www.ziyouz.com kutubxonasi
124
Andrey Fokich og‘ir xo‘rsinib yuborib, ko‘zlarini «pir-pir» uchirdi va boshidan shlyapasini olib,
dahlizga qadam qo‘ydi. Xuddi shu mahal dahlizdagi telefon jiringlab qoldi. Behayo xodima bir
oyog‘ini stulga qo‘yib, trubkani olib dedi:
— Allo!
Bufetchi xijolatdan o‘zini qayoqqa urishni bilmay, yer tepinib turarkan: «Ana senga ajnabiylarning
xodimasi! Voy maraz-e!» — deb o‘ylardi. Keyin u shu marazdan ko‘zini olib qochish uchun har
tomonga alanglay boshladi.
Bu kattakon, nimqorong‘i dahlizning hammayog‘ida g‘ayrioddiy buyumlar va liboslar qalashib
ketgan edi. Chunonchi, stulning suyanchig‘ida alvonrang astarli motam plashi, ko‘zgu tagidagi
stolchada esa yaraqlagan oltin banddi uzun shamshir yotardi. Yana kumush sopli uchta shamshir xuddi
zontik yo hassa singari burchakka tirab qo‘yilgan edi. Devorga qoqilgan kiyik shoxiga esa burgut patli
beretlar ilingan edi.
— Eshitaman, — dedi xodima telefonga, — nima? Baron Maygel? Qulog‘im sizda. Ha! Janob artist
bugun uydalar. Ha, bajonidil uchrashadi u siz bilan. Ha, mehmonlar... Yo frak, yo qora kamzul. Nima?
Tungi soat o‘n ikkiga. — Xodima telefonda gaplashib bo‘lib, trubkani qo‘ydi, so‘ng bufetchiga
yuzlandi: — Xo‘sh, xizmat?
— Men grajdanin artistni ko‘rmoqchi edim.
— Yo‘g‘-e? Albatta, shaxsan o‘zinimi?
— Ha, — dedi ma’yus ohangda bufetchi.
— So‘rab ko‘raman, — dedi xodima (chamasi, u taraddudda edi) va marhum Berlioz kabinetining
eshigini qiya ochib dedi: — Ritsar, bu yerga jikkakkina bir odam kelib, messirni so‘rayapti.
Kabinetdan Korovyovning hirqiroq ovozi eshitildi:
— Mayli, kirsin.
— Mehmonxonaga kiring, — deb eshikni ochdi behayo qiz xuddi odamlarga o‘xshab kiyingandek
soddagina qilib, so‘ng o‘zi dahlizni tark etdi.
Bufetchi taklif qilingan xonaga kirdiyu o‘zining nima ish bilan kelganini ham unutib qo‘ydi. Bu
yerning jihozlarini ko‘rib u hang-mang bo‘lib qolgan edi. Ulkan derazalarga qo‘yilgan rang-barang
oynalardan (dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan zargar bevasining orzu-havasi) xuddi cherkovlarda
bo‘lganidek g‘ayritabiiy nur yog‘ilardi. Bahor payti, kunlar issiq bo‘lishiga qaramay, qadimiy
mahobatli kaminda o‘tin lang‘illab yonib turardi. Ammo xona hech ham issiq emas, aksincha, bu yerga
kirib kelgan bufetchiga «gup» etib yerto‘la zaxi ufurdi. Kamin oldiga yoyilgan yo‘lbars terisi ustida
xirsday keladigan timqora mushuk ko‘zlarini halovatli suzgancha olovga tikilib o‘tirardi. Bu yerda
shunday bir stol ham bor ediki, xudojo‘y bufetchining ko‘zi unga tushishi bilan butun vujudi seskanib
ketdi: stol ustiga cherkov kimxobi yozilgandi. Mana shu kimxob dasturxon ustida mog‘or va chang
bosgan qorindor shishalar qalashib ketgan edi. Shishalar orasida bitta lagan yaraqlab ko‘rindi, uning
sof oltindan yasalgani bir qarashdayoq ma’lum edi. Kamin oldida kamariga pichoq qistirgan pak-
pakana malla odam uzun shamshirni six qilib, olovda kabob pishirar, go‘shtning seli olovga chak-chak
tomar, tutun esa mo‘rkon orqali chiqib ketayotgan edi. Bu yerda nafaqat kabob hidi, shuningdek,
allaqanday juda o‘tkir atir bilan ladan
17
hidi ham bor ediki, Berliozning halok bo‘lgani haqida
gazetadan o‘qigan va uning qaerda istiqomat qilganini bilgan bufetchining miyasida, tag‘in bu yerda
Berliozga janoza o‘qishgan bo‘lsa-ya, degan fikr paydo bo‘ldi, ammo shu zahoti buni g‘irt bema’nilik
deb bilib, ko‘nglidan faromush qiddi.
Esankirab qolgan bufetchi kugilmaganda kimningdir do‘rillagan salmoqli ovozini eshitdi:
— Xo‘sh, nima gapingiz bor edi menda?
Shunda bufetchi o‘ziga kerak bo‘lgan odamni ko‘rdi.
Jodugar hammayog‘iga yostiqlar yoyib tashlangan allaqanday judayam keng va pastak divanda
17
Ladan — diniy marosimlarda, shuningdek janoza paytlarida tutatiladigan ayrim o‘simliklarning xushbo‘y moyi.