www.ziyouz.com kutubxonasi
40
— Salom, zararkunanda! — jahl bilan baralla javob qildi Ivan.
Ryuxin judayam qattiq xijolat bo‘lganidan muloyim tabiat doktorga boshini ko‘tarib qarashga jur’at
eta olmadi. Lekin doktor hech ham xafa bo‘lmadi, chaqqonlik bilan ko‘zoynagini ko‘zidan oddida,
xalatining etagini ko‘tarib, shimining orqa cho‘ntagiga solib qo‘ydi, so‘ng Ivanga savol berdi:
— Yoshingiz nechada?
— Borlaring-e, jin ursin hammalaringni! — deb dag‘dag‘a qildi Ivan va yuzini teskari o‘girib oldi.
— Nega achchig‘ingiz chiqyapti? Axir sizni ranjitadigan gap aytmadim-ku!
— Yoshim yigirma uchda, — asabiylashib gapira boshladi Ivan. — Hammalaringning ustingdan
shikoyat qilaman. Ayniqsa, sening ustingdan, maraz! — dedi u Ryuxinga alohida yuzlanib.
— Xo‘sh, nima deb shikoyat qilmoqchisiz?
— Meni, soppa-sog‘ odamni tugib, jinnixonaga zo‘rlik bilan sudrab kelganingizni yozaman! —
g‘azablanib dedi Ivan.
Shunda Ryuxin Ivanning yuziga tikilib qaradiyu, yuragi orqasiga tortib ketdi: unipg ko‘zlarida
telbalikdan asar ham yo‘q edi. Griboedovda xira bo‘lib ko‘ringan uning ko‘zlari, endi yana avvalgi
holiga qaytib, porlab turardi.
«Yo tavba! — deb ko‘nglidan o‘tkazdi cho‘chib ketgan Ryuxin, — axir u soppa-sog‘-ku! Bu
qanday bema’nilik? Nimaga olib keldik o‘zi uni bu yerga? Mutlaqo soppa-sog‘, faqat basharasi
shilingan, xolos...».
— Siz, — deb bamaylixotir gap boshladi vrach oyog‘i yaltiroq oq kursiga o‘tirarkan, —
jinnixonada emas, shifoxonadasiz, bu yerda sizni, agar zarurat bo‘lmasa, hech kim ushlab turmaydi.
Ivan Nikolaevich unga shubha bilan ko‘z qirini tashladi, lekin shundayam g‘o‘ldirab dedi:
— Xudoga shukur! Hayriyat, bitta sog‘ odam bor ekan shuncha ovsarlar orasida, ammo ularning
ichida g‘irt ovsari — noshud va uquvsiz Sashka, albatta!
— Kim ekan o‘sha noshud Sashka? — deb so‘radi vrach.
— Anavida, Ryuxin! — javob qildi Ivan isqirt barmog‘i bilan Ryuxinga ishora qilib.
U g‘azabdan cho‘g‘dek qizarib ketdi.
«Minnatdor bo‘lish o‘rniga! — o‘kinch bilan o‘yladi u, — yaxshilikka yomonlik deb shuni
aytadilarda! G‘irt ablah ekan!».
Ivan Nikolaevich shu topda Ryuxinning avra-astarini ag‘darib fosh qilmoqchi bo‘ldi shekilli:
— U tabiatan g‘irt quloqning o‘zginasi, — deb gapida davom etdi, — quloq bo‘lgandayam proletar
niqobi bilan juda puxta niqoblangan quloq. Siz uning tumshaygan basharasiga qarang-u, yozgan
she’rlari bilan muqoyasa qilib ko‘ring! He-he-he... lekin siz uning diliga nazar tashlang — nimalarni
xayol qilayotganini bilsangiz... hayratga kelasiz! — Shunday deb turib Ivan Nikolaevich xunuk kulib
yubordi.
Cho‘g‘dek qizarib ketgan Ryuxin og‘ir nafas olar va nuqul: do‘st deb bag‘rimga bosganim ilon
bo‘lib chiqdi, men ashaddiy dushmanimga g‘amxo‘rlik qilgan ekanman, deb o‘ylardi. Yana eng chatoq
tomoni: uni hech nima qilib bo‘lmasdi: axir ruhiy kasal bilan olisha olmaysan-ku?!
— O‘zi nima uchun sizni bu yerga olib kelishdi? — deb so‘radi vrach Bezdomniyning fosh qiluvchi
gapini diqqat bilap tinglab bo‘lgach.
— E, ming la’nat bu haftafahmlarga! Tutib olib, allaqanday latta-puttalar bilan qo‘l-oyog‘imni
bog‘lashdi-yu, yuk mashinasiga ortib olib kelaverishdi!
— Yana bir savol: nima uchun restoranga ichki kiyimda bordingiz?
— Buning hech hayron bo‘ladigan yeri yo‘q, — javob qildi Ivan. — Moskva daryosiga cho‘milgani
boruvdim, kiyimlarimni o‘marib ketishipti, o‘rniga shu ro‘da-poni tashlab ketishipti! Axir Moskva
ko‘chalaridan qip-yalang‘och o‘tolmasdimku? Boriga baraka deb kiyib oldim, chunki restoranga
shoshayotuvdim, Griboedovga.
Vrach, tushunmadim, degandek Ryuxinga qaradi, u o‘shshaygancha g‘o‘ldirab tushuntirdi:
— Restoranning nomi shunaqa.