin o‘shal
payg‘ambarni topib uning xizmatida bo‘lgil.
Bu so‘zni anglagach, Salmon Forsiy Arabistonga safar qildi. Yo‘lda arab avboshlariga
uchrab qolib, ani qul qilib asir oldilar. So‘ngra yordamchisi yo‘q yolg‘iz kishi
bo‘lganligidan uni qul qilib sotib yubordilar. Qo‘ldan-qo‘lga sotilib yurib, oxirida madinalik
bir yahudiyga sotildi. Shu orada Rasululloh ham Makkadan hijrat qilib Madinaga kelib,
yarim toshcha yiroqlikdagi Qubo degan qishloqqa tushgan edilar.