www.ziyouz.com kutubxonasi
215
Restoran boshlig‘ining bu o‘ta shubhali nusxalar bilan qilayotgan muomalasini ko‘rgan ofitsiantlar
har qanday shubhani tark etib, ishga jiddiy kirishishdi. Biri cho‘ntagidan papiros qoldig‘ini olib
chekmoqchi bo‘lgan Begemotga gugurt chaqib tutdi, ikkinchisi yelib-yuturib, pichoq, qoshiq,
sanchiqlar yoniga kichkina ryumkalar, vino ichiladigan cho‘zinchoq ryumkalar va nafis qadahlarni
jaranglatib terib chiqa boshgladiki, bunday qadahlardan soyabon ostida o‘tirib, muzday narzan suvi
ichish kishiga huzur bag‘ishlaydi... yo‘q, voqeadan bir oz oldinlab ketib aytishimiz mumkinki... narzan
suvi ichish huzur bag‘ishlagan edi mashhur Griboedov rovoshshing soyaboni ostida.
— Bulduruqning biqin go‘shti bilan mehmon kilishim mumkin, — deb xirgoyi qilayotganday
ming‘illardi Archibald Archibaldovich. Mehmon uning taklifini to‘la-to‘kis ma’qulladi va
pensnesining darz ketgan benaf oynasi orqali unga iltifot bilan tikildi.
Qo‘shni stolda o‘z xotini bilan qovurilgan cho‘chqa go‘shti yeb o‘tirgan belletrist Petrakov-
Suxovey barcha yozuvchilarga xos bo‘lgan kuzatuvchanlik bilan Archibald Archibaldovichning
xushomadlarini ko‘rib, juda-juda taajjubda qoldi. Uning rafiqasi, g‘oyat muhtarama xonim esa
Archibald Archibaldovichni Korovyovdan qizg‘anib, hattoki... — nega bizga qaramay qo‘yishdi... axir
muzqaymoq tortishlari kerak-ku! Bu nimasi? — demoqchi bo‘lganday qoshiqchasi bilan stolni
to‘qillata boshladi ham.
Biroq Archibald Archibaldovich nazokatli jilva bilan ular tomon boqdi-yu, u yoqqa darhol
ofitsiantni yo‘lladi, o‘zi esa aziz mehmonlari oldidan jilmadi. Oh, zukko odam edi Archibald
Archibaldovich! Kuzatuvchanlikda esa har qanday yozuvchidan ham qolishmasdi. U Vareteda berilgan
sehrgarlik seansidan ham, shu keyingi kunlarda yuz bergan ko‘pgina hodisalardan ham voqif edi, lekin
bunaqa odamlarning aksi o‘laroq, «katak kamzulli» va «mushuk» degan so‘zlarni yodida mahkam
saqlab qolgan edi. Archibald Archibaldovich bu ikki mehmonning kimligini darrov fahmlab oldi.
Fahmlagach, turgan gapki, ular bilan janjallashib o‘tirmadi. Afsus, Sofya Pavlovna qovun tushirib
qo‘ydi-da! Tavba, kelib-kelib shu ikki mushtariyning yo‘lini to‘sib o‘tiripti-ya! E, nimaniyam
tushunardi u!
Petrakova xonim eriy boshlagan muzqaymoqqa kalondimog‘lik bilan qoshiqchasini niqtab
o‘tirarkan, allaqanday masxarabozlarga o‘xshab kiyingan ikki mushtariy o‘tirgan stol sathining
qandaydir sehr-jodu bilan turli noz-ne’matlarga to‘la boshlaganini g‘araz bilan kuzatardi. Ana, yangi
ikra bilan to‘ldirilgan vaza sathida yaraqlaguncha tozalab yuvilgan ko‘katlar paydo bo‘ldi... yana zum
o‘tmay, stolga olib kelib tirkalgan maxsus stolchada sovukdan terlagan kumush chelakcha paydo
bo‘ldi...
Archibald Archibaldovich faqat hamma narsa bekamu ko‘st muhayyo qilinganiga ishonch hosil
qilgach va usti yopilgan, ichida nimadir jiz-biz qilayotgan tova ofitsiantlar qo‘lida uchib kelib stol
ustiga qo‘ngandan keyingina ikki sirli mushtariyni tark etishga jur’at etdi, shunda ham ketishi oldidan
ularning qulog‘iga shipshishni unutmadi:
— Uzr! Bir daqiqaga! Bulduruq go‘shtidan shaxsan o‘zim xabar olmoqchiman.
U pildirab borib, restoran ichkarisiga kirib ketdi. Agar biron kishi Archibald Archibaldovichning
shundan keyingi o‘zini tutishini kuzata olganda edi, uning xiyla jumboqli harakat qilganini ko‘rgan
bo‘lardi.
Boshliq bulduruq go‘shtining pishishini kuzatgani oshxonaga emas, balki restoranning
omborxonasiga yo‘l olgan edi. U omborxonani o‘z kaliti bilan ochib kirib, eshikni ichidan berkitib
oldi, so‘ng yengini iflos qilmaslikka urinib, muzli dambadan ehtiyot bilan zilday-zilday ikkita qizil
baliqni olib, gazetaga o‘radi-da, ustidan avaylab kanop bilan bog‘ladi va bir chetga qo‘yib qo‘ydi.
Keyin qo‘shni xonaga o‘tib, shoyi astarli yozlik paltosi bilan shlyapasini ko‘zdan kechirdi, shundan
keyingina oshxonaga yo‘l oldi, bu yerda oshpaz mehmonlarga va’da qilingan bulduruq go‘shtini zo‘r
hafsala bilan pishirardi.
Shuni aytish kerakki, Archibald Archibaldovichning bu xatti-harakatlarida ajablanadigan yoki
shubhali hech nima yo‘q edi, faqat yuzaki kuzatgan odamgina uning raftoridan taajjub qilishi mumkin